Buxorodagi neft-kimyo klasterini kengaytirishga 292 mln dollar investitsiya kiritiladi
2028-yil yakuniga qadar korxonaning yillik qayta ishlash quvvatini qo‘shimcha 400 ming tonnaga oshirish va 700 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Buxorodagi neft-kimyo klasterini kengaytirishga 292 mln dollar yo‘naltiriladi
Shavkat Mirziyoyev Buxoro tumanidagi Tekhnochem korxonasiga tashrif buyurib, neft-kimyo klasterining faoliyati hamda istiqboldagi loyihalari bilan tanishdi.
Davlat rahbariga klasterni kengaytirishning keyingi bosqichi haqida ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, 2028-yil oxirigacha 292 mln dollarlik investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida gaz kondensati va naftani qayta ishlash, aromatik uglevodorodlar hamda eritgichlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada korxonaning yillik qayta ishlash quvvati yana 400 ming tonnaga oshishi va 700 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, “Tekhnochem” korxonasi 69 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, unda qariyb 500 nafar xodim ishlamoqda. Klaster neft va gaz kondensati, nafta, metanol hamda piroliz distillyatini qayta ishlashga ixtisoslashgan. Ushbu yo‘nalishdagi majmua O‘zbekistonda yagona hisoblanadi.
Korxonada yiliga 100 ming tonna piroliz distillyati, shuningdek, 160 ming tonna nafta va gaz kondensatini qayta ishlash quvvati mavjud. Qayta ishlash jarayonida yoqilg‘i bilan birga kimyo sanoatida ishlatiladigan mahsulotlar ham olinadi. Jumladan, oktanbuster benzin sifatini oshirishda, eritgichlar esa bo‘yoq, lak, yelim va maishiy kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishda qo‘llanadi.
Korxona eksport hajmini ham oshirishni rejalashtirmoqda. Xususan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga yiliga 180 ming tonnaga yaqin neft-kimyo mahsulotlari, avtobenzin hamda dizel yoqilg‘isini eksport qilish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, 2028–2030-yillarda 150 ming tonna suyultirilgan gazni qayta ishlash loyihasini amalga oshirish bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishi texnologlar, muhandislar, kimyogarlar va laboratoriya mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyojni oshirishi kutilmoqda.
Shu munosabat bilan prezident hududda kasbiy ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Davlat rahbari klasterning eksport salohiyatini oshirish hamda yangi quvvatlar uchun malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha tavsiyalar berdi.

