Buxoroda tomorqasida kannabis yetishtirgan fuqarolar aniqlandi

Buxoroda tomorqasida kannabis yetishtirgan fuqarolar fosh etildi
Buxoro viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar chogʻida Buxoro va Romitan tumanlarida giyohvandlik oʻsimliklarini noqonuniy yetishtirish bilan bogʻliq holatlar aniqlangan. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Buxoro tumanining Kunjiqalʼa mahallasida yashovchi fuqaroning xonadoni va tomorqasidan 46 tup kannabis topilgan. Ular uzoq muddat parvarish qilingani sababli yirik hajmga yetgan. Tayinlangan ekspertiza xulosasiga koʻra, ushbu taqiqlangan ekinlar keyinchalik sotish va moddiy manfaat olish maqsadida yetishtirilgani aniqlangan.
Shuningdek, Romitan tumanida yashovchi fuqaroning xonadoni va tomorqasi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, u ham qonunga xilof ravishda kannabis ekib, parvarishlab kelayotgani maʼlum boʻlgan. Xonadondan koʻk rangli polietilen paketga oʻralgan quritilgan modda ham topilib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq Namanganda xonadon tomorqasidan 839 tup kannabis topilgan edi. Shuningdek, Qashqadaryoda 201 kg kannabis, Toshkentda 2 kg gashish musodara qilingani haqida xabar berilgandi.

