Dunyo

Xitoy xorijda qonunni buzgan fuqarolarining chetga chiqishini cheklaydi

Xitoy 15-sentyabrdan boshlab mamlakatga kirish va chiqish tartibiga yangi qoidalar kiritmoqda. Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi tomonidan qabul qilingan qarorga ko‘ra, xorijda milliy xavfsizlikka va mamlakat manfaatlariga tahdid soluvchi noqonuniy yoki jinoiy harakatlar sodir etgan Xitoy fuqarolarining chet elga chiqishi vaqtincha cheklanadi.

Bunday fuqarolar Xitoyga qaytganlaridan so‘ng, ularga 6 oydan 3 yilgacha bo‘lgan muddatga xorijga chiqish taqiqlanishi mumkin. Bu qaror vakolatli davlat organlari, jumladan, Xitoyning diplomatik vakolatxonalari orqali ma’lumotlar tekshirilgandan so‘ng qabul qilinadi. Chegarani noqonuniy kesib o‘tgan yoki hujjatlarni g‘arazli maqsadlarda soxtalashtirgani uchun ma’muriy qamoqqa olingan fuqarolarga nisbatan ham shunday cheklov qo‘llaniladi.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan "xorijda qonun buzgan har qanday Xitoy fuqarosiga 5 yilga chet elga chiqish taqiqlanadi" degan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi ta’kidlandi. 5 yilgacha bo‘lgan taqiq muddati xorijiy fuqarolar uchun belgilangan bo‘lib, migratsiya va chegara qonunlarini buzgani uchun ularga Xitoyga kirish 1 yildan 5 yilgacha taqiqlanishi mumkin. Yangi qoidalar Xitoy Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilindi. Avgust oyi boshida Xitoyga kirish va chiqish qoidalari kuchaytirilishi haqida xabar berilgandi.

31-iyul kuni qabul qilingan ushbu 19 moddadan iborat nizom xorijga parvozlar xavfsizligini ta’minlash, mamlakatdan chiqish va kirish bo‘yicha arizalarga qo‘yiladigan talablarni aniqlashtirish hamda vositachilik xizmatlarini tartibga solishni nazarda tutadi.

**Chiqish qoidalari:**

Xitoy fuqarolari mamlakatni tark etish uchun topshiradigan arizada safar sababini qonuniy va aniq ko‘rsatishi, shuningdek, tekshiruv jarayonida hamkorlik qilishi shart. Taklifnoma yuborgan tashkilot yoki shaxs taqdim etilgan ma’lumotlarning haqqoniyligi uchun javobgar bo‘ladi. Agar yolg‘on hujjatlar yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilsa, immigratsiya organlari safar hujjatlarini berishni rad etishi yoki mamlakatdan chiqishni taqiqlashi mumkin. Bundan tashqari, Xitoy rasmiylari urush, qurolli mojaro, tabiiy ofat yoki yuqumli kasalliklar avj olgan hududlarga yo‘l olayotgan fuqarolarni ogohlantirib, bunday safarlardan voz kechishni tavsiya qiladi.

**Kirish qoidalari:**

Xitoy vizasi, mamlakatga kirish, qolish yoki yashash ruxsatnomasini olish uchun ariza topshirayotgan xorijliklar ham faqat to‘g‘ri va ishonchli ma’lumot taqdim etishi shart. Yolg‘on ma’lumot bergan, chegara tartibini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan yoki hujjatlarni qalbakilashtirgani uchun ma’muriy jazoga tortilgan shaxslarga Xitoyga kirish rad etilishi mumkin. Shuningdek, immigratsiya, viza organlari yoki Xitoy qonunchiligiga muvofiq cheklov qo‘llangan chet el fuqarolarining mamlakatga kirishi ham cheklanadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.