Qorovulbozordagi neft omborida yongʻin roʻy berdi
Hodisa oqibatida 3 kishi jarohatlanib, shifoxonaga yotqizilgan. Yetkazilgan zarar miqdori hisoblanmoqda.

Qorovulbozordagi neft omborida yongʻin yuz berdi
Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga qarashli neft saqlash omborida sodir boʻlgan yongʻin natijasida uch kishi jarohat oldi.
FVV xabariga koʻra, 15-sentabr kuni soat 10:30 da 112 tizimidan Buxoro viloyati, Qorovulbozor tumani, «Choʻlquvar» MFY hududida joylashgan Qorovulbozor neft mahsulotlarini saqlash omboridagi sigʻim (rezervuar)lardan birida yongʻin chiqqani haqida FVBga xabar kelib tushgan.
Xabarga binoan qutqaruv boʻlinmalari zudlik bilan hodisa joyiga yetib borib, yongʻinni soat 11:18 da oʻchirgan. Yongʻinni bartaraf etishga 14 ta qutqaruv boʻlinmasi jalb etilgan.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, ombordagi yoqilgʻi sigʻimi (rezervuar) yonib zararlangan. Yongʻin oqibatida 3 kishi turli darajadagi kuyish tan jarohatlari olib Qorakoʻl tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.
Hozirda yongʻin sababi va zarari aniqlanmoqda.
Viloyat FVB, IIB, SSB rahbariyati va hamkor xizmat xodimlari voqea joyiga chiqqan.

