Sport

«Shaxmat olamida yangi tarix yaratgan oltin avlod»: Prezident O‘zbekiston termasini tabrikladi

Yoqubboyevning hindistonlik Nihal Saringa qarshi bellashuvi haqiqiy dramatik jang bo‘ldi. Yangi O‘zbekiston vakilining eng qiyin

«Shaxmat olamida yangi tarix yaratgan oltin avlod»: Prezident O‘zbekiston termasini tabrikladi

O‘zbekiston termasi Samarqandda shaxmat olimpiadasida zafar quchgani haqida xabar berilgandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga tabrik yo‘lladi.

«Sizlar – Yangi O‘zbekiston qahramonlari, jahon shaxmat olamida yangi tarix yaratgan oltin avlodsiz. Butun xalqimiz sizlar bilan cheksiz faxrlanadi, g‘ururlanadi. Sizlar amaldagi Olimpiada chempioni – Hindiston jamoasini mag‘lub etdingiz. Qadimiy shaxmat maktabi va ko‘plab grossmeysterlarga ega bo‘lgan Xitoy jamoasi ustidan tarixiy g‘alabani qo‘lga kiritdingiz. Dunyo reytingida birinchi o‘rinni egallab kelayotgan, olti karra Olimpiada chempioni bo‘lgan AQSh jamoasidan ham ustun keldingiz.

Nodirbek Abdusattorov barcha o‘yinlar davomida mag‘lubiyat nima ekanini bilmasdan, chinakam jamoa lideri ekanini isbotlab, birinchi taxtada oltin medal sohibiga aylandi.

Nodirbek Yoqubboyev esa Turkiya, Hindiston, Xitoy va AQSh vakillariga qarshi murosasiz bahslarda chinakam iroda va matonat ko‘rsatib, jamoamiz uchun hal qiluvchi g‘alabalarni ta’minlaganini alohida ta’kidlab aytmoqchiman.

Ayniqsa, Yoqubboyevning hindistonlik Nihal Saringa qarshi bellashuvi haqiqiy dramatik jang bo‘ldi. Yangi O‘zbekiston vakilining eng qiyin vaziyatda nihoyatda topqirlik bilan qo‘llagan taktik yurishlarini ko‘rib, dunyo shaxmat muxlislari hayratdan qotib qoldi.

Yana bir mard o‘g‘lonimiz, Javohir Sindorov chempionlarga xos o‘yin ko‘rsatib, umumiy g‘alabaga katta hissa qo‘shdi.

Bunday yirik xalqaro musobaqada birinchi marta ishtirok etgan Muhiddin Madaminov o‘g‘limizning kuchli raqiblariga kutilmagan zarbalar bergani va birorta ham mag‘lubiyatga uchramagani yuksak bahoga munosibdir.

Shamsiddin Vohidov Hindiston, Turkiya va Vengriya vakillariga qarshi murosasiz o‘yinlarda o‘zini yo‘qotmasdan, muhim ochkolarni olishga erishgani ham muxlislar xotirasida saqlanib qoladi», deya ta’kidladi Prezident.

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi FIDE tomonidan 2026 yilda «Eng yaxshi federatsiya» nominatsiyasida g‘olib deb topilgani, tajribali murabbiy, grossmeyster Rustam Qosimjonov FIDEning faxriy vitse-prezidenti, Hulkar Tohirjonova FIDEning Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha mintaqaviy prezidenti etib saylanganini O‘zbekistonning shaxmat mamlakati sifatida obro‘-e’tibori oshib borayotganining yana bir dalili sifatida qabul qilinishi qayd etildi. Samarqand olimpiadasida parashaxmatchilarimiz ham ulkan jasorat ko‘rsatib, bunday o‘yinlar tarixida birinchi marta bronza medalini qo‘lga kiritishdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.