Buxoroda 700 dollarga haydovchilik guvohnomasi olib bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Buxoroda haydovchilik guvohnomasini 700 dollarga olib berishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Buxoro viloyatida avtomaktab sertifikati va haydovchilik guvohnomasini noqonuniy yo‘l bilan olib berish evaziga fuqarolardan pul talab qilgan shaxslar hibsga olingan.
Qorako‘l tumanida yashovchi xususiy maktab o‘qituvchisi bir fuqaroga Navoiy viloyatidagi tanishlari orqali avtomaktabning uch oylik o‘quv kursini tugatganligi haqida sertifikat tayyorlab berishni taklif qilgan. Shuningdek, u B toifadagi haydovchilik guvohnomasini olish imtihonlaridan o‘tkazib berishni va’da qilib, bu xizmati uchun 700 dollar so‘ragan. Gumonlanuvchi tezkor tadbir davomida kelishilgan pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.
Shunga o‘xshash yana bir holat Buxoro shahrida qayd etilgan. Bu yerda ham gumonlanuvchi jabrlanuvchiga avtomaktab sertifikatini tayyorlab, o‘zining vakolatli tanishlari orqali imtihondan muvaffaqiyatli o‘tkazib berishni va’da qilgan. U ushbu xizmati uchun 2000 dollar talab qilgan va shahardagi oliygohlardan birining avtoturargohida 1900 dollarni olayotgan vaqtida hibsga olingan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan tergov va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Farg‘onada Turkiya soxta pasporti va haydovchilik guvohnomasini tayyorlab, sotayotgan jinoiy guruh aniqlangandi. Boshqa bir vaziyatda esa Toshkentda haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan shaxs Lacetti rusumli avtomobilda 11 yoshli bolani urib yuborgan.

