Buyuk Britaniya va Irlandiya oʻrtasida paromda sayohat qiluvchi yoʻlovchilar uchun pasportlar talab etiladi
Ilgari yoʻlovchilar shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlardan, masalan, haydovchilik guvohnomasi va milliy identifikatsiya kartalaridan (ID-karta) foydalanishlari mumkin edi.

Buyuk Britaniya va Irlandiya oʻrtasida paromda sayohat qiluvchi yoʻlovchilardan pasport talab qilinadi
Oʻzgarishlar Buyuk Britaniya Chegara xizmati (UK Border Force) qoidalariga muvofiqlashtirish maqsadida joriy etilmoqda.
Dushanba kunidan boshlab Buyuk Britaniya va Irlandiya oʻrtasida paromlarda sayohat qiluvchi yoʻlovchilar pasport koʻrsatishlari kerak boʻladi.
Irish Ferries kompaniyasining maʼlum qilishicha, yangi qoida uning Dublindan Xolihedga va Roslerdan Pembrukka yoʻnalishlarida ikkala tomonga ham amal qiladi.
Stena Line kompaniyasi ham Dublin, Xolihed, Fishgard yoki Rosler portlaridan sayohat qiluvchi barcha yoʻlovchilar roʻyxatdan oʻtish paytida amaldagi pasportni taqdim etishlari kerakligini bildirdi.
Shu paytgacha yoʻlovchilar shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlardan, jumladan, haydovchilik guvohnomalari va milliy identifikatsiya kartalaridan (ID-karta) foydalanishlari mumkin edi, biroq oʻzgarishlar Buyuk Britaniya Chegara xizmati qoidalariga muvofiqlashtirish maqsadida joriy etilmoqda.
Stena Line oʻz veb-saytidagi bayonotida ushbu oʻzgarish Buyuk Britaniya Chegara xizmatining "paromga chiqishdan oldin yoʻlovchilar maʼlumotlarining aniqligi va yaxlitligiga oid" talablarini qondirishini aytdi.
Irish Ferries ushbu talab barcha yoʻlovchilarga, jumladan Irlandiya va Buyuk Britaniya fuqarolariga taalluqli boʻlishini taʼkidladi va dushanba kunidan boshlab mazkur ikki yoʻnalishda haydovchilik guvohnomalari, milliy identifikatsiya kartalari va fotosuratli shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar qabul qilinmasligini qoʻshimcha qildi.
Irish Ferries kompaniyasining bildirishicha, Buyuk Britaniya yoki Irlandiya fuqarosi boʻlmagan va Buyuk Britaniyaga olti oygacha boʻlgan muddatga qisqa muddatli tashrif bilan kelayotgan yoʻlovchilarga Elektron sayohat ruxsatnomasi (ETA) kerak boʻlishi mumkin, bu hujjat Buyuk Britaniya, Jersi, Gernsi yoki Men oroliga olti oygacha boʻlgan muddatga sayohat qilish imkonini beradi.
Ikkala operator tomonidan pasport kartalari (Passport cards) ham qabul qilinadi.

