Dunyoda faqat uch kishi pasportsiz xorijga chiqa oladi. Ular kim?

Dunyoda pasportsiz xorijga chiqa oladigan atigi uch kishi bor. Ular kim?
Xorijga safar qilish uchun dunyo aholisining deyarli barchasiga shaxsni tasdiqlovchi pasport zarur bo‘ladi. Biroq bu qoidadan istisno bo‘lgan uch kishi mavjud: Buyuk Britaniya qiroli Charlz III, Yaponiya imperatori Naruhito va uning rafiqasi Masako.
Britaniya monarxi pasportsiz sayohat qilish huquqini onasi — qirolicha Yelizaveta II vafotidan so‘ng meros qilib olgan. Qirollik oilasining rasmiy saytida ham “monarxga xorijga safar qilish uchun Britaniya pasporti kerak emas” deb yozilgan.
Oddiy pasport o‘rniga Charlz III nomiga maxsus hujjat tayyorlanadi. Unda hujjat egasining yo‘lini to‘smaslik, unga zarur himoya va ko‘mak ko‘rsatish so‘raladi. Britaniya qirollik oilasining boshqa a’zolari esa oddiy pasportdan foydalanadi.
Yaponiya imperatori Naruhito va uning rafiqasi Masako ham alohida maqomga ega. Shuningdek, ularning biror davlatga kirishda oddiy fuqarolar kabi tartib-taomillardan o‘tishi maqomiga mos emas, deb hisoblanadi.
Shu bois ularga pasport o‘rniga tegishli vazirlik hujjati beriladi. Biroq Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi ularning tashrifi haqida boriladigan davlatni oldindan xabardor qilishi shart. Bu istisno imperator oilasining boshqa a’zolariga tatbiq etilmaydi — ular diplomatik pasport bilan safar qiladi.
Ma’lumot uchun, Yaponiyada imperator oilasi a’zolarining familiyasi yo‘q. Shuningdek, Yaponiyada imperator Britaniya monarxi kabi ramziy shaxs bo‘lib, mamlakatni boshqarishda ishtirok etmaydi.

