Navbatdagi maqsad – Yangi Oʻzbekistonni dunyo shaxmat markaziga aylantirish
FIDE reytingida 1500 dan yuqori ball toʻplagan shaxmatchilarning xususiy klublarda oʻqish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Navbatdagi vazifa – Yangi Oʻzbekistonni dunyo shaxmatining markaziga aylantirish
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandda oʻtgan shaxmat olimpiadasida erishilgan yutuqlar ortida sportchilarning ota-onalari, ilk ustozlari, murabbiylari hamda ularni qoʻllab-quvvatlagan jamoalar turganini taʼkidladi. Davlat rahbari jahon chempioni Rustam Qosimjonov oʻz tajribasi va bilimini yangi avlodga muntazam yetkazib kelayotganini alohida qayd etdi.
– Ustozning eng katta gʻalabasi – shogirdlarining undan ham baland marralarga chiqishidir!
Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasining FIDE tomonidan “Eng yaxshi federatsiya” deb tan olingani, Rustam Qosimjonovning FIDE faxriy vitse-prezidenti, Hulkar Tohirjonovaning esa Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy prezident etib saylangani mamlakatimizning jahon shaxmatidagi nufuzi oshib borayotganidan dalolat ekani aytildi.
Bu – maktab, bu – tizim, bu – oʻzbek shaxmatining yangi bosqichi,
2018-yilda qabul qilingan qaror asosida maktablarda shaxmat oʻqitish, murabbiylar tayyorlash va klublarni rivojlantirish yoʻlga qoʻyildi. Soʻnggi oʻn yil ichida Oʻzbekistondan 17 nafar shaxmatchi xalqaro grossmeyster unvonini oldi, ularning besh nafari ayollardir.
Davlat rahbari keyingi maqsadni belgilab berdi: Yangi Oʻzbekistonni nafaqat Olimpiada chempioni, balki dunyo shaxmat markaziga aylantirish. Buning uchun mamlakatda tajriba, natija va yoshlar uchun namuna boʻla oladigan chempionlar borligi taʼkidlandi. Ulardan ilhom olgan minglab bolalarning shaxmatga kirib kelishi yangi isteʼdodlarni aniqlash uchun mustahkam asos yaratadi.
Shu maqsadda har bir viloyat, tuman va mahallada iqtidorli bolalarni erta aniqlash, ularni kuchli ustozlarga biriktirish hamda xalqaro turnirlarda muntazam qatnashishiga sharoit yaratish vazifasi qoʻyildi. Qizlar shaxmati va parashaxmatni rivojlantirish uchun alohida tizim tashkil etiladi.
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Fargʻonada mintaqaviy filiallari ochiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball toʻplagan shaxmatchilarning xususiy klublarda oʻqish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Grand chess milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam oʻtkazib boriladi. Prezident Yangi Toshkentda 500 kishilik oʻyin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini qurishni taklif qildi.

