Mahalliy

“Ayblovni ‘tuhmat xulosasi’ desak to‘g‘riroq bo‘ladi” — bloger Sirojiddin Odilov

“Ayblovni ‘tuhmat xulosasi’ desak to‘g‘riroq bo‘ladi” — bloger Sirojiddin Odilov

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tumanida 24-sentyabr kuni o‘tkazilgan sud majlisida prokuror ayblanuvchi bloger Sirojiddin Odilovga 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilishini so‘radi. Bu haqda sud jarayonida qatnashgan “Daryo” muxbiri xabar berdi.

Mart oyida “Sirojiddin Media” nomi bilan tanilgan bloger Sirojiddin Odilov firibgarlikda gumon qilinib, qamoqqa olingan edi. Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 2-qismi va 211-moddasi (pora berish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, blogerga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan edi.

Ayblanuvchining advokati Ozod Jo‘raboyevning aytishicha, sudda Sirojiddin Odilovga qo‘yilgan hech bir ayb tasdiqlanmagan.

Sud jarayoni uzoq davom etdi. Xuddi shu sud jarayoni Jizzax shahrida ham davom etgan edi. Sud tergovi davomida biror ayblov 15 foizga bo‘lsa ham isbotlanmadi. Ya’ni vajlar ham, so‘zlar ham quruq gapligicha qoldi, tasdiq topmadi. Shu asosda bizning pozitsiyamiz shuki, bu yerda umuman jinoiy hodisaning o‘zi yuz bermagan, dedi advokat.

Ayblanuvchi Sirojiddin Odilovning ta’kidlashicha, dastlabki qamoqqa olish paytidanoq unga nisbatan nohaqlik boshlangan.

Qamoqqa olish ehtiyot chorasi bo‘yicha ham nohaqliklardan boshlandi. Shuning uchun Samarqanddan ishni olib ketishni so‘ragandik. Chunki u yerda meni qamab yuborishi mumkin edi. Ayblov xulosasi ham umuman o‘xshamagan. Uni “tuhmat xulosasi” desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Faqat gap-so‘z. Birorta isbot-dalil yo‘q. Uch yil o‘tgandan keyin aytishyaptiki, biz aldaganmiz, ulardan qanaqadir moddiy manfaat olganmishmiz. Unga dalil qilib o‘zimizning shartnomalarimizni ko‘rsatyapti. Shartnomada tovlamachilik shartnomasi, deb yozilmagan. U yerda xizmat ko‘rsatish shartnomasi bor. Xizmat ko‘rsatib, pulini ham olmaganmiz. Xo‘p, pulini to‘lagan bo‘lsang, bizga ko‘rsat, cheking yoki qanaqadir to‘lov topshiriqnomasi bo‘ladi. Qani, hech nima yo‘q. Menga qo‘yilayotgan moddalarga keltirilayotgan vajlar gapdan boshqa narsa emas, dedi ayblanuvchi.

Ma’lumot uchun, Sirojiddin Odilov tarmoqlarda “Sirojiddin Media” nomi bilan tanilgan bo‘lib, uning YouTube’dagi sahifasida salkam 1 mln, Facebook’da 50 mingga yaqin, Instagram’da 30 mingdan ziyod obunachisi bor. U asosan huquqiy-ijtimoiy mavzularda chiqishlar qilib kelgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.