4 yoshda maktab, parta ustida uxlash, qayiqdagi dars: dunyoning turli mamlakatlarida bolalar qanday o‘qiydi?

4 yoshda maktab, parta ustida uxlash, qayiqdagi dars: dunyoning turli mamlakatlarida bolalar qanday o‘qiydi?
Dunyoda ta’limning hamma uchun bir xil va mukammal yagona modeli yo‘q. Bir davlatda bola muvaffaqiyatga eltuvchi yo‘l sifatida tinimsiz mehnat va yuqori natijani ko‘rsa, boshqasida uning mustaqilligi hamda ruhiy xotirjamligi ustuvor sanaladi. Yana bir mamlakat esa maktabni faqat bilim beradigan emas, balki yaxshi inson tarbiyalaydigan maskan deb biladi.
Bu tafovutlar bir savolni tug‘diradi: bolaga sifatli ta’lim berishda aslida nima muhimroq — qat’iy intizommi, erkinlikmi, tarbiyami yoki amaliy bilim?
**Xitoy: ta’lim eng muhimi**
“Tirik ekanmiz – o‘rganamiz. O‘lgunimizcha o‘qiymiz” — xitoylik o‘quvchining shiorida mubolag‘a yo‘q. Xitoyda oliy o‘quv yurtiga kirish ijtimoiy zinapoyadan ko‘tarilish va qashshoqlikdan chiqishning deyarli yagona yo‘li hisoblanadi, abituriyentlar orasidagi raqobat esa nihoyatda kuchli. Ayrim universitetlarda bir o‘ringa 200 nafargacha da’vogar to‘g‘ri kelishi mumkin. Shu sababli Xitoy maktablarida ertalabdan kechgacha astoydil o‘qish o‘ziga xos qadriyatga aylangan. O‘quvchi tongda, darslar boshlanishidan oldin uyda mustaqil shug‘ullanadi, keyin maktabga boradi, 16:00 dan so‘ng esa qo‘shimcha mashg‘ulotlarga yo‘l oladi.
Kun davomida bolalarning har biri 40 daqiqadan iborat o‘rtacha 7 ta darsga qatnashadi. Darslar orasida tushlik uchun bir soatlik tanaffus beriladi. Ayrim maktablarda shu paytda uxlashga ham ruxsat etiladi, chunki o‘quvchilar ko‘pincha katta yuklama sabab tunda yaxshi uxlay olmaydi. Tushlikdan keyingi yarim soatlik uyqu ham odat, ham fiziologik ehtiyojdir.
Maktab dasturini o‘zlashtirib, yuqori ball olishga ulgurish uchun bolalar materialni chuqur tahlil qilishdan ko‘ra, uni katta hajmlarda yodlaydi. Yodlash tanqidiy fikrlashni rivojlantirishni ko‘zlamaydi, biroq navbatdagi testni muvaffaqiyatli topshirishga yordam beradi. Xitoyliklar hayotidagi asosiy imtihon — oliy o‘quv yurtiga kirishda topshiriladigan “gaokao” — ularning maktab dasturini qanchalik eslab qolganini va qayta ayta olishini tekshiradi. Bu yerda yod olish qobiliyati ayniqsa asqatadi.
**Fransiya: maktabga diniy libosda kelish mumkin emas**
Fransuz jamiyatining Konstitutsiyada mustahkamlangan asosiy tamoyillaridan biri laïcité bo‘lib, u dunyoviylik (sekulyarizm) deb tarjima qilinadi. Bu tushunchaga ko‘ra, din va ijtimoiy hayot, ayniqsa siyosat, hech qanday tarzda bir-biriga aralashmasligi kerak. Bu dinga qarshilik emas — mamlakat aholisi istalgan dinga erkin e’tiqod qilishi mumkin. Ammo bu din davlat ishlariga va jamoat tartibiga ta’sir ko‘rsatmasligi kerak, degan bir necha asrlik qarashdir. Masalan, 2011-yilda Fransiyada jamoat joylarida yuzni yopib yurish noqonuniy deb topildi. Bu amalda musulmon ayollarning paranji yoki niqob kiyishini taqiqladi.
