Layfstayl

«Pulini toʻlasam boʻldi» degan ota-onalar adashadi: “Nima dard?”da bola taʼlimi va tarbiyasi mavzusi

«Nima dard?» podkastining navbatdagi mehmoni, kimyo fani oʻqituvchisi Jamshid Qayumov. U zamonaviy taʼlimda ota-onalar yoʻl qoʻyayotgan xatolar, xususiy maktablar va repetitorlarga ortiqcha umid bogʻlash, bolani qiyinchilikdan asrashning oqibatlari hamda yaxshi oʻqiydigan bolalarni nima birlashtirishi haqida tajribalari bilan boʻlishdi.

«Pulini toʻlasam boʻldi» deb oʻylaydigan ota-onalar adashadi: “Nima dard?”da bola taʼlimi va tarbiyasi haqida suhbat

Bolaga eng zoʻr xususiy maktabni tanlash, kuchli repetitor yollash va taʼlimga katta pul sarflash har doim ham yaxshi natija bermaydi.

Agar bolada mustaqil oʻqish, qiyinchilikka chidash, xato qilishdan choʻchimaslik va boshlagan ishini oxiriga yetkazish kabi koʻnikmalar shakllanmagan boʻlsa, qimmat taʼlim ham kutilgan samarani bermasligi mumkin.

Suhbatda zamonaviy taʼlimda ota-onalar yoʻl qoʻyayotgan xatolar, xususiy maktablar va repetitorlarga ortiqcha ishonish, bolani qiyinchilikdan asrash oqibatlari hamda yaxshi oʻqiydigan bolalarni nima birlashtirishi haqidagi tajribalar bayon qilindi.

Jamshid Qayumov davlat maktabi, ixtisoslashtirilgan va xususiy taʼlim muassasalarida ishlagan. Uning aytishicha, bu tajriba taʼlimdagi qiziq bir holatni koʻrsatgan: ayrim oʻquvchilar pul toʻlab borayotgan repetitorini maktabdagi oʻqituvchisidan avtomatik ravishda ustun qoʻyadi.

U ixtisoslashtirilgan davlat maktabida ishlagan paytida darsni repetitorlik mashgʻulotlaridagidek sifatli oʻtishga harakat qilganini, biroq ayrim oʻquvchilar darsga eʼtibor bermaganini eslaydi. Sababini soʻraganda esa «mening repetitorim bor, men sizdan oʻrganmayman» degan javobni eshitgan.

Qayumovning fikricha, bu yerda bolada «pul toʻlangan narsa qimmatli, tekin narsa qadrsiz» degan notoʻgʻri qarash shakllangan.

«Mening shaxsiy fikrim – taʼlimda brend boʻlmaydi. Taʼlimda ilm boʻladi va ilmga ixlos boʻladi», deydi u.

Mutaxassisning aytishicha, ota-onalar ham koʻpincha aynan brend ortidan quvib, maktab yoki oʻquv markazining nomi bolasining natijasini kafolatlaydi, deb oʻylaydi. Holbuki, bir xil muassasada oʻqiyotgan bolalarning natijasi keskin farq qilishi mumkin.

Suhbatda xususiy maktablardan ota-onalarning kutishi ham muhokama qilindi.

Qayumov ishlagan xususiy maktablardan birida oʻquvchi masala shartini oʻqimasdan oʻqituvchidan yordam soʻragan. U esa avval matnni oʻqib, nimani tushunganini oʻz soʻzlari bilan aytib berishni talab qilgan. Oʻquvchi bundan norozi boʻlib, rahbariyatga shikoyat qilgan.

Oʻqituvchining aytishicha, baʼzi ota-onalar xususiy maktabga pul toʻlaganidan keyin bola barcha vazifalarini oʻsha yerning oʻzida bajarib, uyga hech qanday masʼuliyatsiz qaytishini xohlaydi.

«Bu men uchun xususiy maktab emas, enagali rejimga oʻxshaydi, xuddi bogʻcha paytidagidek», deydi u.

Bola katta hayotga tayyorlanayotgan shaxs sifatida qiyinchilikni ham boshidan kechirishi kerak. Har bir muammoni uning oʻrniga kattalar hal qilib berishi mustaqillik va kurashuvchanlikning shakllanishiga toʻsqinlik qilishi mumkin.

Podkast boshlovchilari ham bolaning har qanday salbiy hissiyotini yoʻqotishga urinish toʻgʻri emasligini taʼkidladi. Dars qiyin kelishi, masala chiqmasligi, asabiylashish, xato qilish – oʻqish jarayonining bir qismi.

Qayumovning fikricha, ota-onalar bolani barcha qiyinchiliklardan himoya qilishga emas, foydali va zararli qiyinchilikni ajrata bilishga oʻrgatishi kerak.

Masalan, yoshiga mos uy yumushini bajarish va buning uchun minnatdorlik eshitish – foydali mehnat. Ammo tirikchilik uchun ishlab, dars qilishga vaqti ham, kuchi ham qolmasligi – zararli mehnat.

