“Bu natijalar tasodifiy emas. Bu – maktab, bu – tizim, bu – oʻzbek shaxmatining yangi darajasi” – shaxmat chempionlari Koʻksaroyda taqdirlandi
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi va 3-Parashaxmat olimpiadasida tarixiy natijalarni qayd etgan Oʻzbekiston terma jamoalari aʼzolari Koʻksaroyda taqdirlandi. Uchrashuvda ularga davlat mukofotlari, uy-joy, avtomashinalar va pul mukofotlari topshirildi. Tadbirda oʻzbek shaxmatining erishgan natijalari, yaratilayotgan sharoitlar va kelgusidagi yangi marralar haqida soʻz yuritildi.

“Bu natijalar tasodifiy emas. Bu – maktab, bu – tizim, bu – oʻzbek shaxmatining yangi darajasi” – shaxmat chempionlari Koʻksaroyda taqdirlandi
Uchrashuv boshida prezident shaxmatchilarning bugungi yutuqlarini alohida eʼtirof etib, ularni “Yangi Oʻzbekiston qahramonlari, jahon shaxmat olamida yangi tarix yaratgan oltin avlod” deb atadi.
“Avvalo sizlarni yana bir bor 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida qoʻlga kiritilgan tarixiy gʻalaba bilan chin qalbimdan tabriklayman. Ikki karra Olimpiada chempioni degan yuksak va sharafli unvon barchamizga, butun Oʻzbekiston xalqiga muborak boʻlsin”, - dedi davlatimiz rahbari.
Javohir Sindorovning aytishicha, bugungi avlodning shaxmatga kirib kelishida avvalgi chempionlarning hissasi katta. Uning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonda shaxmatga berilayotgan eʼtibor va yaratilgan imkoniyatlar sportchilarga xalqaro maydonda oʻzini erkin namoyon etishga yordam bermoqda.
“Toʻgʻrisi, raqiblar bizni koʻrganda qoʻrqishsin. Men uncha-muncha raqiblardan qoʻrqmayman. Bizda shugʻullanishimiz uchun, kuchli boʻlib kelishimiz uchun hamma sharoitlar yaratilgan. Yurtimizda oʻynayapmiz, nega biz qoʻrqishimiz kerak? Raqiblar bizdan qoʻrqishsin”, - dedi Javohir Sindorov.
Shamsiddin Vohidovning soʻzlariga koʻra, musobaqaga tayyorgarlik jarayonida shaxmat partiyasining barcha bosqichlariga eʼtibor qaratilgan. Bu jarayonda jamoa kapitani va murabbiy Rustam Qosimjonov bilan muntazam mashgʻulotlar olib borilgan.
“Chempionatga ancha, hamma bosqichga eʼtibor qaratdik. Debyutdan tortib endshpilgacha, oʻyin oxirigacha, oʻyin boshlanishidan oʻyin oxirigacha tayyorgarlik koʻrdik. Yil davomida biz toʻrt-besh marotaba oʻquv-yigʻin mashgʻulotlarini oʻtkazdik, Olimpiadaga tayyorgarlik qildik”, - dedi u.
Terma jamoa bosh murabbiyi Rustam Qosimjonovning taʼkidlashicha, Olimpiadaga tayyorgarlik bir yildan ortiq davom etgan. Jarayonda shaxmatchilarning nafaqat oʻyin mahorati, balki jismoniy tayyorgarligi, ovqatlanishi va tiklanishigacha boʻlgan barcha jihatlar hisobga olingan. Eng muhimi, sportchilarning ehtiyoj va fikrlari ham eʼtibordan chetda qolmagan.
“2004-yilda jahon chempionatida yutganimdan keyin ozgina shaxmatda bum boshlandi. Bolalar shaxmat oʻynay boshlashdi. Lekin bu oʻzidan oʻzi yetarli boʻlmasdi, chunki shaxmat rivojlanishi uchun davlatda struktura kerak. Bizning davlatimizda bu strukturalar paydo boʻldi. Hozir shaxmatchilarda hamma narsa bor - trenerlar bor, musobaqalarga borishga, oʻynashga imkoniyatlar bor. Toshkentda koʻplab musobaqalar oʻtadi, Olimpiada Samarqandda oʻtdi. Hech qachon boʻlmagan narsalar hozir boʻlyapti. Bu imkoniyatlar uchun men ham, bizning shaxmatchilar ham cheksiz minnatdormiz”, - dedi u.
