Layfstayl

Birovning oyligi....  davraning eng qiziqarli mavzusi

Aslida, shifokorning kam maosh olishi, o‘qituvchining ko‘p maosh olishiga qarshi dalil emas. Shifokorning mehnatiga munosib

Birovning oyligi.... davradagi eng qiziqarli mavzu

Bir yig‘inda o‘tirgan edik. Qarindoshlardan biri yana bir qarindoshimizning oyligini surishtira boshladi. Kompyuter sohasida ishlaydigan yigit “bo‘ladi, o‘zimga yetarli”, deb bu gal ham qancha maosh olishini aytmay, “suvdan quruq chiqdi”. Shundan keyin qarindoshlar yigitning ota-onasiga yuzlandi. Oyligi, nafaqasini so‘rashdi. Ota-ona boshqa avlod emasmi, bu savollarga tabiiy qaradi va istar-istamas, har holda pastgina ovozda maoshini aytishdi.

Shundan so‘ng davrada hisob-kitob boshlandi.

Falonchining oyligi shuncha, otasiniki buncha, ona ham oylik oladi ham nafaqa..., kichkina o‘g‘il talaba bo‘lsa ham kechqurun ishlaydi, demak kontraktini o‘zi to‘laydi, hammasini qo‘shsak, bir oyda shuncha pul bo‘larkan!

— Haaa, eng boy oramizda sizlar-ku!..

Xullas, nihoyat bir necha yig‘inlarda savol ostidagi oilaning umumiy daromadi oshkor bo‘ldi va hisoblab chiqildi. Go‘yo davradagilarning hammasi shu oilaning moliyaviy ahvoli uchun mas’uldek...

Bizning odamlar qiziq. Biror qarindoshimizning qancha pul topishini bilmasak tinchimaymiz, bilganimizdan keyin ham tinchimaymiz. Endi uning pulini hisoblaymiz, sarf-xarajatlarini taxmin qilamiz, qayerga ishlatishi kerakligini belgilaymiz.

“Uy oldimi, ha puli bor ekan, bularda pul ko‘p... Olmadimi, voy shuncha pul topib uni nima qiladi? Mashina mindimi, oyligiga qaraganda qimmat emasmi? To‘y qildimi, qancha sarfladi, qilmasa, pulini yig‘ib nima qiladi?”

Qisqasi, birovning puli o‘ziniki, hisob-kitobi esa ko‘pchilikniki.

Yaqinda "Zo‘r" TVda ishlaydigan bir aktyormi, prodyusserningmi oyligi ham muhokama qilindi. Shunda darrov boshqa kasb egalari esga tushdi: “Shifokorning oyligi kam, nega o‘qituvchi shunaqa oylik olmaydi?” U yoqdan keksa aktyor yozg‘iradi, “umrim bino bo‘lib shuncha pul ushlamabman, qo‘limga” naryoqdan bir o‘qituvchi chiqadi, “Biz ham yuribmizda ertayu kech asab bo‘lib”, orada jurnalist, shifokor ham azaga kelgan o‘z dardini aytib yig‘lar degandek, “qo‘li katta pul ko‘rmaganini” aytib o‘tadi. Go‘yo birovning ko‘proq olishi ikkinchisining haqqini kamaytirayotgandek. Albatta, kasblar o‘rtasidagi ish haqi tafovuti haqida gapirish, maoshlarning adolatli belgilanishini muhokama qilish mumkin. Lekin gap boshqa kasb vakili ko‘proq topayotganidan norozi bo‘lishga borib taqalsa, buning tagida yana bir tanish tuyg‘u yotgandek. Balki, ko‘pchiligimizning ichimizda hali ham arazchi bola yashar. Bolaligimizdagi o‘sha qizaloq yoki bolakay: "Nega unga kattaroq shirinlik berdingiz, menga kichigini? Nega unga yangi kiyim olib berdingiz, men eskisini kiyishim kerak? Nega uni yaxshi ko‘rasizu, meni emas?" deb xafa bo‘lardi. Ulg‘aydik, kasb egasi bo‘ldik, oila qurdik. Ammo ichimizdagi o‘sha bola hali ham: “Nega unga ko‘proq, menga kamroq?” deb xafa bo‘lishdan to‘xtamagandek. Endi shirinlik o‘rnida oylik, yangi kiyim o‘rnida lavozim, ota-onaning mehri o‘rnida esa jamiyatning e’tibori turibdi. Birov ko‘proq topsa, “Nega u?” deymiz. Birovni maqtashsa, “Nega meni emas?” degan xafalik paydo bo‘ladi.

Aslida, shifokorning kam maosh olishi, o‘qituvchining ko‘p maosh olishiga qarshi dalil emas. Shifokorning mehnatiga munosib haq to‘lanishini talab qilish uchun boshqa kasb egasining daromadidan norozi bo‘lish shart emas. Birining qadri ko‘tarilishi uchun ikkinchisining qadri tushishi ham kerak emas.

Izohlarning birida kinoya bilan, “Shu odam tilamchi pul so‘rasa ikki ming bermaydi”, degan mazmunda gap yozilibdi. Qarang, bizga endi birovning qancha topishini bilishning o‘zi kamlik qiladi. U topgan puldan kimga qancha berishi kerakligini ham biz belgilaymiz. Bersa yaxshi odam deymizmi, bermasa bir og‘iz gap bilan hukm qilamizmi?

Eng qizig‘i, oylikni so‘rash ko‘pincha shunchalik oddiy savoldek beriladiki, aytmasangiz, xuddi bir sirni yashirayotgandek bo‘lasiz. Aytsangiz, bu ma’lumotning davradan yana qancha joygacha yetib borishini bilmaysiz.

Holbuki, odamning oyligi uning shaxsiy hayotining bir qismi. Qancha topishi, qanchasini ota-onasiga berishi, farzandiga sarflashi, yig‘ishi yoki o‘z ehtiyojlariga ishlatishi, avvalo, uning o‘ziga tegishli masala.

Birovning pulini sanashdan oldin, balki o‘zimizga bir savol berishimiz kerakdir: men bu ma’lumotni nima qilaman?

Ya’ni qarindoshimiz, balki yurtdoshimiz pulni o‘zi topyaptimi, demak, qayerga sarflashni ham o‘zi hal qiladi. Birovga yordam berishni istasa, beradi. Istamasa, buning uchun uning hamyonini muhokama qilib, xulosa chiqarish shart emas.

Uning oyligi, uning daromadi. Bizning qiziqishimiz esa hali uning daromadiga bo‘lgan haqqimiz degani emas.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.