Layfstayl

Zulmatda bir kun: koʻrish neʼmatini anglash uchun oʻtkazilgan kichik eksperiment

Qahramonimiz Islombek Ismoilovning koʻzlari koʻrmaydi. Shunda ham u boriga shukur qilib yashamoqda. Oddiy odamlardek emasligiga qaramay qoʻlidan koʻp ish keladi. Kun.uz muxbiri koʻzi ojiz insonlarning hayotini, ularning ichki kechinmalarini oʻzida his qilib koʻrish uchun Islombek aka bilan bir kun davomida xuddi u kishiday yashab koʻrdi.

**Bir kunlik zulmat: Koʻrish neʼmatini anglash sari kichik tajriba**

Tong otishini koʻrish, yaqin insoningiz yuzidagi tabassumni ilgʻash, farzandingizning ilk qadamlarini kuzatish, yoʻlda toʻsiqni payqash, kitob oʻqish, telefon ekraniga qarash, hatto bir piyola choyni toʻkmasdan quyish – bularning aksariyati biz uchun shunchalik odatiyki, ularning qadriga koʻpincha yetmaymiz. Biz koʻrishni neʼmat sifatida emas, balki hayotimizning ajralmas qismi sifatida qabul qilamiz. Shu sababli ham u borligida sezilmaydi.

Ammo bir lahzaga tasavvur qiling: ertalab uygʻondingiz. Odatdagidek qoʻlingizni telefoningizga uzatdingiz. Vaqtni bilmoqchisiz. Ekranga qaradingiz. Lekin raqamlar yoʻq. Koʻzlaringizni ishqalaysiz. Yana qaraysiz. Ammo atrof yorishmaydi. Derazadan tong nuri tushmoqda, odamlar oʻz kundalik hayotini boshlagan, hamma ishga, oʻqishga otlanishgan, ammo siz bularni koʻra olmaysiz. Siz uchun bu tong zulmat bilan boshlandi.

Bunday holatda oʻzingizni qanday his qilardingiz?

Dunyoda 43 million inson hayotini aynan shunday sharoitda davom ettirmoqda. Ular uchun telefon ekranidagi yozuvlar, koʻchadagi belgilar, avtobus raqamlari yoki yaqin insonining yuzidagi ifoda bizdagidek koʻrinmaydi. Ammo bu ularning hayoti toʻxtaganini anglatmaydi. Ular oʻzlariga xos yoʻllar bilan oʻrganadi, moslashadi, ishlaydi, oila quradi, farzand tarbiyalaydi, kasb egallaydi va jamiyatda oʻz oʻrnini topadi.

Kun.uz muxbiri esa ana shu hayotga hech boʻlmaganda bir qadam yaqinlashish uchun oʻziga noodatiy tajriba oʻtkazishga qaror qildi – bir kun davomida koʻzlarini bogʻlab, koʻzi ojiz inson bilan birga yashab koʻrdi. Bu tajriba koʻzi ojiz insonning butun hayotini bir kunda tushunib olish uchun emas, balki ularning hayotini his qilib koʻrish, ularning kundalik hayoti, duch keladigan qiyinchiliklari, kuchli tomonlari va biz koʻp hollarda sezmaydigan neʼmat – koʻrish qobiliyatiga shukur qilish hissini tomoshabinlarga yetkazish maqsadida oʻtkazildi.

Bugungi eksperimentimizda Islombek Ismoilov bizga yordam berdilar. Qahramonimiz – Islom aka Ismoilov 1983-yilda Toshkent viloyati Toshkent tumani Keles hududidagi Gʻiyos Umarov jamoa xoʻjaligida tugʻilgan. Islombek aka 6 yoshigacha atrofni oz boʻlsa-da koʻra olgan. Ammo keyinchalik u koʻrish qobiliyatini butunlay yoʻqotadi.

Bu holat har qanday inson uchun ogʻir sinov boʻlishi tabiiy. Lekin Islombek aka bu sinov oldida taslim boʻlmadi. Oʻzini yoʻqotib qoʻymadi. Aksincha, oʻqishni, izlanishni va hayotda oʻz yoʻlini topishni davom ettirdi. U 6 yoshidan boshlab koʻzi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatda, 77-sonli “Nurli maskan” maktabida 10 yil taʼlim oldi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.