Uchrashuvda Oʻzbekiston ayollar terma jamoasining Olimpiadadagi ishtiroki ham alohida qayd etildi. Afruza Hamdamova, Gulruhbegim Tohirjonova, Umida Omonova, Nilufar Imomqoʻziyeva va Guldona Karimovaning natijalari eʼtirof etildi.
Yosh shaxmatchi Afruza Hamdamovaning aytishicha, professional shaxmat bilan birga taʼlimni davom ettirish oson emas. Shunga qaramay, u jamoaning Olimpiadadagi natijasini yuqori baholadi.
“Biz jamoa boʻlib yaxshi oʻynadik, deb oʻylayman. Oldingi Olimpiadalarda biz juda past hisoblanardik, lider hisoblanmasdik. Bu Olimpiadada esa 13-raqamli jamoa sifatida boshlab, doimo yuqori taxtalarda medal uchun kurashdik. Bu shaxmat Oʻzbekistonda nafaqat erkaklar, balki ayollar oʻrtasida ham rivojlanayotganini koʻrsatdi”, - dedi Afruza Hamdamova.
Taqdirlash marosimida sportchilar bilan birga ularning ota-onalari va yaqinlari ham qatnashdi. Ular uchun farzandining xalqaro maydondagi natijasi eʼtirof etilganini koʻrish alohida quvonchli lahza boʻldi.
Shaxmatchi Muhiddin Madaminovning onasi uchun esa bu kunning eng muhim lahzasi farzandining prezident bilan uchrashgani va mehnati qadrlanganini koʻrish boʻlgan.
“Prezident mashina berarmikan, uy berarmikan - bu haqda hali oʻylaganim yoʻq edi. Koʻproq, bolam ham oʻsha akalariga, Nodirbek va Javohirga oʻxshab, prezidentning yoniga kirib, qoʻlidan ushlab, yuzini yorugʻ qilib, ular qatorida turarmikan, degan oʻy boʻlgan.
Agar bu ishlarni grezidentimiz qoʻllab-quvvatlamaganida, balki natijalarning yarmiga ham erisha olmasdik. Chunki buning uchun juda katta mablagʻ kerak boʻladi. Oʻgʻlimizning oʻsishi bir payt toʻxtab qolgan edi. Keyinchalik nega bunchalik tez rivojlanganining sababi - grezidentimizning doimiy qoʻllab-quvvatlashi”, – dedi Madaminovning onasi.
3-Parashaxmat olimpiadasida Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Sirojiddin Zayniddinov bronza medalini qoʻlga kiritdi. Uning onasi farzandining uchinchi oʻrinni egallaganidan juda xursand boʻlganini aytdi. Uning fikricha, sportda natijaga erishish bilan birga, uni saqlab qolish va yanada yaxshilash ham muhim.
“Oʻgʻlim Sirojiddin Zayniddinni birinchi marta eshitganda, parashaxmatdan uchinchi oʻrin, bronza medal olganidan benihoyat xursand boʻldim. Uni ifodalash ham qiyin. Biz mana shu davlatimiz rahbariyati, prezidentimiz shunchalik sharoitlar qilib, bolalarimizni shunchalik ardoqlab, shunchalik yuqorilarga koʻtarib, shaxmat bilan shugʻullanishga sharoit yaratganliklaridan albatta minnatdormiz. Men shu fursatdan foydalanib, Samarqand ahliga ham benihoyat rahmat deyman. Negaki, 200 dan ziyod davlatdan 2000 dan ziyod shaxmatchi kelib, shu yerda tuzini ichib, rahmatini aytib ketganining oʻzim guvohi boʻldim. Shundan men oʻylaymanki, yana ikki yildan keyin, yana Olimpiadaga albatta shu olgan yutuqlarni ushlab, albatta... Yutuqni olish oson, lekin uni ushlab turish qiyin”, - dedi u.
Sirojiddin Zayniddinov esa Prezident bilan uchrashuv uning eng katta orzularidan biri boʻlganini taʼkidladi.
“Mening eng katta orzum - hurmatli prezidentimiz bilan uchrashish edi. Bunga erishdim. Men juda xursandman va bizlarga bunday sovgʻalar berib, bunday eʼtibor qaratayotganlaridan minnatdorman”, - dedi u.
Tadbir yakunida gʻolib va sovrindor sportchilar hamda ularning yaqinlari bilan esdalik uchun suratga tushildi. Shundan soʻng barcha gʻolib ishtirokchilarga prezident sovgʻalari - avtomashinalar topshirildi.