Shuningdek, Fransiyada maktablarda diniy libos kiyish man etilgan. Bu cheklov nafaqat abaya, kamis, kipa va hijob kiyishi mumkin bo‘lmagan musulmon erkak va ayollarga, balki boshqalarga ham tegishli. Jumladan, sikxlarga maktabda salla o‘rash, yahudiylarga kippa kiyish, nasroniylarga esa xoch taqish taqiqlangan. Qonun 2004-yilda qabul qilingan bo‘lsa-da, hanuz bahs-munozaralarga sabab bo‘lib kelmoqda va maktablarda muntazam ravishda qoidabuzarliklar qayd etiladi.
**Irlandiya: diniy kamsitishdan ko‘p konfessiyalilik sari**
Fransiya va Irlandiya aholining aksariyati katolik bo‘lgan mamlakatlar sanalsa-da, maktablarda dinga munosabatlari bir-biridan keskin farq qiladi. Irlandiyada boshlang‘ich maktablarning 93 foizi katolik maktablaridir. Yaqin vaqtgacha ular katolik bo‘lmagan o‘qituvchilarni ishga olmay qo‘yish hamda boshqa din vakillari, ayniqsa ateist bolalarni o‘quvchilar qatoriga qabul qilmaslik huquqiga ega edi. Ko‘plab ota-onalar farzandlariga ta’lim berish uchungina ularni cho‘qintirishgan. Irlandiya faqat 2018-yilga kelibgina katolik boshlang‘ich maktablarida diniy asosda saralashni bekor qilish haqidagi qonunni qabul qildi. 2022-yilga kelib, qayd etilgan cho‘qintirishlar sonida sezilarli pasayish kuzatildi.
Ko‘p konfessiyali maktablar — Irlandiyadagi yangi turdagi ta’lim muassasalari bo‘lib, ularning maqsadi plyuralizmni ilgari surishdir. Hozir respublikada 166 ta (5%) ko‘p konfessiyali boshlang‘ich maktab mavjud.
**Bangladesh: qayiqdagi darslar**
Bangladesh hududining 70 foizi dengiz sathidan bir metrdan past joylashgan. Mamlakat bir vaqtning o‘zida ham yomg‘irlar mavsumidagi suv toshqinlaridan, ham Himolaydan keladigan yog‘ingarchilikdan aziyat chekadi. Shu sababli har yili mamlakat umumiy maydonining beshdan bir qismini suv bosadi.
Toshqinlar paytida maktablar yopilishiga to‘g‘ri keladi, buning natijasida millionlab bolalar ta’lim olish imkonidan mahrum bo‘ladi. Shu bois Bangladesh hukumati innovatsion yechimni joriy etishga majbur bo‘ldi: qayiqlarda maktablar tashkil etish. Ularning aksariyati quyosh batareyalarida ishlaydi. Bunday suzuvchi maktablar tufayli bolalar odatda haftalab va oylab davom etadigan ekstremal ob-havo sharoitida ham o‘quv jarayonidan uzilib qolmaydi.
Maktab-qayiqlar o‘quvchilarni qirg‘oqbo‘yi qishloqlaridan olib ketadi, so‘nggi manzilga langar tashlab, bortda kichik guruhlarda dars o‘tadi. Mashg‘ulotlardan keyin qayiqlar o‘quvchilarni uylariga olib borib qo‘yadi va keyingi guruhlarni yig‘adi. Har bir bunday maktab 30 o‘quvchiga mo‘ljallangan sinfxona, internetga ulangan noutbuk va kutubxonaga ega bo‘lib, 4-sinfgacha bo‘lgan boshlang‘ich ta’limni ta’minlaydi.
