Layfstayl

Yozuvchi Yevgeniy Abdullayevning kitob javoni

«Gazeta» jamoat arboblari va adiblarning kitob javonlarini koʻzdan kechirishda davom etadi. Yangi sonimiz qahramoni yozuvchi va adabiy tanqidchi Yevgeniy Abdullayev (Suhbat Aflotuniy) boʻldi. U nima uchun avval oʻqilgan kitoblarni qayta oʻqish kerakligi, klassika odamlarga bir-birini tushunishga qanday yordam berishi haqida gapirib berdi va kitobxonlik insonni oʻz-oʻzidan yaxshiroq qilib qoʻymasligini tushuntirdi.

Yozuvchi Yevgeniy Abdullayevning kitob javoni

«Kitob javoni» mutolaa madaniyatini ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan. Javonlar yonida biz olimlar, yozuvchilar, shoirlar, tarjimonlar, jurnalistlar va jamoat arboblari bilan ularning fikricha oʻqishga arziydigan kitoblar hamda umuman adabiyot haqida suhbatlashamiz.

Inson sevgisiz yashay oladimi? Albatta. U ishlaydi, qayergadir boradi, unda qandaydir aloqalar paydo boʻlishi mumkin. Faqat sevgi boʻlmaydi. Siz shunday hayotni xohlarmidingiz? Kitoblar bilan ham xuddi shunday. Birorta ham kitob oʻqimay, juda xotirjam yashab oʻtish mumkin. Divanda yotish, rilslar tomosha qilish va oʻyinlar oʻynash sizni qoniqtiradimi? Marhamat. Ammo agar siz oʻzingiz uchun yaxshiroq narsani xohlasangiz, ushbu yaxshiroq narsalar qatoriga kitoblar ham kiradi.

Men kitob oʻqiydigan odamlar oʻqimaydiganlardan albatta yaxshiroq demoqchi emasman. Mazmun boshqa narsada: barchamiz atrofimizdagi dunyo oʻzgarishini xohlaymiz, lekin oʻzimiz avvalgidek qolishni istaymiz. Bunday boʻlmaydi. Agar oʻzimiz oʻzgarmasak, atrofimizda ham hech narsa biz xohlagan tomonga oʻzgara boshlamaydi.

Agar hayot hech boʻlmaganda maʼlum darajada kutganlaringizga mos kelishini xohlasangiz, oʻzingiz oʻzgarishingiz kerak.

Kitob esa buni amalga oshirishga yordam beradigan vositalardan biridir. Bu shuningdek jiddiy film, spektakl — shunchaki maʼlumotni emas, balki hissiy boʻyoqqa ega boʻlgan bilimni uzatadigan qandaydir narsa boʻlishi mumkin. Nafaqat aqlga, balki hissiyotlarga ham murojaat qiladigan narsa. Mopassanning mashhur romani nomi bilan aytganda, «hislar tarbiyasi» sodir boʻladi.

Men tavsiya qilmoqchi boʻlgan birinchi kitob — Ikkinchi jahon urushining mashhur tarixchisi Nikolas Stargardning «Safarbar qilingan millat. Germaniya, 1939–1945» kitobidir. Kitob The New York Times gazetasi talqiniga koʻra 2015 yilning eng sara 100 ta kitobi roʻyxatiga kirgan.

Stargard Ikkinchi jahon urushi tarixini global voqealar, yirik harbiy operatsiyalar va mashhur sanalar orqali emas, balki oddiy nemislarning taqdiri orqali hikoya qiladi. Ular siyosatchi yoki harbiy qoʻmondon boʻlishmagan, vahshiyliklar ham, qahramonliklar ham koʻrsatishmagan, lekin shu davrda yashab, uning guvohi boʻlishgan: kimdir jang qilgan, kimdir mudofaa korxonalarida mehnat qilgan, kimdir oddiy hayotini davom ettirgan. Kimdir urushni qoʻllab-quvvatlagan, kimdir uni qoralagan, kimdir esa urush bombardimonlar koʻrinishida oʻz uyiga kirib kelguniga qadar sodir boʻlayotgan voqealarga eʼtibor bermaslikka harakat qilgan.

