Xitoy mamlakatga kirish va chiqish qoidalarini kuchaytirdi

Xitoy mamlakatga kirish va chiqish tartiblarini qat’iylashtirdi
Xitoy 15-sentyabrdan boshlab fuqarolar uchun mamlakatdan chiqish, xorijliklar uchun esa kirish qoidalarini kuchaytirdi. Bu mamlakat suvereniteti va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan bir qator cheklovlarni o‘z ichiga oladi.
Endilikda Xitoy hukumati ayrim davlat va hududlarga safar qilish bilan bog‘liq xavf-xatarlar yuzasidan ogohlantirishlar berib boradi. Xitoy fuqarolari ham, ularning xorijga chiqish hujjatlarini ko‘rib chiquvchi davlat idoralari ham ushbu ogohlantirishlarga rioya qilishi shart. Chet eldagi vaziyat u yerda yuz berayotgan hodisalar, jumladan, ehtimoliy qurolli nizolar, tabiiy va texnogen ofatlar, yuqumli kasalliklar tarqalishidan kelib chiqib baholanadi.
Zarurat tug‘ilganda migratsiya idoralari Xitoy va boshqa davlatlar fuqarolaridan safar maqsadlari haqida qo‘shimcha hujjatlar talab qilishi mumkin. Soxta hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, shaxsning mamlakatdan chiqishiga ruxsat berilmaydi.
Tegishli chora tovarlar va texnologiyalarga nisbatan eksport nazorati qoidalarini buzgan yoki “milliy texnologik xavfsizlikka” tahdid solgan fuqarolarga ham tatbiq etiladi. Xorijda huquqbuzarlik sodir etgan Xitoy fuqarolariga esa olti oydan uch yilgacha mamlakatni tark etish taqiqlanishi nazarda tutilgan.
Xorijliklar uchun cheklovlar ham belgilangan: viza rasmiylashtirishda yoki Xitoy chegarasini kesib o‘tishda noto‘g‘ri ma’lumotlar yoxud soxta hujjatlar taqdim etilsa, chet el fuqarolariga bir yildan 5 yilgacha mamlakatga kirish taqiqi qo‘yiladi. Immigratsiya, viza organlari yoki Xitoy qonunchiligiga muvofiq cheklov qo‘llangan chet el fuqarolarining mamlakatga kirishi ham cheklanadi.
Yangi qoidalar kirish va chiqish hujjatlarini rasmiylashtirishda noqonuniy vositachilik xizmatlarini ko‘rsatish, soxta taklifnomalar tayyorlash hamda litsenziyasiz bunday faoliyatni tashkil etganlik uchun 5 mingdan 50 ming yuangacha (740–7500 dollar) jarimani nazarda tutadi. Shu bilan birga, xorijiy kompaniyalar tomonidan bunday xizmatlar ko‘rsatilishi qat’iyan taqiqlanadi.
Ma’lumot uchun, 2025-yil 1-iyundan boshlab O‘zbekiston va Xitoy fuqarolari ikki davlat hududiga 30 kungacha vizasiz kirishi, undan chiqishi va tranzit o‘tishi yo‘lga qo‘yilgan. Biroq ushbu tartib mehnat faoliyati, o‘qish va media sohasi uchun amal qilmaydi. Qirg‘iziston ham xorijliklarni ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalarini yangilagan. Yangi qoidaga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari hech qanday qo‘shimcha hujjat rasmiylashtirmasdan, vizasiz tartibda har 120 kunlik (4 oylik) davr ichida jami 60 kungacha Qirg‘izistonda bo‘lishi mumkin. Avval ham o‘zbekistonliklar uchun shunday muddat amal qilgan, biroq chegaradan chiqib, qayta kirish orqali uni yangilab turish mumkin edi.

