Buxoroga 80 mln so‘mlik «gashish» keltirgan narkokurer ushlandi
0,38 gramm narkotik ortidan fosh bo‘lgan yirik jinoiy zanjir uzildi

Buxoroga 80 mln so‘mlik «gashish» olib kelgan narkokurer qo‘lga olindi
Buxoro tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
34 yoshli shaxs 0,38 gramm «gashish»ni 800 ming so‘mga sotayotgan paytda ushlandi. Uning yonidan yana 1,35 gramm, boshqaruvidagi avtomashinadan esa 10,47 gramm giyohvandlik moddasi topilib, rasmiylashtirildi. Gumonlanuvchi dastlabki ko‘rsatmasida ushbu moddalarni Toshkent shahridagi «Bek baraka» bozorida qo‘qonlik 35 yoshli tanishidan sotib olganini tan oldi.
Shundan keyin tezkor tadbir davom ettirildi. Surishtiruv jarayonida jinoiy sheriklardan biri navbatdagi narkotiklar partiyasini Buxoro shahriga olib kelishni rejalashtirgani ma’lum bo‘ldi. U har bir grammi 400 ming so‘mdan baholangan, umumiy qiymati 80 million so‘mlik jami 200 gramm «gashish»ni sotish uchun yo‘lga chiqqan.
Tezkor xodimlar gumonlanuvchi boshqaruvidagi oq rangli avtomashinani Buxoro «Karvon bozori» yaqinida to‘xtatishdi. Mashinadan 200 gramm «gashish» topilib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.
Gumonlanuvchilarga nisbatan O‘zbekiston JK 273-moddasi 6-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

