Samarqand-Buxoro yo‘nalishida pulli yo‘l quriladi
Bu yo‘l ikki shahar o‘rtasidagi safar vaqtini hozirgi besh soatdan bir yarim soatgacha qisqartirish imkonini

Samarqand-Buxoro yo‘nalishida pulli yo‘l quriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida hudud iqtisodiyotini rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
– Buxoro iqtisodiyotiga, odamlarning kundalik hayotiga ijobiy o‘zgarishlar olib kiradigan 30 milliard dollarlik yangi tashabbuslar bilan kelganmiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Avvalo ichimlik suvi va oqova tarmoqlari bilan ta’minlash masalasi ko‘rib chiqildi. Bu yo‘nalishda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan 385 million dollarlik loyiha amalga oshirilmoqda. Uning ikkinchi bosqichi uchun yana 248 million dollar jalb qilinadi.
Shu tariqa viloyatning barcha tuman va shaharlarida 1,7 million aholining suv ta’minoti yaxshilanadi, 775 ming kishi kanalizatsiya tarmog‘iga ulanadi. Markazlashgan ichimlik suvi bilan qamrov hozirgi 80 foizdan 95 foizga yetkaziladi.
Prezidentimiz odamlar bu o‘zgarishlarni kutayotganini qayd etib, mas’ullarga loyihalarni tezlashtirish vazifasini berdi.
Viloyat transport aloqalarini yaxshilash bo‘yicha ham katta rejalar belgilangan. Joriy yilda Buxorodan o‘tuvchi A-380 avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish yakunlanadi.
Kelasi yil M-37 yo‘lining viloyat hududidagi 69 kilometr qismi yangilanadi. Qiymati 200 million dollarlik ushbu loyiha doirasida Buxoro shahri atrofida 4,5 kilometrli aylanma yo‘l ham barpo etiladi.
Samarqand – Buxoro yo‘nalishida sement-beton qoplamali zamonaviy pulli avtomobil yo‘lini qurish rejalashtirilgan. Bu yo‘l ikki shahar orasidagi safar vaqtini hozirgi besh soatdan bir yarim soatgacha qisqartirishi kutilmoqda. Shu yo‘nalishda tezyurar poyezd uchun yangi temir yo‘l liniyasi ham nazarda tutilgan.
Prezidentimiz mutasaddilarga avtomobil va temir yo‘l loyihalarining master-rejalarini yakunlash hamda hamkorlar bilan muzokaralarni boshlash bo‘yicha topshiriq berdi.

