Bill Geyts ham SI rivojlanishini sekinlatishga chaqirdi. Tramp bunga qarshi chiqqandi

Bill Geyts ham SI rivojlanishini sekinlashtirishga chaqirdi. Tramp bunga qarshi chiqqan edi
Amerikalik milliarder va Microsoft kompaniyasi asoschisi Bill Geyts sun’iy intellekt rivojini sekinlashtirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi.
“SI o‘ziga xos texnologiya bo‘lib, uning xavflarini shaxsiy kompyuterlar yoki internet rivojlanishi oqibatlariga qiyoslab bo‘lmaydi. Bu juda jiddiy masala”, dedi Geyts.
U SI taraqqiyotining ehtimoliy oqibatlarini oldindan baholash zarur, deb hisoblaydi.
Milliarder aslida butun umri davomida innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlab kelganini ta’kidlab, jamiyatni bo‘lajak o‘zgarishlarga tayyorlash uchungina SI taraqqiyotini sekinlashtirish tarafdori ekanini aytdi.
“Bu innovatsiyalar shu qadar keng ko‘lamli va keskin bo‘lishi mumkinki, hali ularga tayyor emasmiz”, dedi tadbirkor.
Geyts, shuningdek, SIdan kiberhujum quroli sifatida foydalanish xavfi haqida alohida ogohlantirdi. Yaqin kelajakda g‘arazli niyatdagi shaxslar bunday vositalar yordamida yanada murakkab hujumlarni amalga oshirishi mumkin. “Shu sababli himoya choralarini oldindan tayyorlash va texnologiya ustidan nazoratni saqlab qolish zarur”, deydi u.
Yaqinda AQSH prezidenti Donald Tramp sun’iy intellekt rivojini sekinlashtirishga qarshi ekanini aytgandi. U soha yetakchilarining SI rivoji haqida bildirgan xavotirlarini inkor etdi va SI rivojlanishiga shubha bildirish faqatgina Xitoyga foyda keltirishini qo‘shimcha qildi.
14-sentyabr kuni dunyo bo‘ylab SI bilan bog‘liq aksiyalar narxi keskin tushib ketdi. Bunga sohaning eng yirik kompaniyalari rahbarlari texnologiya rivojlanish sur’atini sekinlashtirishga chaqirgani sabab bo‘ldi.
Anthropic kompaniyasi bosh direktori Dario Amodei 12-sentyabr kuni rivojlanishni tartibga soluvchi bosqichli rejani taqdim etgandi. Bu taklifni darhol boshqa yirik SI kompaniyalari rahbarlari, jumladan, xAI rahbari Ilon Mask va OpenAI bosh direktori Sem Altman qo‘llab-quvvatladi.
Bungacha bir necha hafta davomida SI agentlari operatorlar ko‘rsatmasiga qarshi chiqib, tashqi tizimlarga kirgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Shuningdek, taniqli xavfsizlik tadqiqotchilari tez rivojlanayotgan texnologiya yaqin kelajakda insoniyatning yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

