BMT: maktab endi xavfsiz maskan emas

**BMT: maktab endi xavfsiz maskan emas**
Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan dunyo bo‘ylab millionlab bolalar yana maktabga qaytdi. Ammo ko‘plab bolalar uchun maktablar endi xavfsiz joy bo‘lib qolmayapti. Bu haqda 9-sentyabr kuni nishonlanadigan “Xalqaro ta’limga qilingan hujumlarga qarshi kun” munosabati bilan BMT ma’lum qildi.
Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab qurolli nizolar ko‘lami kengayib bormoqda. Shu sabab ta’lim muassasalariga hujumlar soni ham xavfli tezlikda ortmoqda.
“Ta’lim har bir bola hamda yosh avlod vakili uchun yaxshiroq kelajakka chiptadir. U insonning asosiy huquqlaridan biridir. Ammo bu huquqdan foydalanish tobora xavfli bo‘lib bormoqda”, dedi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish.
U barcha davlatlar har bir bolaning ta’lim olish huquqini va maktablar xavfsizligini ta’minlashi shartligini ta’kidladi. Guterrish mojarolardagi tomonlarni maktablarga hujum qilmaslikka va aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi.
Shuningdek, u mamlakatlarni bolalar ta’limiga sarmoya kiritishga, Xavfsiz maktablar deklaratsiyasini qo‘llab-quvvatlashga hamda Ta’limni hujumlardan himoya qilish global koalitsiyasiga yordam berishga chaqirdi.
Ta’limni hujumlardan himoya qilish global koalitsiyasi hisobotiga ko‘ra, 2024–2025-yillarda dunyo bo‘yicha ta’limga 8,5 mingdan ortiq hujum qayd etilgan. Bu ko‘rsatkichning 40 foizga oshgani tarixdagi eng yuqori natija hisoblanadi.
Natijada kamida 10,6 ming o‘quvchi va o‘qituvchi halok bo‘lgan, yaralangan yoki o‘g‘irlangan. Harbiylarning maktablardan foydalanish holatlari esa deyarli ikki barobarga ko‘paygan.
BMT, shuningdek, 2025-yilda qurolli nizolar zonalarida bolalar huquqlarining 38 mingdan ortiq qo‘pol buzilishini tasdiqladi. Bu so‘nggi 30 yillik kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Bugungi kunda inqirozga uchragan 87 ta mamlakatda 258 million bola ta’lim olishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bu bir yarim yil oldingiga nisbatan 21 millionga ko‘p. Ularning 93 millioni umuman maktabga bormaydi.
Ta’limning yo‘qligi butun jamiyat uchun qimmatga tushadi. Mamlakatlar bo‘lajak shifokor, o‘qituvchi, muhandis va hokazolardan mahrum bo‘ladi. Maktabga bormaydigan qizlar jinsiy zo‘ravonlikka uchraydi. O‘g‘il bolalar esa qurolli guruhlarga majburan yollanish xavfi ostida qoladi. Bolalarning bilimsizligi global iqtisodiyotni zaiflashtiradi, hududlar tiklanishini sekinlashtiradi va nizolar davomiyligini oshiradi.
“Tolibon”dan ta’limga qo‘yilgan taqiqlarni olib tashlash talab qilinmoqda. Mamlakatda 2022-yil mart oyida qizlar o‘rta maktablardan, o‘sha yilning dekabr oyida esa ayollar universitetlardan chetlatilgandi.

