O‘zi uchar gilamlardan ekranlar qa’rigacha....
Biz maishiy tashvishlar, to‘kinlik va moddiyat poygasiga shu qadar sho‘ng‘idikki, eng qimmatli ne’mat – vaqt

O‘zi uchar gilamlardan tortib ekranlar tubiga qadar....
Ba’zan o‘ylab qolaman: ilgari kunlar ham, tunlar ham bugungidek shoshqin emas, cho‘zilgan va barakali edi. Ko‘cha changitib qora kechgacha to‘p tepgan, uy yumushlarini qilib, kitob varaqlagan, yozgi ta’tilda buvilarimiz tushlik payti uxlatishlaridan qochib, peshin tezroq o‘tishini kutgan beg‘ubor onlar... Eng muhimi, mahallada hamma bir-birini tanir, har bir bola butun jamoaning e’tiborida bo‘lardi. Odamlar bir-birining ko‘ziga qarab suhbatlashar, mehr va oqibat og‘zaki gap emas, amaliy hayot tarzi edi. Endi-chi?
Cheksiz ehtiyojlar va raqamli texnologiyalar davrida ahvol qanday?
Biz maishiy tashvishlar, to‘kinlik va moddiyat poygasiga shu qadar sho‘ng‘ib ketdikki, eng qimmatli ne’mat — vaqt va jonli muloqot ekanini yo‘qotib qo‘ydik. Ilgari ertalab bir burda non va shirin choy bilan kuni bo‘yi yayrab yurgan bolalar bilan nozu ne’matga to‘la dasturxon ustida «uni yemayman, buni kiymayman» deb xarxasha qilayotgan bolalar o‘rtasida katta farq bor.
Bugungi «Z» va «Alfa» avlodlari allaqachon raqamli muhit ichida tug‘ildi. Ammo fojia shundaki, biz ularni an’anaviy ma’naviy borliqdan uzib, virtual qarmoqlarga o‘z qo‘limiz bilan topshirib qo‘ymoqdamiz. Bugun oilalarda xavfli bir «ma’naviy vakuum» — ya’ni emotsional bo‘shliq yuzaga keldi. Bola ota-onasining ko‘ziga qarab gapirishni emas, ekran bilan muloqot qilishni odat qilmoqda. Agar oiladagi bu bo‘shliqni ota-onaning mehri to‘ldirmasa, uni begona virtual dunyo shubhasiz o‘z domiga tortadi.
Bu muammo bugun birdan paydo bo‘lib qolgan emas. Millat tashvishi bilan yashagan ma’rifatparvar jadid bobolarimiz bundan bir asr muqaddam tarbiyani bejiz hayot-mamot masalasiga ko‘tarmagan edi. Abdulla Avloniy o‘zining «Turkiy Guliston yoxud axloq» asarida: «Tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat mas’alasidur», deb bong urganda aynan farzandning ruhiy tarbiyasiga befarq bo‘lmaslikni nazarda tutgan edi. Ulug‘ mutafakkir Mahmudxo‘ja Behbudiy «Oyna» jurnalidagi maqolasida «Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur, zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol bo‘lur. Buning poydevori esa go‘daklikdan beriladigan tarbiya va ilmdir», deb uqtirgan bo‘lsa, Abdurauf Fitrat o‘zining mashhur «Oila yoki oila boshqarish tartiblari» asarida, «Har bir millatning saodati va izzati, albatta, shu xalqning ichki intizomi va totuvligiga, oilaviy tarbiyasining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganiga bog‘liqdir», deya oila va ota-onaning shaxsiy mas’uliyatini davlat poydevori sifatida belgilagan edi.
Bugungi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida ham ushbu tarixiy haqiqat davlat siyosati darajasidagi asosiy ustunga aylandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil o‘tkazilgan «Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish masalalari»ga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishidagi nutqida aniq va keskin xulosani ilgari suradi:
«Agar bolalarimizni maktabgacha bo‘lgan davrda to‘g‘ri tarbiyalab, ularning ongiga milliy va umuminsoniy qadriyatlarni singdirmasak, keyin kech bo‘ladi. Yosh avlod tarbiyasi – bu davlat ahamiyatiga molik, kelajakni belgilaydigan eng muhim vazifadir. Bola dunyoqarashining shakllanishida oilaning, ota-onaning o‘rnini hech narsa bosa olmaydi. Bolaga eng katta boylik – bu unga berilgan chinakam tarbiya, mehr va e’tibordir».
Ammo bu haqiqatlarni kundalik hayotimizda qay darajada amalga oshiryapmiz? Kun bo‘yi bog‘cha yoki maktabda ota-onasining kelishini intizor kutgan jajji qalblar oqshomda uyga horib kelgan ota-onasidan iliq nigoh va mehr kutadi. Kattalar esa charchoqni bahona qilib, muloqot qilish o‘rniga qo‘lidagi telefoniga yoki televizorga termulib o‘tirishni ma’qul ko‘radi.
Jajji bolalarning dardi
– jamiyatning katta dardi....
Kuni kecha ishdan charchab qaytganimda, qizalog‘im ko‘zlari quvonchdan porlab oldimga yugurib keldi: «Oyijon, oyijon, «Bek va Lola»ning yangi qismi chiqibdi, rosa zo‘r ekan, qo‘yib beraymi?» Men esa horg‘inlik bilan, «Hozir uy ishlarini tugatay, keyin ko‘ramiz, endi ishdan keldim-ku», dedim. Shu zahoti uning ma’sum ko‘zlaridagi uchqun so‘ndi, nigohida mahzunlik paydo bo‘ldi. Bu nigoh qalbimni teshib yubordi. Hamma narsani yig‘ishtirib, kompyuter qarshisiga o‘tirdim.
