Buxoroda koʻp qavatli uyda narkolaboratoriya fosh etildi - qariyb 11 kg «spays» olindi
Buxoro shahridagi xonadonda sintetik narkotik tayyorlash va sotish bilan shugʻullanganlikda gumonlanayotgan ikki shaxs ushlandi. Tezkor tadbirlar davomida xonadon va Kogon tumanidagi xufiyona joylardan jami 10 kilogramm 850 gramm «spays» moddasi olindi.

Buxoroda koʻp qavatli uyda narkolaboratoriya aniqlandi — qariyb 11 kg «spays» olindi
Davlat xavfsizlik xizmati bergan maʼlumotga koʻra, Bojxona qoʻmitasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbir chogʻida Buxoro shahrida faoliyat yuritgan narkolaboratoriya fosh etilgan.
Jondor tumanida yashovchi 27 va 29 yoshli ikki fuqaro internetdagi narkodoʻkonda «omborchi» va «kimyogar» vazifalarini bajargani aytilmoqda. Ular viloyat markazidagi koʻp qavatli uylardan birining xonadonida sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash va sotishni yoʻlga qoʻyganlikda gumon qilinmoqda.
Xonadon xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, u yerdan 6 kilogramm 650 gramm «spays», SIM-kartalar, respiratorlar, qoʻlqoplar, zip-paketlar, elektron tarozi va koʻp miqdorda tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Tezkor tadbir davomida Kogon tumanidagi xufiyona joylar ham tekshirildi. U yerlardan gumonlanuvchilar kichik qismlarga boʻlib yashirgani aytilayotgan yana 4 kilogramm 200 gramm «spays» topilib, protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 273 va 276¹-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