Xato ham xuddi shunday. Agar bola xato qilganidan keyin ota-onasi bilan birga uni tahlil qilsa, bu tajriba uni rivojlantiradi. Xatosi uchun haqorat yoki baqiriq eshitsa, aksincha, xato qilishdan qoʻrqadigan boʻlib qolishi mumkin.

Magʻlubiyatga munosabat ham muhim.

Qayumov oʻgʻlini dzyudo musobaqasiga olib borganida u birinchi bellashuvda 3:0 hisobida yutqazganini eslaydi. Ammo otani natijadan koʻra bolaning raqibiga qarshi yetarlicha kurashmagani ranjitgan.

«Xoʻp, yutqaz, lekin kurashib yutqaz. Men sening birinchi oʻrin olishingni talab qilmayman. Men sening kurashishingni xohlayman», degan u oʻgʻliga.

Keyingi musobaqada bola yana yutqazgan – bu safar 2:1 hisobida. Ammo Qayumov uchun aynan shu 2:1 avvalgi natijadan qimmatroq boʻlgan.

Suhbatda zamonaviy ota-onalarning yana bir xatosi sifatida bolani doimiy «qutqarish» odati tilga olindi.

Bola oʻqituvchi bilan kelisholmasa – ota-ona aralashadi. Dars qiyin boʻlsa – repetitor almashtiriladi. Maktab yoqmasa – boshqa maktab qidiriladi. Natijada muammoning oʻzi bolaga yetib kelmaydi va u uni hal qilish tajribasini orttirmaydi.

Qayumovning kuzatishicha, soʻnggi yillarda oʻquvchi mavzu qiyinlashishi bilan oʻqituvchini almashtirish holatlari koʻpaygan. Ayrim bolalar bir oʻquv markazida murakkabroq mavzularga yetganidan keyin boshqa joyga oʻtib, dasturni yana boshidan boshlaydi.

Bu esa bir yillik vaqt, pul va mehnatning yoʻqotilishiga olib kelishi mumkin.

«Rivojlanish har doim ogʻriq bilan boʻladi», deydi oʻqituvchi.

Uning fikricha, bola «qiyin boʻlyapti» degani uchun maktab yoki oʻqituvchini darhol almashtirish kerak emas. Aksincha, oʻqituvchi bolani ishlashga majbur qilayotgan, undan fikrlashni talab qilayotgan boʻlsa, ota-ona shu jarayonda bolani qoʻllab-quvvatlashi kerak.

Qayumov maktabni almashtirish kerak boʻladigan holatni ham tushuntirdi.

Ota-ona faqat kundalikdagi baholarga qaramasligi kerak. Ayniqsa, xususiy maktablarda baholar sunʼiy ravishda yuqori qoʻyilishi mumkinligini hisobga olib, bola haqiqatan dars jarayonida ishtirok etyaptimi, fikrini ayta olyaptimi, savol beryaptimi, oʻqituvchi uni fikrlashga undayaptimi – shuni kuzatish muhim.

Agar bola yillab darsda passiv oʻtirsa, unga hech kim eʼtibor bermasa, yaxshi baholar qoʻyilib, doim maqtalsa-yu, amalda bilimi va fikrlash qobiliyati rivojlanmasa, maktabni almashtirish haqida oʻylash mumkin.

Ammo oʻqituvchi bolani qiyin savollar bilan ishlashga majbur qilayotgani uchun bola norozi boʻlsa, bu boshqa holat.

Suhbatda ota-onalarning bolani maqtash usuli ham muhokama qilindi.

Qayumovning fikricha, bolaga doim «sen eng aqllisan» deyish ham kutilmagan salbiy oqibatga olib kelishi mumkin. Chunki bola keyinchalik oʻzining «aqlli» degan maqomini yoʻqotishdan qoʻrqishni boshlaydi.

Murakkab vazifa oldida «agar xato qilsam, demak aqlli emas ekanman» degan ichki qoʻrquv paydo boʻladi. Natijada u qiyin vazifadan qochishi, oson yoʻlni tanlashi yoki xatosini yashirishga urinishi mumkin.

Shuning uchun natijani yoki tugʻma qobiliyatni emas, jarayonni va mehnatni maqtash kerak.

«Sen eng aqllisan, deyish kerak emas. Uning oʻrniga mehnatni qadrlash kerak. “Sen eng mehnatkashsan”, deyish kerak», deydi Qayumov.

Qayumov oʻz oʻquvchilari orasida yuqori natija koʻrsatayotgan bolalar va ularning oilalarini oʻrganganini aytadi.

Uning kuzatuviga koʻra, bunday bolalarning katta qismi bilan ota-onasi kichikligidan muntazam shugʻullangan: kitob oʻqigan, oʻqiganini qayta gapirtirgan, savollar bergan va bolani mustaqil fikr bildirishga oʻrgatgan.

