“Xurjunida nonlar ko‘p edi” — Bo‘stonliqda terrorchilarga ko‘maklashgan cho‘ponni fosh etgan harbiy

“Xurjunida nonlar ko‘p edi” — Bo‘stonliqda terrorchilarga ko‘maklashgan cho‘ponni fosh etgan harbiy
Ko‘pchilik 2000-yilda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tog‘larida shafqatsiz janglar bo‘lib o‘tganidan bexabar. “Qarorgoh” ko‘rsatuvining 2000-yil avgust-sentyabr oylarida Bo‘stonliq tog‘larida kechgan janglar tahliliga bag‘ishlangan sonida zaxiradagi podpolkovnik Jahongir Shokirov harbiy harakatlar qanday kechgani haqida so‘zlab berdi.
2000-yil 15-avgust kuni Bo‘stonliqda jangari to‘dalar chegarani buzib o‘tgani haqida xabar keladi va ular avval katta leytenant Shuhrat Sobirov hamda uning qo‘l ostidagi uch nafar askarga duch keladi. Harbiylar bilan jangarilar o‘rtasidagi otishmada Sobirov halok bo‘ladi.
“Bu voqealar hali-hanuz avgust oyi kelganda ko‘z oldimizda turadi… Shuhrat Sobirov Andijonning Tuyachi qishlog‘idan. Safdoshimiz, kursdoshimiz. Mahmud Jalilov — u ham xuddi shu qishloqdan… Bir rotada, bir kursda, bir guruhda o‘qiganmiz. Shuhrat Chegara qo‘shinlarida ham parashyutdan sakrash tashkillashtirilyapti, o‘sha yerda parashyutdan sakrashni davom ettiraman, degan niyatda bir oy oldin o‘tgan edi”, deya eslaydi Shokirov.
Zaxiradagi harbiyning aytishicha, o‘shanda u uch nafar askar bilan birga Oqbuloq, Qorasoy yo‘nalishi bo‘yicha navbatchilikka chiqqan. Yo‘lda tinchlik hukm surayotgan, odamlar odatdagidek dam olayotgan, o‘z ishlari bilan band bo‘lgan: kimdir kartoshka kavlayotgan, kimdir olib kelayotgan bo‘lgan. U askarlar bilan to‘xtab tushlik qilgan. Dushman esa ularni aynan tushlik paytida tepadan kuzatib turgan…
Askarlar xizmatga endigina olti oy bo‘lgani uchun tajriba va malakaga ega emas edi. Shu paytda Surxondaryoning Uzun tumanida ham jangovar harakatlar davom etayotgan edi. Jahongir Shokirov ta’tilda, Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi uyida bo‘lgan. Zudlik bilan u Chirchiqdagi harbiy bilim yurtiga chaqiriladi.
“Ertasi kuni to‘qqizlarga bilim yurti rahbari general-mayor Feruz Usmonov, shaxsiy tarkib bilan ishlash bo‘yicha boshliq o‘rinbosari polkovnik Majidov bilan bir xonada turib vazifa olganmiz. Bolalar bilim yurti parkida texnikalarni shay holatga keltirgan. Yig‘ma batalyon tuzilgan, ‘seniki jangovar 1-batalyon’, deyishdi. Shuning uchun har bir kursantingning hayoti, har bir kursantingning qurol-yarog‘i, o‘q-dorilariga sen mas’ulsan deb, borib qabul qilish vazifalari qo‘yildi. Keyin parkka borib, biriktirilgan to‘qqizinchi rota shaxsiy tarkibini to‘laligicha qabul qilib olib, parkdan soat 12:00 larga yaqin yo‘lga chiqqanmiz”, deydi Jahongir Shokirov.