Qayliqlar va kuyovlar, er-xotinlar, qarindoshlarning yozishmalari, kundaliklar va fotosuratlar orqali yozuvchi katta tarix oddiy inson koʻzi bilan qanday koʻringanini koʻrsatib beradi.

Hozir men uchun mutolaa asosan ish bilan bogʻliq. Oxirgi 20 yil ichida men shunchaki zavqlanish uchun kamdan-kam kitob oʻqiyman. Men adabiy tanqid, taqrizlar yozaman, shuning uchun hatto qiziqarli roman oʻqiyotganda ham ichki «kalkulyator» bu haqda qaysi nashr uchun yoza olishimni chamalab turadi. Biror parchani ajratib olishim, qayd qilib qoʻyishim, nimanidir alohida faylga saqlashim mumkin — baribir professional nigoh ishga tushadi. Baʼzan ertalab, bir finjon qahva ustida, hali ish yoki tashvishlar haqida oʻylaging kelmaganida, javondan Mandelshtam yoki Pasternakni olib, shunchaki oʻqiyman.

Mening fikrimcha, badiiy adabiyotni bir marta oʻqish kifoya qilmaydi. Birinchi oʻqishda siz asar bilan koʻproq tanishasiz, xolos.

Haqiqiy mutolaa kitobga maʼlum vaqt oʻtgach qaytganingizda boshlanadi.

Oʻshanda har doim ham darrov koʻzga tashlanmaydigan ikkinchi, uchinchi qatlamlar ochiladi. Bu xuddi dengizga oʻxshaydi: avval toʻlqinlardan zavqlanasiz, keyin suvga kirasiz, uni his qilasiz, keyin esa tubini koʻra boshlaysiz va u yerda nima borligini tomosha qilasiz.

Men hayotda ham, mutolaada ham bir umrlik sevgi tarafdoriman.

Menga yangi odamlar bilan tanishish yoqadi, lekin men doimo anchadan beri taniydigan va men uchun qiziqarliroq boʻlgan insonlarga qaytaman. Kitoblar bilan ham xuddi shunday: tasodifiy tanishlar, ulfatlar bor va hayotiy doʻstlar bor. Men uchun bular — Shekspir, Pushkin, Gogol, Dostoyevskiy. Klassikani qayta oʻqib, men oʻrganishda davom etaman.

Oʻsha davrga boshqacha nigoh bilan qarashni Igor Xramovning 1930-yillardan beri mavjud boʻlgan, shoʻrolar davridan beri mashhur «Ajoyib odamlar hayoti» turkumida chop etilgan «Aleksandr Shmorel» kitobi taqdim etadi. Bolaligimda kimnikigadir mehmonga borganda, shunday kulrang muqovali kitoblar bilan toʻldirilgan kitob javonini juda tez-tez koʻrish mumkin edi. Odamlar bu kitoblarni jon-dili bilan sotib olishar va oʻqishardi. Hozir ham bu turkum davom etmoqda.

Aleksandr Shmorel mashhur tarixiy shaxs, siyosatchi yoki harbiy qoʻmondon boʻlmagan. U oddiy nemis talabasi. Unda nega u haqida «Ajoyib odamlar hayoti» turkumida kitob chiqdi? 1940-yillarning boshida u olti nafar sherigi bilan birga «Oq atirgul» — antifashistik guruhini tuzgan boʻlib, uning aʼzolari Germaniyada sodir boʻlayotgan voqealarni qoralovchi varaqalarni chop etishgan va tarqatishgan. 1943 yilda guruh fosh etilgan, barcha ishtirokchilar hibsga olinib, oʻlim jazosiga hukm qilingan.

Kitob muhim savolni oʻrtaga tashlaydi: agar jamiyat yoki davlat fundamental tamoyillarni buzayotganini tushunsa, oddiy inson nima qila oladi?