**Yaponiya: qanday qilib yaxshi inson bo‘lish mumkin?**
Yapon maktabining asosiy maqsadi — munosib fuqaro tarbiyalashdir. Ta’lim yo‘nalishi va o‘quvchining yoshidan qat’i nazar, har bir dasturga matematika va yapon tili kabi fanlar bilan birga axloqiy tarbiya fani ham kiritilgan. Bu fan butun o‘quv jarayoni davomida o‘qitiladi. 1–2-sinflarda bolalarga odob-axloqning asosiy qoidalari o‘rgatilsa, 3–4-sinflarda bu dastur “Kundalik hayotda ijtimoiy xulq-atvor me’yorlariga rioya qilish” deb ataladi. 5–6-sinf o‘quvchilari jamiyatga qanday foyda keltirishni o‘rganadilar, o‘rta maktabda esa “Munosib hayot kechirish zarurligini anglash” nomli blok joriy etiladi. Yapon o‘qituvchilari orasida Yaponiya Ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligi tomonidan nashr etiladigan Dotoku kyoiku (“Axloqiy ta’lim”) jurnali ancha mashhur. Unda axloqni o‘qitish bo‘yicha uslubiy ishlanmalar va tavsiyalar chop etib boriladi.
Yapon maktab o‘quvchilarining ongiga odobli inson fazilatlari singdiriladi hamda axloqning asosiy tamoyillari — hamdardlik, mehr-oqibat, iroda, bag‘rikenglik, adolat, o‘z madaniyatiga muhabbat va vatanga sadoqat o‘rgatiladi. Shu bilan birga, mehnatsevarlik, chidamlilik va ijtimoiy manfaatning hamma narsadan ustunligiga alohida urg‘u beriladi.
**Niderlandiya: to‘rt yoshda birinchi sinfga**
Niderlandiyada bolalar to‘rt yoshga to‘lgan kunida maktabga borishadi, shu bois yil davomida sinfga doim yangi o‘quvchilar qo‘shilib turadi. Bunday yondashuvning maqsadi — barcha o‘quvchilar bir xil rivojlanish darajasiga yetib, darslarni boshlashini ta’minlashdir. To‘g‘ri, yoshi kattaroq o‘quvchilarda, masalan, yil oxirida tug‘ilganlarga qaraganda, sinfga moslashish va do‘st orttirish uchun ko‘proq vaqt bo‘ladi. Shunga qaramay, gollandiyalik bola aynan to‘rtinchi tug‘ilgan kunida o‘zining birinchi sinfiga qadam qo‘yishi mumkin.
Besh yoshdan boshlab bolalar maktabga borishi majburiy bo‘lib qoladi. Va bu juda yoqimli majburiyat — UNICEF tadqiqotlariga ko‘ra, Niderlandiya Qirolligi o‘quvchilari dunyodagi eng baxtli bolalardir. Gollandiyalik o‘quvchilarning baxtli bo‘lishi sababi shundaki, bu yerda bolalarning mustaqilligi va erkinligiga katta hurmat bilan qaraladi. Mamlakat maktab tizimi boshqa davlatlarnikiga qaraganda natijadorlikka kamroq yo‘naltirilgan: bolalarga tanlash imkoniyati beriladi, vaqtlarini o‘ynab, ijtimoiy ko‘nikmalarni rivojlantirib va o‘z ustuvorliklarini belgilab o‘tkazishlariga ruxsat etiladi. Shu bilan birga, Niderlandiyada bolalar yomon o‘qimaydi — mamlakat ta’lim darajasi bo‘yicha dunyoning yetakchi o‘nta davlati qatoriga kiradi.
**Singapur: yosh va samarali maktab ta’limi tizimi**
Singapur xalqaro ta’lim reytinglarida bir necha bor yetakchi o‘rinlarni egallagan. Muvaffaqiyat kalitlaridan biri — ta’limga o‘yin usulida yondashishdir.
Singapurlik bolalar sonlar bilan amallar bajarishdan oldin qog‘oz yoki doskada meva, shirinlik yoxud o‘quvchilar aks etgan suratlarni chizadi, chiziqli va blokli diagrammalar bilan ishlaydi. Har bir hisob-kitob, xoh u qo‘shish, bo‘lish yoki kasr bo‘lsin, matematik tilga o‘tkazilishidan avval aniq bir hayotiy misol orqali tushuntiriladi. Bolalar 6-sinfgacha nafaqat misol va tenglamalarni, balki hayotiy muammolarni ham tizimlashtirish va modellashtirishni o‘rganadi, chunki ular yoshligidanoq matematikaning amaliy ahamiyatini anglab yetadi. O‘yin usullari boshqa fanlarda ham qo‘llaniladi: masalan, elektr energiyasi prinsiplarini yaxshiroq tushunish uchun o‘quvchilar robot yasaydi. Biroq ta’limning har bir bosqichi qat’iy testlar bilan birga olib boriladi va bu o‘quvchilarni PSLE (Primary School Leaving Examination) — boshlang‘ich maktabni bitirish imtihoniga bosqichma-bosqich tayyorlaydi.