Harbiylar Toshkent viloyati Burchmulla qishlog‘idagi “Oltin yombi” pansionatiga joylashtiriladi. “O‘sha joylashgan joyimiz respublikamizga bostirib kirgan buzg‘unchi jangarilar bosib o‘tgan hududga yaqin va tayyorgarlik ko‘rsa bo‘ladigan, o‘sha yerda vertolyotlar bilan shaxsiy tarkibni jang maydoniga olib borib tashlasa bo‘ladigan qulay joy bo‘lgani uchun rahbariyat tomonidan shu yer tanlangan. Mudofaa vazirining ko‘rsatmasiga binoan bilim yurti rahbariyati shu yerni mo‘ljallagan. Biz kelganimizda hali ‘Oltin yombi’ pansionatida fuqarolar nima bo‘layotganini bilmagan… Soat 06:30–07:00 bo‘lgan, g‘ira-shira bo‘lib qolgan. Polkovnik Majidov vazifa qo‘ygan. Odamlarga yotig‘i bilan tushuntirilib, vahima qilmasdan, hammasi avtobuslarga mindirilib, sekin chiqarib yuborilgan”, deydi Shokirov.
Zaxiradagi ofitserning yodga olishicha, avgust oyida Burchmullada o‘t juda baland o‘sib ketgan. Uning bo‘yi 1 metr 90 santimetr bo‘lib, oldinda kelayotgan odam agar egilibroq yursa, ko‘rinmay qolgan… Bo‘linma Oqbuloq degan joyga borganda Shuhrat Sobirovning jasadiga duch keladi. U qo‘llari kesilgan, peshonasidan otilgan holatda bo‘lgan. Toshga “har biring bilan shunday holat yuz beradi”, degan yozuv qoldirilgan.
O‘zi jangarilarning Bo‘stonliqqa kirib kelishdan maqsadi nima bo‘lgan?
Shokirovning taxminicha, Bo‘stonliqqa hujum o‘sha paytda Sariosiyoda ham jadal janglar ketayotgani sababli chalg‘ituvchi manyovr bo‘lgan. Bundan tashqari, u yerda suv ombori joylashgan. Jangarilar go‘yoki suv omborini portlatmoqchi bo‘lib, harbiylarning asosiy kuchini shu tomonga yo‘naltirmoqchi bo‘lgan.
“Endi u suv omboriga borgan bo‘lsangiz, bilasiz, tepasining o‘zi 25-30 metr bo‘lsa, tagi 200 metr. Uni qoplarda olib kelingan tratil bilan portlatib, bir narsaga erishib bo‘lmasdi. Shunday bo‘lsa ham, agar suv platinadan o‘tsa, Toshkentgacha yetib kelishi, juda katta talafot yetishi aniq edi. Shu sababli bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun ham juda katta kuch tashlangan”, deydi u.
27-avgust kuni Jahongir Shokirov boshqarayotgan bo‘linma Mi-8 vertolyotida Chotqol tog‘ tizmasining Botkenga yaqin hududiga olib boriladi. Chunki dushman kuch ishlatish boshlanganidan keyin mamlakat hududidan chiqib ketishga urinishi mumkin edi. O‘zbekiston harbiylari pastdan tepaga emas, tepalikdan pastga tushishni ma’qul ko‘radi — bu jangchiga harakatlanish uchun ham oson edi.
Jahongir Shokirov bo‘linmasi bilan hududni ko‘zdan kechirayotgan paytda bir cho‘pon yigitni to‘xtatadi va uning otidagi xurjunda non ko‘pligiga e’tibor beradi. Cho‘pon vertolyotda “kerakli joyga” jo‘natiladi va undan muhim axborot olinadi.
“Ko‘zimga qarab turib ‘bolalarim bor, ularga olib borib berishim kerak’, dedi. Keyin bilsak, bolalari yo‘q. Gapirayotgan gaplarida talmovsirash boshlandi… Nonlar O‘zbekistonga kirib kelgan jangarilar guruhiga mo‘ljallanganini bildik”, deydi Shokirov.
Cho‘ponning xurjunlari to‘kilganda, ular ichida nondan tashqari asal ham borligi ma’lum bo‘ladi. Asallar alohida mayda cho‘plarga o‘ralgan bo‘lib, bu jangarilar harakat vaqtida ularni yeyishi oson bo‘lishi uchun edi. Bunday cho‘pli asallar soni 50 taga yaqin bo‘lgan.
Jangarilarga qarshi operatsiya Qirg‘iziston janubida ham olib borilgan. Qirg‘iziston kuch tuzilmalari ma’lumotiga ko‘ra, Botken viloyatining Laylak tumanida 40 nafargacha ekstremistdan iborat guruh harakat qilgan. Janglar baland tog‘li hududlarda kechgani hukumat qo‘shinlarining jangarilarni yo‘q qilish vazifasini murakkablashtirgan.
