Buxoroda turizm obʼyektlariga olib boruvchi pullik yoʻllarni tashkil etish imkoniyatlari oʻrganiladi
Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida yoʻllarni taʼmirlashga xususiy investitsiyalarni jalb etish, avtobuslar yetkazib berishni va infratuzilmani rivojlantirishni jadallashtirishni topshirdi.

Buxoro viloyatida turistik obʼyektlarni bogʻlaydigan pullik avtomobil yoʻllarini qurish imkoniyatlarini oʻrganish nazarda tutilmoqda. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 noyabr kuni viloyatni kompleks rivojlantirishga bagʻishlangan yigʻilishda shunday topshiriq berdi.
Uchrashuvda yoʻl infratuzilmasi, jamoat transporti va kommunal xoʻjalik masalalari koʻtarildi. 2026 yil boshidan viloyat yoʻllarini yaxshilashga 900 mlrd soʻm ajratildi. Shu bilan birga, tirbandliklar, harakat xavfsizligi va yoʻlovchi tashishni tashkil etish bilan bogʻliq muammolar hamon saqlanib qolmoqda.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, viloyatda 2 ming kmga yaqin yoʻllar va 266 ta koʻprik taʼmirtalab holatda. Prezident infratuzilmani yangilash uchun xususiy kapitalni jalb qilish zarurligini taʼkidladi va turistik diqqatga sazovor joylar oʻrtasida pullik trassalar tashkil etish variantlarini ishlab chiqishni topshirdi.
Jamoat transportiga alohida eʼtibor qaratildi. Yoʻnalishlar tarmogʻining boʻsh rivojlangani sababli viloyat aholisining taxminan 80 foizi ishga, oʻqishga va kundalik yumushlari bilan yurishda shaxsiy avtomobillardan foydalanadi. Shu munosabat bilan viloyatga 120 ta avtobus yetkazib berishni jadallashtirish vazifasi qoʻyildi.
Prezident, shuningdek, Buxoro aeroporti va temir yoʻl vokzallarida yoʻlovchilar va turistlarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirishni topshirib, ushbu obʼyektlar mehmonlarda viloyat haqida ilk taassurot shakllanishida muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Bundan tashqari, viloyatdagi 55 ta mahallada markazlashgan suv taʼminoti yoʻqligi muammosini hal qilish zarur. Mutasaddi idoralarga suv tarmoqlarini qurish va foydalanishga topshirishning aniq muddatlarini belgilash topshirildi.
Boshqa vazifalar qatorida — mahalliy iqlim va Buxoroning tarixiy qiyofasini hisobga olgan holda daraxtlarni tanlash, shuningdek, yoʻl boʻyi hududlarini koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirishda yagona yondashuvni joriy etish bor.
Davlat rahbari, shuningdek, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalar uchun turar joy massivlari qurilishini jadallashtirishni talab qildi.

