Bill Geyts sunʼiy intellekt sabab bir mlrd odam halok boʻlishi mumkinligidan ogohlantirdi

Bill Geyts sunʼiy intellekt tufayli bir mlrd odam halok boʻlishi mumkinligi haqida ogohlantirdi
Sunʼiy intellekt taraqqiyoti bir milliard odamning oʻlimiga olib kelishi mumkin boʻlgan hodisalarni yuzaga keltirishi ehtimoli bor. Bu haqda Microsoft asoschisi Bill Geyts NBC Newsʼga bergan intervyusida maʼlum qildi.
“SI, shubhasiz, juda katta kuchga ega. U bir milliard odamning oʻlimiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan jarayonlarni boshqarishga qodir. Albatta, 100 foizlik natijaga erishish oson emas. Ammo yovuz niyatli odamlar eng ilgʻor SI vositalaridan foydalansa, u misli koʻrilmagan darajada xavfli qurolga aylanishi mumkin”, dedi u.
Geytsning aytishicha, SI bilan shugʻullanuvchi kompaniyalarning oʻzini oʻzi nazorat qilishi yetarli emas. Shu sababli, hukumatlar ham texnologiya rivojini nazorat qilish jarayonida qatnashishi kerak.
U AQSH hukumatini bu yoʻnalishda tegishli qonunlar qabul qilishga, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi organlar va siyosatchilarni SI xavfsizligi hamda nazorati boʻyicha muhokamalarga jalb etishga chaqirdi.
“Bu majburiy boʻlishi kerak. Ushbu choralar soha uchun qoʻshimcha xarajatlarni talab qiladi, ammo kompaniyalar ishiga xalal bermaydi”, deya qoʻshimcha qildi Geyts.

