Boʻston tumani hokimining birdaniga ikki oʻrinbosari ozodlikdan mahrum qilindi
Andijon viloyati Boʻston tumani hokimining investitsiya va qishloq xoʻjaligiga masʼul sobiq oʻrinbosarlari qamalgani maʼlum boʻldi. Ular oʻzaro til biriktirib, 65 mln soʻm pora olganlikda ayblangandi. Hokim oʻrinbosarlari fermer xoʻjaligining 500 ming dollarlik eksport rejasini fiktiv operatsiyalar bilan yopib bermoqchi boʻlishgan.

Boʻston tumani hokimining biryoʻla ikki oʻrinbosari ozodlikdan mahrum etildi
Boʻston tumani hokimining investitsiya hamda qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha sobiq oʻrinbosarlari jinoiy javobgarlikka tortildi.
Sud hukmiga koʻra, 45 yoshli U.S. Boʻston tumani hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari, tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi vazifasida ishlagan. U tumandagi bogʻdorchilik va meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xoʻjaliklari tomonidan eksport rejasining bajarilishiga masʼul boʻlgan.
U.S. fermerlarga goʻyoki ularning nomidan eksport rejasini bajarishini, buning evaziga har bir gektar yer maydoni uchun 1 mln soʻmdan berishlari kerakligini aytgan. Hokim oʻrinbosari hududdagi fermer xoʻjaliklardan birining ish boshqaruvchisidan 5 gektar yer maydoni uchun 5 mln soʻm talab qilib, shundan 4 mln soʻmini pora sifatida olgan.
Shuningdek, U.S. Boʻston tumani hokimining oʻrinbosari, investitsiyalar, sanoat va savdo boʻlimi boshligʻi Sh.D. bilan til biriktirgan. Ikki oʻrinbosar bir guruhga birlashib, tumanda faoliyat yurituvchi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligining bogʻdorchilik va sabzavotchilikka moʻljallangan 65 gektar yer maydoni uchun goʻyoki ularning nomidan eksport rejasini bajarish evaziga 65 mln soʻm talab qilishgan. Sh.D. ushbu pulning 40 mln soʻmini pora sifatida olgan paytda tezkor tadbirda ushlangan.
JIB Qoʻrgʻontepa tuman sudi hukmi bilan U.S. va Sh.D. Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi tegishli bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. U.S.ga 6 yil, Sh.D.ga 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, sudlanuvchilar 2 yilga davlat yoki davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan.
Apellyatsiya va taftish instansiyalari dastlabki sud hukmini oʻzgarishsiz qoldirgan.

