Shavkat Mirziyoyev Buxoroda yirik xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi
Davlat rahbari tayyorgarlikni faqat tadbirlar o‘tkaziladigan joylar bilan cheklamasdan, transport, xizmat ko‘rsatish, xavfsizlik va shahar infratuzilmasini kompleks rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev Buxoroda yirik xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan yirik xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik holati bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Davlat rahbari kelgusidagi tadbirlar Buxoroning boy tarixiy merosi va bugungi salohiyatini namoyish etish bilan birga, viloyat taraqqiyotiga ham xizmat qilishi lozimligini ta’kidladi. Shu maqsadda tayyorgarlikni faqat tadbirlar o‘tadigan joylar bilan cheklab qo‘ymasdan, transport, xizmat ko‘rsatish, xavfsizlik va shahar infratuzilmasini yaxlit tarzda rivojlantirish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilishda oliy darajadagi uchrashuvlar hamda yirik xalqaro tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. Har bir vazirlik va idoraga xorijiy hamkorlar bilan o‘z yo‘nalishi bo‘yicha mazmunli muloqotga puxta tayyorgarlik ko‘rish, mamlakatimizdagi islohotlarning amaliy natijalarini ko‘rsatish va yangi qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Jamoat xavfsizligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Buxoroda zamonaviy vaziyat markazlarini ishga tushirish, jamoat joylari va sayyohlik obyektlaridagi vaziyatni raqamli texnologiyalar yordamida kuzatish, yo‘l harakatini boshqarish hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha rejalar muhokama qilindi. Mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olishda profilaktika inspektorlari va “mahalla yettiligi” hamkorligini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, qiymati 300 mln dollar bo‘lgan yangi xalqaro aeroport qurilishi, uni shahar bilan bog‘laydigan 23,5 kilometrlik yo‘lni barpo etish va yo‘l bo‘ylarini ko‘kalamzorlashtirish ishlari ko‘rib chiqildi. Temir yo‘l vokzallari atrofini obodonlashtirish, avtoturargohlar, yoritish, servis va jamoat transporti qatnovini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shahar va tumanlarni vokzallar bilan bog‘lash uchun qo‘shimcha 120 ta avtobus jalb etish belgilandi.
Buxoroning iqlim sharoitini inobatga olgan holda yashil hududlarni kengaytirish, daraxt va butalar ekish bilan birga, ularni parvarishlash uchun sug‘orish hamda drenaj tizimlarini tashkil etish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Xalqaro tadbirlardan investitsiya va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish yo‘lida foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Sanoat kooperatsiyasi, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, transport-logistika va eksport yo‘nalishlarida xorijiy sheriklar bilan amaliy kelishuvlarga erishish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, viloyatda qayta tiklanuvchi energetika loyihalari, elektr energiyasini uzatish va saqlash infratuzilmasini rivojlantirish ishlari muhokama qilindi.
Buxoroning tarixiy-madaniy merosi va sayyohlik imkoniyatlarini yanada kengroq namoyish etish bilan birga, mehmonlarni hududdagi zamonaviy korxonalar, qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi ishlar bilan bevosita tanishtirish muhimligi qayd etildi. Aholi bandligini ta’minlash, daromadlarni oshirish, sog‘liqni saqlash va madaniyat sohalaridagi o‘zgarishlarni ham amalda ko‘rsatish vazifasi qo‘yildi.
Mutasaddilarga hududlarga chiqib, ishlarning borishini shaxsan o‘rganish, muammolarni joyida hal etish va barcha vazifalar ijrosini qat’iy muvofiqlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