Agar sizda na hokimiyat va na alohida imkoniyatlar boʻlmasa, oʻz noroziligingizni qanday ifodalash mumkin? «Oq atirgul» ishtirokchilari bu ular uchun qanday yakunlanishini juda yaxshi tushungan holda, sodir boʻlayotgan voqealarga ochiqchasiga qarshi chiqishgan. Bugungi kunda Germaniyada ularni qahramon deb hisoblashadi, chunki ular aksariyat odamlar sodir boʻlayotgan voqealarga moslashishga harakat qilayotgan bir paytda qarshilik oʻchogʻini yarata olishgan.

Mutolaa insonning ahmoqona va yomon ishlar qilishni toʻxtatishiga kafolat bermaydi. Kitob oʻqidi-yu, mehribon boʻlib qoldimi? Bu kulgili. Koʻp narsa inson aynan nima oʻqishiga bogʻliq, ayniqsa xarakter shakllanadigan bolalik davrida. Kitob universal dori emas — u faqat insonning oʻzgarishiga yordam berishi mumkin.

Germaniya ulkan madaniyatga, yuqori taʼlim va fan darajasiga, ulkan kutubxonalar va universitetlarga ega mamlakat edi — va shu bilan birga vahshiylik va odamlarni yoʻq qilish manbaiga aylandi.

Kitobxonlar jamiyati ham uning goʻzal va adolatli tuzilishiga kafolat bermaydi.

Biroq, kitobxonlari boʻlmagan jamiyat — bu dahshatli jamiyatdir, shuning uchun mutolaa madaniyatini faqat shaxsiy tanlov darajasida qoldirib boʻlmaydi. Albatta, agar oilada kitob oʻqilmasa, unda voyaga yetgan insonning faol kitobxon boʻlishini kutish gʻalati. Ammo oiladan tashqari bogʻcha, maktab, kutubxonalar, kitob klublari va mutolaani ommalashtirish boʻyicha boshqa tashabbuslar mavjud. Barchamiz ancha dangasamiz va agar bizni murakkabroq narsalarga oʻrgatishmasa, biz shunchaki ular bilan shugʻullanishni boshlamasligimiz mumkin.

Hozir mamlakatimizda mutolaa madaniyati bilan bogʻliq vaziyat, mening fikrimcha, yaxshilandi. Davlat darajasida mutolaani ragʻbatlantirish siyosati paydo boʻldi: «Yosh kitobxon», «Kitobxon oila» tanlovlari oʻtkazilmoqda, sovgʻalar topshirilmoqda. Ayniqsa kutubxonalar muhim ahamiyatga ega. Men hozir kutubxonalarimizga borib xursand boʻlaman — ularni moliyalashtirish yaxshilandi, koʻplari taʼmirlandi, u yerda doimo qandaydir tadbirlar boʻlib oʻtadi. Masalan, bolalar kutubxonasi taʼmirdan soʻng tom maʼnoda bolalar va yoshlar bilan gavjum. Bu juda soz.

Kutubxona bugungi kunda shunchaki kitob saqlanadigan joy boʻlmasligi kerak. Deyarli hamma narsani internetdan topish mumkin, shuning uchun u hayot qaynaydigan joyga aylanishi lozim: yozuvchilar bilan uchrashuvlar, taqdimotlar, tanlovlar, muhokamalar oʻtkazilishi kerak.

Mutolaa madaniyati — nafaqat shaxsiy odat masalasi.

Unga insonda ushbu odatni shakllantirishga yordam beradigan muhit kerak.

Mening uchinchi tavsiyam — bu ham Ikkinchi jahon urushi haqidagi, lekin mutlaqo boshqa rakursdagi kitob. Bu alban yozuvchisi, zamonaviy alban adabiyoti klassigi Ismoil Kadarening «Oʻlik armiya generali» romanikim.