Olib borilgan tezkor harakatlar natijasida Bo‘stonliqqa kirib kelgan jangarilar guruhi yakson qilinadi.
Rossiyaning “Kommersant” nashri tomonidan 2000-yil 25-avgustda e’lon qilingan xabarda shunday deyiladi:
Rossiya Bosh shtabi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, general-polkovnik Valeriy Manilov agar tegishli murojaat kelib tushsa, Rossiya O‘zbekistonga harbiy-texnik yordam ko‘rsatishga tayyorligini yana bir bor bildirdi. Islom Karimov Rossiyaning bunday takliflarini xushmuomalalik bilan rad etdi.
Nashr voqealar ortida faqat tog‘lardagi janglar emas, balki mintaqadagi turli maxsus xizmatlar va siyosiy kuchlar manfaatlari to‘qnashuvi ham turganini ta’kidlagan. “Kommersant” manbalaridan birining aytishicha, mintaqada razvedka xizmatlarining bunday faolligi oxirgi marta Ikkinchi jahon urushi davrida, “Tehron-43” operatsiyasiga tayyorgarlik vaqtida kuzatilgan.
Nashr jangarilarning maqsadi Islom Karimov hokimiyatiga zarba berish bo‘lganini yozadi. Qirg‘iziston esa Farg‘ona vodiysiga kirish yo‘llaridan biri sifatida ko‘rilgan. Maqolada Farg‘ona vodiysida vahhobiylik tarafdorlari kuchli pozitsiyaga ega ekani ham qayd etiladi.
Tojikistonga esa alohida rol yuklangan, deb hisoblaydi nashr. Bir tomondan, “Kommersant” Tojikistonni O‘zbekiston islomiy harakati (O‘IH) jangarilarining asosiy tayanch hududlaridan biri sifatida ko‘rsatadi va ularga mamlakatdagi ayrim nufuzli mansabdorlar hamda kuch tuzilmalari vakillari homiylik qilganini da’vo qiladi.
Ikkinchi tomondan, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Markaziy Osiyodagi Rossiyaga eng yaqin siyosatchilardan biri sifatida tasvirlanadi. Nashrning fikricha, uning dunyoviy davlat qurishga va giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashishga urinishlari ekstremistik guruhlarning noroziligini keltirib chiqargan.
Shu sabab maqola muallifi O‘zbekistonga bostirib kirishning ikkinchi muhim maqsadi — Rahmonni qo‘shni davlatlar bilan qarama-qarshi qo‘yish va natijada Rossiyaning mintaqadagi ta’sirini zaiflashtirish bo‘lishi mumkinligini ilgari suradi.
“Kommersant”ning Toshkentdagi muxbiri qo‘liga qiziq bir hujjat tushgan. Unda Tojikiston kuch tuzilmalaridagi sobiq muxolifat dala qo‘mondonlarining maxfiy yig‘ilishi haqida so‘z borgan.
Hujjatda yig‘ilishda prezident gvardiyasi qo‘mondoni G‘affor Mirzoyev, favqulodda vaziyatlar vaziri Mirzo Ziyoyev hamda O‘IH yetakchilari qatnashgani aytiladi. Unda go‘yoki Emomali Rahmon ham ishtirok etgani qayd etilgan. Hujjatda Juma Namangoniy “bundan keyin ham O‘zbekistonga qarshi faol kurash olib borishini” Rahmon va boshqa ishtirokchilarga bildirgani yozilgan. Biroq nashrning o‘zi ham Rahmon nomining bu kontekstda tilga olinishi oldindan rejalashtirilgan provokatsiya bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.
Nashrning fikricha, qarshi kuchlarning sa’y-harakatlari Tojikiston va Rossiya yaqinlashuviga ma’lum darajada natija bergan. Xabarda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov va Qirg‘iziston prezidenti Asqar Akayev Yaltadagi MDH sammitida qatnashishdan bosh tortgani, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari uchrashuvida Rahmonni keskin tanqid qilgani eslatiladi.
“Kommersant” O‘zbekiston va Qirg‘iziston maxsus xizmatlari o‘sha paytga kelib yuqorida tilga olingan hujjat matnini o‘z prezidentlariga taqdim etgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.