U oʻz oilasida ham shu usul qoʻllanishini aytadi. Bolasi bilan kitob oʻqiladi, keyin undan mazmunni qayta aytib berish soʻraladi. Qahramon yaxshi yoki yomon ekani, nega shunday deb oʻylayotgani haqida savol beriladi.

Qayumovning oʻzi ham bolaligida onasi bilan xuddi shunday shugʻullangan.

Uy vazifasini oʻqib boʻlgach, onasiga aytib berishi kerak boʻlgan. Gapirishga qiynalsa, onasi avval oyna qarshisiga borib, oʻziga gapirib mashq qilishni buyurgan. Keyin kelib onasiga qayta aytib bergan.

Uning fikricha, bolaning matnni oʻqib tushunishi, fikrini tuzib gapirishi va tahlil qilishi bir kunda paydo boʻlmaydi – bu kichikligidan shakllantiriladigan koʻnikma.

Qayumovning taʼkidlashicha, ayrim ota-onalar bola katta boʻlganidan keyin uni yaxshi repetitorga yoki qimmat xususiy maktabga bersa, shu bilan taʼlim masalasi hal boʻladi, deb hisoblaydi.

«Farzandim katta boʻlganda repetitorga beraman, xususiy maktabga beraman, pulini toʻlasam boʻldi, deb oʻylayotganlar adashadi», deydi u.

Uning fikricha, bolada oʻqishga nisbatan «immunitet» ancha oldin shakllanishi kerak. Oʻqish, savol berish, tushunmagan narsasini qayta koʻrish, qiyin vazifa oldida darrov taslim boʻlmaslik kabi odatlar boʻlsa, bola davlat maktabida oʻqisa ham yaxshi natija koʻrsatishi mumkin.

Aksincha, bu koʻnikmalar boʻlmasa, xususiy maktabda ertalabdan kechgacha oʻtirish ham natija kafolati emas.

Suhbatda taʼlim markazlari va xususiy maktablarning reklamadagi yuqori natijalari haqida ham soʻz bordi.

Qayumov «100 foiz natija» degan daʼvolarga ehtiyotkorlik bilan qarash kerakligini taʼkidladi. Masalan, markazda 500 nafar oʻquvchi boʻlishi, ular orasidan eng kuchli 30 nafari alohida guruhga saralab olinishi va aynan shu guruhning natijasi reklama qilinishi mumkin. Qolgan yuzlab oʻquvchilarning natijasi esa koʻrinmay qoladi.

Shuning uchun ota-ona brend, reklama yoki sertifikatlar soniga emas, aynan oʻz farzandi bilan qanday ishlanayotganiga qarashi muhim.

Ota-onalar orasidagi yana bir bosim – farzand maktabni tugatgan yiliyoq oliygohga kirishi shart, degan qarash.

Suhbat ishtirokchilarining fikricha, bolada bazaviy bilim, matnni tushunish, mustaqil fikrlash kabi zarur koʻnikmalar yetishmasa, uni bir yil ichida har qanday yoʻl bilan universitetga kiritishga urinish toʻgʻri emas.

«Bu yil kirmasa, osmon uzilib yerga tushmaydi. Ikki yildan keyin, uch yildan keyin kirsa ham hali yosh», degan fikr bildirildi suhbatda.

Muhimi – diplomni tezroq olish emas, keyingi bosqichda oʻqiy oladigan va oʻz sohasida raqobatlasha oladigan darajaga yetib borish.

Podkastda taʼlim faqat kimyo, matematika yoki biologiyani oʻrgatishdan iborat emasligiga ham urgʻu berildi.

Boshlagan ishini oxiriga yetkazish, qiyinchilikdan qochmaslik, xato qilganda uni tan olish, yolgʻon bilan vaziyatdan chiqib ketishga urinmaslik, odamlar bilan muloqot qila olish – bularning barchasi keyinchalik inson hayotiga koʻchadigan koʻnikmalar.

Qayumov bugungi ayrim oʻquvchilarda muloqot madaniyati ham pasayganini aytadi. Kichik noqulaylik tugʻilishi bilan muhitni almashtirish, odam bilan gaplashib muammoni hal qilish oʻrniga munosabatni uzishga moyillik kuzatiladi.

Suhbatda bu holat ijtimoiy tarmoqlardagi «yoqmasa – blok» madaniyatining real hayotga koʻchishi bilan ham izohlandi.

Shuning uchun bolaga yaxshi maktab topib berish yoki repetitorga pul toʻlash bilan ota-onaning vazifasi tugamaydi. Taʼlimning boshlanish nuqtasi baribir oila boʻlib qolaveradi.

Bola bilan kitob oʻqish, uni gapirtirish, fikrini soʻrash, xatosini birga tahlil qilish, qiyinchilikdan darrov olib chiqib ketmaslik va mehnatini qadrlash – katta mablagʻ talab qilmaydi. Ammo suhbat ishtirokchilarining fikricha, aynan shu oddiy ishlar keyinchalik qimmat xususiy maktab yoki kuchli repetitordan ham muhimroq poydevor boʻlib xizmat qilishi mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.