“Bilasizlarmi, prezident bo‘lib meni nima qiynaydi? Menga vaqt yetmaydi!” — Shavkat Mirziyoyev

“Bilasizlarmi, prezident bo‘lib meni nima qiynaydi? Menga vaqt yetmaydi!” — Shavkat Mirziyoyev
Janubiy Koreyaga davlat tashrifi bilan borgan Shavkat Mirziyoyev Seulda vatandoshlar bilan uchrashuv chog‘ida o‘ziga vaqt yetishmasligini aytib o‘tdi.
“…Men mashinada ko‘p yuraman, ko‘chada bir-biri bilan muloqot qilib ketayotgan yoshlarni ko‘rib o‘ylayman: qani endi ular eng baxtli kunlari shu ekanini bilsalar. Bilasizlarmi, prezident bo‘lib meni nima qiynaydi? Menga vaqt yetmaydi! ”.
Seulda davlat rahbarining vatandoshlarimiz bilan muloqotida shu so‘zlarni eshitib, ta’sirlandim. O‘zbekiston prezidentining davlat tashrifini yoritish uchun kelgan jurnalistlarga ham, butun delegatsiyamizga ham, mana endi bildikki, prezidentimizga ham vaqt yetmayapti.
Tasavvur qiling, Seul 4 soat oldinda. 15-sentyabr kuni O‘zbekistonda tonggi 6 bo‘lgan paytda davlat rahbarining Koreya Milliy assambleyasidagi uchrashuvi bo‘layotgandi.
Prezidentimiz parlament spikeri bilan xayrlashayotganida aytgan gaplari qulog‘imga chalindi: “Ishlarimiz juda ko‘p, soat 4 da uyg‘onishga to‘g‘ri kelyapti” .
“Ishlarimiz juda ko‘p” deganining ma’nosi, menimcha, shunday: prezidentning ish dasturida tushga qadar 1 ta uchrashuv, 1 ta qabul, yana 200 kishilik O‘zbekiston-Koreya biznes forumida nutq, hujjatlarni imzolash marosimi, O‘zbekiston viloyatlarida 5 ta qo‘shma yangi loyihaga start berish marosimi, Koreyaning 10 ta chebol kompaniyasi (ko‘p tarmoqli ulkan oilaviy biznes) bilan tet-a-tetlar bor. Shu paytda yana bir zalga odamlar yig‘ilgan, Koreyada yashayotgan va o‘qiyotgan 50 ga yaqin vatandoshlar kutib turibdi. Bu ishlarning boshida turish u yoqda tursin, shunchaki o‘qib chiqsangiz ham “ehhe” deysiz.
Kostyum-shim kiygan jiddiy odamlarning gaplarini eshitib qolaman: “balki vatandoshlar bilan uchrashuv ‘otmen’ bo‘lar? Uchrashuvga kirmang, deb ayta qolamiz, sammitga tayyorgarlik ko‘rishlari kerak, hali ‘obed’ ham qilmadilar”.
Tushlik qilmay ishlashlariga biz ham guvohmiz, ayniqsa xorijda tadbirlar bir-biriga ulanib ketaveradi. Prezident ko‘proq odam bilan gaplashishga harakat qiladi. Ko‘proq foyda olib ketay yurtimga, deydi prezident.
Bir kun ichida nihoyatda ko‘p odam bilan gaplashib, topshiriqlar bergani, nutq so‘zlagani — “non-stop” rejimi o‘z ta’sirini ko‘rsatadi: prezident ba’zan tomog‘i qirilayotgani uchun uzr so‘raydi, “bular menga suv ham bermaydi” deb yarmi hazil, yarmi chin gapiradi.
Auditoriya yoshlardan iborat. “El-yurt umidi” jamg‘armasining stipendiatlari, yoki “allaqachon tup qo‘yib palak yozganlar” — 50 dollar bilan biznes boshlab, bugun O‘zbekistondan import qilayotganlar, yoki universitetda 7 koreys talabaga o‘zbek tilini o‘rgatishdan boshlab, hozir yiliga 70 dan ortiq talaba o‘qitayotgan olimalar ham bor.
Prezident ularga tashrif tafsilotlarini tushuntiradi, nega Koreyaga kelgani, munosabatlarimiz qanday rivojlanib borayotgani, shu yerdagi fuqarolarga qanday ko‘mak berish mumkinligi haqida suhbatlashadi. 10 ga yaqin yoshlarning takliflarini tinglaydi.
Protokol xizmati bir necha bor rahbar oldiga kelib eslatadi: “9 soat bo‘ldi” .
Davlat rahbari esa muloqotni davom ettiradi. Jurnalistlar mag‘zini chaqishga urinib ko‘ramiz. To‘xtovsiz ishlayotganlariga 9 soat bo‘ldimi yoki muhim tadbir boshlanishiga 9 soat qoldimi?
Uchrashuvda Koreyada tadqiqot olib borayotgan Yelena Chuyanova “tez-tez, shoshilinch madaniyat”ni eslatadi: 빨리빨리 문화 (ppalli-ppalli munhwa). Ya’ni taraqqiyotdan ortda qolmaslik sharti — vaqtni yengish, nafaqat “jisman”, balki “ma’nan yengish”.
Koreyani rivojlantirgan bu madaniyat prezidentimizning “shoshilmasdan shoshilish” prinsipiga o‘xshaydi. Zamondan ortda qolmaydigan O‘zbekiston qurish orzusi shu.
“Bir daqiqa ham vaqtingizni bekorga o‘tkazmanglar. 5 yil o‘tadi, 10-15 yil o‘tadi. Kim boshqaradi O‘zbekistonni? Sizlar. To‘g‘ri, sog‘inch qiynaydi. Vatan sog‘inchi alamida ko‘proq ilm olinglar, vatanga sadoqat bilan xizmat qilinglar”.
9 soat “tik oyoqda” o‘tgan kun baribir yakunlanmaydi. 16-sentyabrda Markaziy Osiyo beshligi va Koreya sammiti bo‘ladi, hozir borib prezident o‘z nutqini, tashabbuslarni tayyorlaydi.
Qachon rahbar dam oladi — bu savolga javob topish butun delegatsiya uchun hozircha jumboq.
“O‘zimniyam qiynayman, sizlarniyam, ishlamagunlaringcha qo‘ymayman, bizga 40 million xalq qarab turibdi. Ularni rozi qilishimiz kerak”.
9 soatlik “non stop”ning sirini bilmayman-u, maqsadi esa aniq shu.

