Hindistonda maktab o‘quvchilari ta’lim islohotlarini talab qilib namoyishga chiqmoqda

Hindistonda maktab o‘quvchilari ta’lim islohotlarini talab qilib ko‘chalarga chiqmoqda
Hindistonning kamida 10 ta shtatida maktab o‘quvchilari ta’lim muassasalaridagi sharoitlarni yaxshilashni talab qilib namoyishlar o‘tkazmoqda.
Norozilik aksiyalarida asosan davlat maktablarida tahsil olayotgan bolalar qatnashyapti. Ular yangi maktab binolari, yetarli o‘qituvchilar, partalar, ichimlik suvi, elektr energiyasi va hojatxonalar bo‘lishini talab qilmoqda.
22-avgust kuni Uttar Pradesh shtatidagi Samuhi Bxatpurva qishlog‘i boshlang‘ich maktabining 122 nafar o‘quvchisi darsga kirishdan bosh tortgan.
Maktab binosi eski va avariya holatida ekani aytilmoqda. 2023-yilda uning devorlaridan biri qulab, bir o‘quvchi qiz og‘ir jarohat olgan.
Bolalar yangi bino qurilishiga kafolat berilmaguncha darsga kirmasliklarini bildirgan. Shundan keyin mahalliy ta’lim idorasi vakili maktabga kelib, yangi bino qurilishini va’da qilgan.
Namoyishlarda 6—10 yoshli bolalar ham ishtirok etmoqda.
Uttar Pradeshdagi yana bir maktab o‘quvchilari ichimlik suvi, elektr energiyasi va parta yetishmasligidan shikoyat qilgan. Ayrim bolalar dars vaqtida polda o‘tirishga majbur bo‘layotganini aytgan.
Maharashtra shtatida esa o‘quvchilar o‘qituvchilar yetishmasligiga qarshi namoyish uyushtirgan. Bixardagi bir qishloqda esa 50 ga yaqin o‘quvchi maktabdagi ovqat sifati va ichimlik suvi yo‘qligidan norozi bo‘lib, yuqori lavozimli amaldor bilan uchrashish uchun 4 kilometr piyoda yurgan.
Hindistonda 1,5 mln maktabda qariyb 247 mln o‘quvchi ta’lim oladi. Ularning taxminan 70 foizi davlat, shtat yoki mahalliy hokimiyatga qarashli maktablarda o‘qiydi.
Mamlakatda 100 mingdan ortiq maktabda barcha sinflar uchun atigi bittadan o‘qituvchi bor. Bunday maktablarda jami 2,9 mln bola tahsil oladi.
Shu bilan birga, Hindistonda o‘quvchisi umuman bo‘lmagan 5,6 mingdan ortiq maktab ham mavjud.
Maktab o‘quvchilarining namoyishlari mamlakatda yoshlar ishtirokidagi noroziliklar ortidan boshlangan. 2026-yilda Gen Z vakillari imtihon savollarining tarqalib ketishi, ishsizlik va ta’lim tizimidagi muammolarga qarshi namoyishlar o‘tkazgandi.
15-avgust kuni yoshlar harakati School Thik Karo — “Maktablarni to‘g‘rilang” kampaniyasini boshlagan. Kampaniya doirasida maktablardagi sharoit o‘rganilib, o‘quvchilarning talablari qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Hindiston qonunchiligiga ko‘ra, 6 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ta’lim olish konstitutsiyaviy huquq hisoblanadi. Maktablarda xavfsiz bino, ichimlik suvi, sanitariya sharoiti va har 30 nafar o‘quvchiga kamida bitta o‘qituvchi bo‘lishi kerak.

