Dunyo

Afg‘onistonda 2,4 million qiz ta’lim olish imkonidan mahrum — YUNESKO

Afg‘onistonda 2,4 million qiz o‘rta maktabda o‘qish imkoniyatidan mahrum bo‘lib, YUNESKO “Tolibon” hukumatini ayollar ta’limiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishga chaqirdi, deya xabar berdi Al Jazeera.

Mamlakatda o‘rta maktabda ta’lim ololmayotgan qizlar soni 2025-yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 200 ming nafarga oshgan. 2030-yilga borib bu raqam qariyb 4 millionga yetishi mumkin. Afg‘oniston qizlar va ayollarga o‘rta maktab hamda universitetlarda ta’lim olishi taqiqlangan dunyodagi yagona davlatdir. Ayollarga nisbatan joriy etilgan ko‘plab cheklovlar tufayli BMT mamlakatdagi vaziyatni “gender aparteidi” deb atagan.

2022-yil mart oyida qizlar o‘rta maktablardan, o‘sha yilning dekabr oyida esa ayollar universitetlardan chetlatildi. Bu AQSH va ittifoqchi qo‘shinlar Afg‘onistondagi 20 yillik harbiy ishtirokini yakunlab, mamlakatni tark etganidan va “Tolibon” hokimiyatga qaytganidan bir necha oy o‘tib sodir bo‘ldi.

“Tolibon” ma’muriyati ayollarning o‘g‘il bolalarga dars berishini ham taqiqladi. Natijada ta’lim tizimidagi malakali ayol o‘qituvchilar o‘rnini erkaklar egalladi. YUNESKO 2030-yilga borib 11 mingdan ortiq malakali ayol o‘qituvchi yetishmasligini prognoz qilmoqda.

BMTning ta’kidlashicha, qizlar va ayollarga ta’lim olishni taqiqlash Afg‘oniston ta’lim tizimi va iqtisodiyotiga bosim qilayotgan qator muammolarni yanada kuchaytiradi. Ko‘plab ta’lim muassasalari zarur sharoitlar bilan yetarlicha ta’minlanmagan. Maktablarning qariyb yarmida suv ta’minoti, sanitariya sharoitlari yoki isitish tizimi mavjud emas. So‘nggi besh yil ichida tabiiy ofatlar sabab qariyb mingta maktab yopilgan.

Boshlang‘ich ta’lim darajasida esa 2 milliondan ortiq bola maktabga bormaydi. 10 yoshli bolalarning 90 foizi oddiy matnni o‘qib, tushuna olmaydi. Bu mamlakatdagi savodxonlik darajasining 37 foizgacha tushishiga sabab bo‘lgan.

“Tolibon” hukumati qizlarning ta’lim olishini taqiqlashni bekor qilish bo‘yicha global chaqiriqlarni, jumladan, musulmon davlatlarining talablarini ham e’tiborsiz qoldirmoqda.

“Tolibon” hokimiyatga kelganidan beri Afg‘onistonda ayollarga nisbatan joriy etilgan ayrim taqiqlar quyidagilar:

* afg‘onistonlik ayollarning BMT idoralarida ishlashi;

* erkaklarga ayollar uchun kiyim tikish;

* ayollarning erkak shifokorlarga borishi;

* ayollarning shifoxonaga yolg‘iz borishi;

* ayollarning istirohat bog‘iga tashrif buyurishi;

* oilalar va ayollarning bog‘lari yoki yashil hududlari bo‘lgan restoranlarga kirishi;

* ayollar ovozi eshitilgan reklamalarni efirga uzatish;

* ayollarning burqasiz davlat idoralariga kirishi;

* ayollarning sotuvchilari bilan savdolashishi taqiqlangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.