Voqealar urushdan keyin sodir boʻladi. Albaniya Italiya tomonidan bosib olingan edi va u yerda koʻplab italyan askarlari halok boʻlgan. Urush tugaganidan oʻn besh yil oʻtgach, italyan generali ularning jasadlarini izlab topish, Italiyaga qaytarish va diniy marosim bilan dafn etish uchun Albaniyaga keladi. Ushbu qidiruvlar davomida u katta qiyinchiliklarga duch keladi.

Bu roman urushning oʻzi haqida emas, balki undan keyin nima qolishi haqidadir. U xotira va jarohat (travma) haqida.

Urush tugadi, lekin uning izi oʻnlab yillar davomida saqlanib qolishi mumkin. Buning ustiga, har bir xalqning oʻz milliy jarohati bor. Bir tomondan, u odamlarni birlashtirishi, umumiy xotirani shakllantirishi mumkin. Ikkinchi tomondan — savol tugʻiladi: bu jarohat bilan nima qilish kerak? Sodir boʻlgan voqealar xotirasi bilan qanday yashash kerak? Ushbu jarohatni yetkazgan xalqlar va davlatlarga qanday munosabatda boʻlish kerak? Tushunish, kechirish, unutishmi — yoki boshqacha yoʻl tutishmi?

Menimcha, bu uchta kitobni birgalikda oʻqish qiziqarli. Ularning barchasi Ikkinchi jahon urushi bilan bogʻliq, lekin ularning har biri urushni boshqa tomondan koʻrsatadi: «Safarbar qilingan millat» — oddiy odamlar koʻzi bilan, «Aleksandr Shmorel» — individual qarshilik tarixi orqali, «Oʻlik armiya generali» esa — urush xotirasi va uning oqibatlari orqali.

Nima uchun mumtoz asarlarni oʻqish muhim? Klassika — bu ancha oldin yozilgan, ammo bugungi kun uchun ham dolzarbligini saqlab qolgan qandaydir narsaga ega boʻlgan kitobdir. Shu bilan u adabiy arxivdan farq qiladi.

Masalan, Pushkin. Uning yonida oʻnlab boshqa mualliflar — Bulgarin, Vyazemskiy, Zagoskin va boshqa koʻplab ijodkorlar yashagan. Ular ham yozishgan (va bu ular yomon yozgan degani emas), lekin bugungi kunda ular asosan adabiyotshunoslarning qiziqish predmeti boʻlib qolmoqda, Pushkin esa madaniyatda yashashda va zamondoshlar uchun qiziqarli boʻlishda davom etmoqda.

Xuddi shu gapni Alisher Navoiy haqida ham aytish mumkin. U oʻz davrining yagona shoiri boʻlmagan, lekin uning sheʼriyatida til va davrdagi farqlarga qaramay, zamonaviy inson qalbiga yaqin boʻlib qoladigan narsa bor.

Bundan tashqari, klassika odamlar oʻrtasida kommunikativ maydon yaratadi.

Zamonaviy adabiyotni bir kishi oʻqishi, boshqasi esa oʻqimasligi mumkin. Hatto eng mashhur kitoblarni ham hamma oʻqiyvermaydi. Klassika esa, qoida tariqasida, koʻpchilikka tanish. Biz iqtiboslar almashishimiz mumkin va men sizga «Chem menshe jenshchinu mi lyubim, tem legche nravimsya mi yey» yoki «Moy dyadya samix chestnix pravil» qayerdan olinganini tushuntirishim shart emas.

Qadimgi Yunonistonda «Iliada» va «Odisseya» bilan ham taxminan shunday boʻlgan. Odamlar koʻplab parchalarni yoddan bilishgan, Platon dialoglarida esa qahramonlar shunchaki Gomerga havola qilishlari mumkin edi — va suhbatdoshga hech narsani tushuntirish talab etilmasdi.

Shu tariqa, klassika odamlar oʻrtasida koʻprikka aylanadi va ularning bir-birlarini yaxshiroq tushunishlariga yordam beradi.

Maʼlumotli inson esa — albatta juda koʻp kitob oʻqigan odam emas. Bu qandaydir umumiy madaniy maydonni biladigan insondir.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.