Odamlar tugʻilmaydigan, oila va sevgi taqiqlangan dunyo | 5 daqiqa
Odamlar baxtli yashaydi. Ammo ularning oilasi yoʻq, bolalari tabiiy tugʻilmaydi, sevgi esa jamiyat uchun keraksiz tuygʻuga aylangan. Ular ota-ona degan tushunchaning ustidan kulishadi. Eng qizigʻi, hech kim bundan norozi emas. Chunki bu dunyoda odamlar qanday yashashini oʻzlari tanlamaydi. Oldos Xakslining «Ajib yangi dunyo» romani mana shunday jamiyat haqida hikoya qiladi. 5 daqiqaning navbatdagi sonida azal chegaralariga yaqinlashmoqchi boʻlgan jamiyatning fojiasi haqida gaplashamiz.

Odamlar tugʻilmaydigan, oila va sevgi taqiqlangan dunyo | 5 daqiqa
Odamlar baxtli yashaydi. Ammo ularning oilasi yoʻq, bolalari tabiiy ravishda tugʻilmaydi, sevgi esa jamiyat uchun keraksiz tuygʻuga aylangan. Ular ota-ona degan tushunchani masxara qilishadi. Eng ajablanarlisi, bundan hech kim norozi emas. Chunki bu dunyoda odamlar qanday yashashini oʻzlari tanlamaydi. Oldos Xakslining «Ajib yangi dunyo» romani aynan shunday jamiyat haqida soʻz yuritadi.
Romandagi kelajak jamiyati «Dunyo davlati» deb ataladi. Bu yerda odamlar onadan tugʻilmaydi. Bolalar maxsus laboratoriyalarda yetishtiriladi. Kimdir «alfa» tur sifatida rahbarlikka tayyorlanadi, kimdir oddiy mehnat qiladigan tabaqaga moslashtiriladi. Yaʼni inson avval tugʻilib, keyin oʻz yoʻlini topmaydi. Avval uning qanday odam boʻlishi kerakligi belgilanadi, keyin oʻsha odam yaratiladi.
Qizigʻi shundaki, odamlar bunga qarshi emas. Chunki ularning ongi ham bolalikdan boshlab shakllantirib qoʻyilgan. Kim boʻlishni, nimani yaxshi koʻrishni, nimadan qoʻrqishni ular oʻzlari tanlamaydi. Jamiyat bu ishni ular uchun allaqachon qilib qoʻygan.
Bu jamiyatda oila, ota-ona degan soʻzlar eskilik sarqiti, hatto uyatli narsa sifatida qabul qilinadi. Odamlar bir-biriga chuqur bogʻlanib qolmasligi kerak. Chunki kuchli muhabbat, sadoqat, rashk va ayriliq kabi tuygʻular odamni izdan chiqarishi mumkin. Bu davlatga esa izdan chiqmaydigan odamlar kerak edi.
Agar kimdadir ozgina qaygʻu yoki shubha paydo boʻlsa, u davlat tomonidan bepul tarqatiladigan narkotik — «soma» deb ataluvchi dorini ichadi va darhol soxta baxt olamiga qaytadi. Bu dunyoda kitob oʻqish, diniy eʼtiqod yoki yolgʻiz qolish taqiqlangan, chunki bular barqarorlikka tahdid soladi.
Bu jamiyat muammoni hal qilishdan koʻra, uni his qilmaslikni tanlagan edi.
Romanda Bernard Marks degan qahramon bor. U ham Alfa avlodidan, lekin bu mukammal jamiyatda oʻzini begona his qiladi. Atrofidagilar hamma narsadan mamnun, Bernard esa «nega» degan savolni berishdan toʻxtamaydi. Baʼzan bitta «nega»ning oʻzi odamni butun tizimga begona qilib qoʻyishi mumkin.
Bu gʻalati jamiyatga «yovvoyilar hududi»da katta boʻlgan Jon ismli yigitni olib kelishadi. Yovvoyilar jamiyati Dunyo davlatiga kirmasdi. U yerda odamlar hanuz tabiiy tugʻiladi, qariydi, kasal boʻladi, oʻladi, sevadi, rashk qiladi, janjallashadi va yigʻlaydi.
Yovvoyi Jon Shekspirni oʻqib ulgʻaygan. Shuning uchun u muhabbatning ham, fojianing ham narxini biladi. Uning nazarida inson hayoti faqat rohatdan iborat emas. Sevgi ham istagan paytingizda almashtirib qoʻyiladigan koʻngilochar narsa emas. Unda vafo, rashk, qurbonlik bor, hatto azob ham bor.
Bernard Jonni Dunyo davlatiga olib kelganida, hamma uni tomosha qilishga arzigulik qiziq mavjudot sifatida qabul qiladi. Jon esa aksincha, ularning hayotidan hayratga tushadi. U Leninani yaxshi koʻrib qoladi, ammo Leninaning muhabbat haqidagi tasavvuri bilan Jonning oʻylaganlari butunlay boshqa-boshqa narsalar edi.
Dunyo davlati insonni azobdan qutqarishga urinardi. Jon esa inson azobsiz inson boʻlib qololmasligini anglatmoqchi boʻladi.
Chunki qaygʻuni yoʻqotsangiz, shodlikning qadri ham oʻzgaradi. Tanlash imkoni boʻlmasa, toʻgʻri qarorning ham qadri qolmaydi.
Yozuvchiga koʻra, insonni boshqarish uchun uni doim qoʻrqitish shart emas. Unga yetarlicha rohat bersangiz kifoya.
Biz hozircha «Ajib yangi dunyo»da yashamayotgandirmiz. Lekin Xaksli tasvirlagan ayrim eshiklar allaqachon ochilib boʻlgan. Texnologiya inson hayotiga tobora chuqur kirib boryapti. Tugʻilish, irsiyat, tashqi koʻrinish, qobiliyat va inson tanasi bilan bogʻliq imkoniyatlar haqidagi ilm kun sayin kengaymoqda. Ilmning oʻzi yomon emas. Aksincha, ilm insonga berilgan ulkan neʼmat. Ammo imkoniyatlarning koʻpayishi azaliy chegaralarni buzib oʻtmasligi kerak.
Chunki bir kuni inson “kasallikni yengamiz” degan yaxshi niyatdan “qanday inson tugʻilishi kerakligini ham oʻzimiz belgilaymiz” degan nuqtaga oʻtib ketishi mumkin. Allohning chegaralarini unutib qoʻyishi hech gap emas.

