Bloger Sirojiddin Adilov firibgarlik va tovlamachilik uchun toʻrt yilga qamaldi

Bloger Sirojiddin Adilov firibgarlik va tovlamachilik uchun toʻrt yilga ozodlikdan mahrum etildi
Bloger va Sirojiddin media loyihasi rahbari Sirojiddin Adilov tovlamachilik va firibgarlik ishi boʻyicha toʻrt yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Hukmni 5 oktyabr kuni Jizzax viloyati Mirzachoʻl tuman sudi chiqardi, Adilov jazoni manzil-koloniyada oʻtaydi.
Sud aniqlashicha, erkak tovlamachilik yoʻli bilan bir kishidan 12 million soʻm, firibgarlik yoʻli bilan esa boshqa ikki kishidan 30 va 33 million soʻm olgan. Umumiy zarar 75 million soʻmni tashkil etdi. Jizzax viloyat sudi xabar berishicha, pullar toʻliq qoplangan.
Himoya tomoni Adilovning aybini tan olmadi. 24 sentyabrdagi majlisda prokuror unga olti yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni soʻragan, advokatlar va jamoat himoyachilari esa oqlashni talab qilgan edi. Yakunda sud toʻrt yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Eslatib oʻtamiz, Adilov shu yilning mart oyida Samarqandda qoʻlga olingan edi. Sud jarayoni 20 iyul kuni Jizzax shahar sudida boshlangan, shundan soʻng ish koʻrib chiqish uchun Mirzachoʻl tuman sudiga oʻtkazilgan edi.

