Samarqandda sobiq YPX xodimi yirik miqdordagi firibgarlikda ayblanib 8 yilga qamaldi
Samarqandda xizmat formasi va mashinasidan foydalanib fuqarolarni aldagan YPX xodimi 8 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. U fuqarolardan avtomobillarni qisqa muddatda sotib berish yoki pulini qaytarish va’dasi bilan 6 mlrd so‘mga yaqin pul olgan.

Samarqandda sobiq YPX xodimi yirik miqdordagi firibgarlikda ayblanib, 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda “Sevimli” telekanalining “Zamon” dasturida xabar berildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudida ko‘rib chiqilgan ushbu ishda ichki ishlar xodimining formasi, guvohnomasi va xizmat mashinasi firibgarlik vositasiga aylangan. Sudlanuvchi Samarqand viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining leytenanti bo‘lgan. U o‘z formasi va lavozimidan foydalanib, fuqarolarning ishonchiga kirgan. Xodim fuqarolarga qimmatbaho avtomobillarini qisqa muddatda sotib berish yoki pullarini qaytarish va’dasi bilan ularni qo‘lga kiritgan.
Jabrlanuvchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, sobiq xodim odamlarni ishontirish uchun xizmat guvohnomasini garov sifatida qoldirgan, shuningdek, xizmat avtomobili yonida videoga tushib, majburiyatini bajara olmasa, shu mashinani o‘tkazib berishni aytgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy zarar millionlab dollarni tashkil etishi mumkin. Sudlanuvchining ta’kidlashicha, bu jarayonlar 4 yildan buyon davom etib kelgan.
Ayblanuvchi shunday deydi: “Odamlar mashinam bor, pulim bor, uyim bor, deb keladi. 10 ming, 15 ming dollar olish kimga yoqmaydi? Bitta fuqaro pul bergan bo‘lsa, ikkinchisini yetalab keladi, mashinasini olasanmi deb? Hozir ko‘chadan olgan bo‘lsam, boshiga 1 mln dollar pul olganman. Hisoblasangiz 1 mln dollarga ham yetmaydi. Hozirgi kecha-kunduzga hisoblasangiz, bu yoqqa 3 mln, bu yoqqa to‘langan pullar 2 mlnga yaqin… Deyarli 6 mln dollar bo‘ynimga eski foiz-moiz bilan qo‘shilib kelyapti”.
U o‘zi ham boshqa bir ayolning va’dalariga ishonib, ushbu holatga tushib qolganini va undan da’vosi borligini bildirgan.
Jabrlanganlar va noqonuniy oldi-berdilar soni ko‘pligi sababli jinoyat ishi bir necha qismga ajratilgan. Sudda ko‘rib chiqilgan ushbu qismda 26 ta holat bo‘yicha 10 nafar jabrlanuvchiga yetkazilgan 6 mlrd so‘mga yaqin moddiy zarar muhokama qilingan.
Urgut tuman prokurori o‘rinbosari Abdulla Sultonov sudlanuvchining aybi dastlabki va sud tergovida, arizalar, ko‘rsatmalar hamda yuzlashtirishlar bilan o‘z isbotini topganini bildirib, sudyadan uni 9 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragan. Sudlanuvchi o‘z qilmishidan pushaymonligini bildirib, kechirim so‘ragan.
Sudya Bobur Shermatov raisligida o‘tgan sud majlisida yakuniy hukm o‘qildi. Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan aybdor deb topildi. Unga nisbatan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash va muddatni 2026-yil 28-yanvardan boshlab hisoblash belgilandi.

