Jinoiy guruh migrantlarni nazorat qilish uchun pasportlardan foydalangan
Vyetnamlik migrantlarni Buyuk Britaniyaga olib keluvchi tarmoq ishi boʻyicha besh kishi hukm qilindi.

**Jinoiy guruh migrantlarni nazorat qilish uchun pasportlardan foydalangan**
Buyuk Britaniyaga noqonuniy olib kirilgan migrantlarning pasportlaridan «qarzdorlik asorati» sifatida foydalangan besh nafar erkak qamoq jazosiga hukm qilindi.
Jinoyatchilikka qarshi kurashish milliy agentligi (NCA) xabariga koʻra, jinoiy guruh Vyetnam fuqarolarini mamlakatga noqonuniy olib kirgan va 1,6 million funt sterlingdan ortiq mablagʻni legallashtirgan.
Tergovchilarning taʼkidlashicha, guruh migrantlar Frantsiyadan Buyuk Britaniyaga kichik qayiqlar va yuk mashinalarida yoʻl olishidan oldin ularning pasportlarini olib qoʻygan.
NCA maʼlumotlariga koʻra, ushbu hujjatlardan migrantlarni nazorat qilish uchun foydalanilgan, ayni paytda esa chegarani kesib oʻtish uchun toʻlovlar yigʻilib, Vyetnamga joʻnatilgan.
Tergovchilar 2024 yilning iyulidan 2025 yilning oktyabrigacha boʻlgan davrda ushbu shaxslar 740 ta tranzaktsiya orqali Vyetnamdagi hisob raqamlariga 1,65 million funt sterlingdan ortiq mablagʻ oʻtkazganini aniqladilar.
Tergovga aloqador avtomobildan 220 dan ortiq Vyetnam pasportlari topilgan.
Agentlik maʼlumotlariga koʻra, Koventridan boʻlgan 31 yoshli Vin Van Nguyen va Kuang Van Nguyen ushbu operatsiyaga rahbarlik qilgan.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari Kuangning toʻxtab turgan avtomobil yaqinida oʻzini shubhali tutayotganini payqab, uni 2025 yil 11 sentyabrda Birmingem markazida hibsga olishgan.
Avtomobil koʻzdan kechirilganda, uning yukxonasidan 16 700 funt sterlingdan ortiq naqd pul va bir joyga bogʻlab qoʻyilgan 220 ta Vyetnam pasporti, shuningdek, qoʻlda yozilgan qaydlar va avvalgi pul oʻtkazmalari kvitantsiyalari topilgan.
Tergov ikki oy oldin, Sharl de Goll aeroportidagi Frantsiya bojxona xodimlari Kuang nomiga yuborilgan joʻnatmani tutib qolganidan keyin boshlangan edi.
Ichida shokolad va kiyim-kechak bor deb koʻrsatilgan joʻnatmadan 22 ta Vyetnam pasporti chiqqan.
Keyingi surishtiruvlar Buyuk Britaniya boʻylab pochta boʻlimlari orqali amalga oshirilgan pul oʻtkazmalarini guruh aʼzolari bilan bogʻlagan.
NCA migrantlarning pasportlaridan «qarzdorlik asorati» sifatida foydalanilganini maʼlum qildi.
Tergov davomida musodara qilingan telefonlarning kriminalistik tahlili odam kontrandasi yoʻnalishlari, pasportlar va migrantlarning harakatlanishi haqidagi suhbatlarni fosh qildi.
Shuningdek, xodimlar migrantlarni «joʻjalar» deb atagan xabarlarni topishdi, NCA bu jinoiy guruh tomonidan qoʻllaniladigan jargon ekanini bildirdi.
NCA boʻlimi qoʻmondoni Sara-Jeyn Murning aytishicha, guruh foyda olish maqsadida migrantlarni tashishda «hech qanday vijdon azobini» his qilmagan.
Uning soʻzlariga koʻra, tergovchilar tomonidan topilgan xabarlardagi iboralar jinoiy guruhning oʻzlari olib kirgan odamlarga boʻlgan munosabatini koʻrsatadi.
Murning qoʻshimcha qilishicha, koʻplab migrantlar Buyuk Britaniyaga kelganlaridan keyin sayohat bilan bogʻliq qarzlarini toʻlashga urinib, yanada koʻproq qiyinchiliklarga duch kelishgan.
Tergov davomida topilgan kvitantsiyalar xodimlarga jinoiy guruhga aloqador pul oʻtkazmalarini kuzatishga yordam berdi.
Liverpul qirollik sudidagi ikki haftalik sud jarayonidan soʻng, Vin Buyuk Britaniyaga noqonuniy kirishga koʻmaklashish va jinoiy yoʻl bilan qoʻlga kiritilgan mulkni oʻtkazish boʻyicha til biriktirganlikda aybdor deb topildi.
34 yoshli Kuang va Lia-Chiyen Trong ikkala ayblovni ham oldindan tan olishgan edi, Roteremdan boʻlgan 28 yoshli Si Tray Xo va 23 yoshli Van Xui Nguyen esa sud boshlanganidan keyin oʻz ayblarini tan olishga qaror qilishdi.
Vin 12 yil-u olti oyga, Kuang toʻqqiz yil-u toʻqqiz oyga, Xui yetti yil-u ikki oyga, muqim yashash joyiga ega boʻlmagan Trong olti yilga, shuningdek, muqim yashash joyiga ega boʻlmagan Xo esa toʻrt yil-u olti oyga ozodlikdan mahrum etildi.