O‘rta maktabda bolalar yana 4–5 yil, ya’ni taxminan 17 yoshgacha ta’lim oladi. Bu davrda ular 5 ta asosiy fanni (ingliz tili va qo‘shimcha til, matematika, bitta gumanitar va bitta tabiiy fan) chuqur o‘rganadi, shuningdek, 5 tadan 10 tagacha qo‘shimcha fan tanlaydi.
Singapurda baholar yuz ballik tizimda qo‘yiladi. Bu mamlakatda o‘qituvchilar o‘quvchilarning o‘zlashtirishini ochiq muhokama qilmaydi, shu sababli o‘quvchilar sinfdoshlarining baholarini bilmaydi.
Har semestr oxiridagi testlar natijalariga ko‘ra to‘plangan ballar report card (o‘zlashtirish tabeli) deb ataladigan hujjatga kiritib boriladi. Shuningdek, o‘qituvchi kundalikka o‘quvchi haqida qisqacha tavsifnoma yozadi. Masalan, u odamlar bilan yaxshi til topishadi, ingliz yoki xitoy tilida erkin so‘zlashadi, darslarda javob beradi, ammo matematikada qiyinchiliklari bor.
**O‘zbekiston-chi?**
O‘zbekiston ta’lim tizimining o‘ziga xos jihatlaridan biri — akademik bilim bilan bir qatorda tarbiyaga ham katta ahamiyat berilishidir. Maktablarda o‘quvchilarga nafaqat fanlarni o‘zlashtirish, balki Vatanga muhabbat, kattalarga hurmat, jamoada o‘zini tutish kabi qadriyatlar ham singdiriladi. Shu jihatdan O‘zbekiston maktablaridagi yondashuvni Yaponiyadagi axloqiy tarbiya an’analariga ma’lum darajada qiyoslash mumkin.
Biroq ta’lim tizimida muammolar ham yo‘q emas. Hududlar o‘rtasidagi ta’lim sifati tafovuti, ayrim maktablarda o‘quvchi va o‘qituvchilar sonining ko‘pligi, zamonaviy ta’lim metodlarini barcha hududlarda bir xil darajada joriy etish masalasi hamon dolzarb. Bundan tashqari, o‘quvchini faqat test va imtihon natijalariga qarab baholashdan ko‘ra, uning mustaqil fikrlashi, muammoni hal qila olishi, ijodkorligi va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish tobora muhimlashib bormoqda.
Dunyoning turli mamlakatlaridagi ta’lim tizimlariga nazar tashlar ekanmiz, ularning hech birini mutlaq ideal deb bo‘lmaydi. Har bir model jamiyatning ehtiyojlari, madaniyati va tarixiy sharoitidan kelib chiqqan. Shunga qaramay, ularning har biridan ta’lim sifatini oshirish uchun foydali jihatlarni topish mumkin.
Shunday ekan, O‘zbekiston uchun eng maqbul yo‘l boshqa bir davlatning ta’lim tizimini to‘liq ko‘chirib olish emas. Aksincha, turli mamlakatlarning eng samarali jihatlarini birlashtirish kerak: Xitoydan — intizom va mehnatsevarlikni, Yaponiyadan — tarbiyani, Niderlandiyadan — o‘quvchi mustaqilligini, Singapurdan — amaliy va tizimli fikrlashni, Bangladeshdan esa sharoitga moslashuvchanlikni o‘rganish mumkin.
Buning uchun ta’limdagi asosiy savolni o‘zgartirish kerak: “O‘quvchi qancha ma’lumot yod oldi?” emas, balki “U olgan bilimini qanchalik tushundi va hayotda qo‘llay oladi?” degan savol muhimroq bo‘lishi lozim.