Multfilmning «Bolalik» deb nomlangan qismi bugungi aksariyat ota-onalar uchun shafqatsiz haqiqat ko‘zgusi ekan. Erkalik qilgisi, otasi bilan turli o‘yin o‘ynagisi kelayotgan jajji qahramonlarning dardi — aslida bugungi jamiyatimizning katta dardi. Ona ro‘zg‘or tashvishlari girdobida, ota esa telefon va ishdan bosh ko‘tara olmayotgan manzarada yangragan mana bu misralar tosh qalbni ham larzaga soladi:
«Ishdan charchab kelsangiz, kulib kutib olamiz,
Bag‘ringizga otilib, dadajon, achom-achom qilamiz.
Futbol o‘ynaylik birga, chalg‘imaymiz telefonga,
G‘animatdir bu kunlar, dadajon,
Yodda qolsin bir umrga!
Dada, dada, dada, dadajon...
Keling, biz bilan o‘ynab, bolalikka qayting bir on,
Baxtliroq o‘tadi siz bilan vaqtimiz birga,
Omon bo‘ling har qachon, dada, dada, dadajon!»
Yuqorida keltirilgan lavha Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan milliy animatsiyamizda aynan mana shunday chuqur psixologik, oilaviy qadriyatlarni himoya qiluvchi milliy kontent yaratilayotgani naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Bu shunchaki multfilm emas, balki farzand tarbiyasidagi bo‘shliqni ochib beruvchi milliy ogohlik bongidir. Bolaga hashamatli mashina, brend kiyim yoki qimmatbaho buyum emas — ota-onaning mehrli ovozi, samimiy quchog‘i va birga o‘tkazilgan jonli lahzalar kerak.
Endi bir eslaylik... Biz ertaklarga ishonib yashagan kechalarimizni bir eslang. Ustoz Hamid Olimjon o‘zining «Oygul bilan Baxtiyor» dostoni muqaddimasida bejiz yozmagan edi:
«Bolalik kunlarimda,
Uyqusiz tunlarimda,
Ko‘p ertak eshitgandim,
So‘ylab berardi buvim.
Esimda o‘sha damlar,
O‘zi uchar gilamlar...
Buvimning har qissasi,
Har bir qilgan hissasi
Fikrimni tortar edi,
Havasim ortar edi.
Tinglar edim betinim
Uzun tunlar yotib jim...»
Qarang, bu she’rda nafaqat sog‘inch, balki katta pedagogika ham bor! Bolani ertak, suhbat va jonli so‘z tarbiyalaydi. Biz bola paytimizda bolalikning qadriga yetmadik, ammo bugun ota-ona bo‘lib farzandimizning eng beg‘ubor damlarini virtual dunyo girdobiga tashlab qo‘yishga qanday haqqimiz bor? Bobo-buvilarimizning bizga aytgan ertaklari, chekkan bedor tunlari qalbimizga mehrdan mustahkam qal’a qurib bergan edi.
Nahotki bu ma’naviy zanjir aynan bizning avlodga kelganda uzilsa?
«Bek va Lola» qahramonlari kattalarga bir buyuk qonuniyatni eslatadi:
«Siz ham bola bo‘lgansiz, bobo-buvilarimiz bag‘rida baxtli edingiz... Biz ham sizdek bo‘lib ulg‘ayamiz».
Farzand — bizning ko‘zgumiz. Bugun biz ularga ajratmagan vaqt va mehrni ertaga ular ham o‘z farzandlariga bera olmaydi. Shu tariqa mehrsizlik avloddan avlodga meros bo‘lib o‘tadi.
Inson ehtiyojlari cheksiz, ammo Yaratgan o‘lchab bergan umr va vaqt — qaytarib bo‘lmas oliy ne’matdir. Moddiy boylikni har kuni qayta topish mumkin, ammo boy berilgan bolalikning birgina lahzasini jahonning barcha xazinalariga ham sotib olib bo‘lmaydi.
Aslida bola uchun ota-ona topayotgan moddiyat emas, balki unga ajratilgan vaqtning o‘zi eng buyuk davlatdir. Kechagi avlod bobo-buvilarining ertaklari va ota-onalarining namunasi bilan milliy ruhda voyaga yetgan bo‘lsa, bugun farzandlarimiz ekran qarmog‘ida begona g‘oya va sovuq virtual dunyoning tarbiyalanuvchisiga aylanib qolmoqda.
Abdulla Avloniy aytgan «hayot-mamot masalasi» mana shu yerdan boshlanadi. Biz bolalarimizga dunyoni olib beryapmiz, ammo ulardan o‘zimizni olib qo‘ymoqdamiz. Bugun uyga borganda sovuq ekranlarni bir chetga surib, ko‘ngil rishtalarini qayta bog‘lashga kuch topaylik. Zero, ota-ona mehri bilan to‘yinmagan yurakda ertaga Vatanga, el-yurtga bo‘lgan sadoqat qayerdan paydo bo‘ladi?
Bolalikni boy berish — bu millatning ertasini boy berish demakdir. Ulgurib qolaylik, chunki vaqt oqmoqda, bolalik esa g‘animatdir!

