Mahalliy

Avtobuslarda yoʻl haqi toʻlanganligini tekshirish vaqtida validatorlarni bloklashga qaror qilindi

Toshkent avtobuslarida yoʻl haqi toʻlanishini nazorat qiluvchilar endi yoʻlovchilar orasida toʻlov amalga oshirilganligini tekshirish vaqtida validatorlarni bloklab qoʻyishlari mumkin. «Bahonalar endi oʻtmaydi», — deb bayonot berdi «Toshshahartransxizmat». Yoʻlovchilar esa kirishda, ayniqsa, salon toʻla boʻlganda, tezkor toʻlov qilish qiyinligini taʼkidlamoqdalar.

Avtobuslarda yoʻl haqi toʻlanganini tekshirish vaqtida validatorlarni bloklashga qaror qilindi

Toshkent avtobuslarida yoʻl haqi toʻlanishini nazorat qiluvchilar 2 oktyabrdan boshlab tekshiruv vaqtida validatorlarni — yoʻl haqini toʻlash va roʻyxatdan oʻtkazish qurilmalarini bloklash imkoniyatiga ega boʻladilar. Agar yoʻl haqi toʻlanmagan yoki kirishda roʻyxatdan oʻtkazilmagan boʻlsa, yoʻlovchilar jarimaga tortiladi.

«„Inspektorni koʻrsam — toʻlayman“ yoki „Bekatgacha yetib borganda toʻlayman“ kabi bahonalar endi oʻtmaydi», — deyiladi kompaniya rolikida.

1 sentyabrdan boshlab brutto-kontrakt tizimida ishlaydigan yoʻnalishlardagi avtobus yoʻlovchilari yoʻl haqini kirishda toʻlashlari shart. Aks holda, yoʻlovchi chiptasiz hisoblanadi, deyiladi Oʻzbekiston hukumatining iyun oyidagi qarorida. Chiptasiz yurganlik uchun jarima ayni paytda 44 ming soʻmni tashkil etadi.

«Toshkent yoʻlovchi tashish transporti harakatini monitoring va nazorat qilish» davlat muassasasi direktori oʻrinbosari Abduvohid Xudoyberdiyevning maʼlum qilishicha, nazoratni kuchaytirishdan maqsad — qarorda koʻzda tutilgan yoʻl haqini toʻlash tartibini «mustahkamlash»dir.

Poytaxtda yoʻl haqini toʻlashning avtomatlashtirilgan tizimi 2020 yil boshidan joriy etilgan edi. 2025 yil 1 yanvardan shahar jamoat transporti toʻliq naqd pulsiz toʻlovga oʻtdi. Shu bilan birga, konduktorlar qisqartirildi. Ular nafaqat naqd pul qabul qilishardi, balki jahon amaliyotida kam kuzatiladigan holat sifatida, yoʻlovchilardan kartalarni olib, oʻzlari validatorga tekkizishardi.

Koʻpgina yoʻlovchilar yoʻl haqini chiqishda toʻlashga oʻrganib qolgan va hozirgacha shunday qilishda davom etmoqda. Muxbirlarimiz suhbatlashgan ayrim yoʻlovchilar, avtobuslarda bu haqda vaqti-vaqti bilan eʼlonlar yangrab tursa-da, yangi qoidalardan xabardor emasliklarini tan olishdi.

«Gazeta» suhbatlashgan aholi vakillari, ayniqsa salon gavjum boʻlganda yoki avtobusga koʻp odam chiqishga harakat qilayotganda, kiriboq toʻlov qilish qiyin boʻlishini taʼkidlamoqdalar. Avtobuslarga chiqish va tushish barcha eshiklar orqali amalga oshirilishiga ruxsat berilgan (ayrim hududlarda — faqat old eshik orqali).

QR-kod orqali ham tezkor toʻlov qilish oson emas: telefonda ilovani ochish va kamerani validatorga qaratish kerak. Natijada, kirishda yoʻl haqini toʻlashga ulgurmay, salon ichkarisiga oʻtib ketish mumkin.

«Birinchi navbatda yoʻl haqini toʻlamaydiganlar bilan kurashish kerak, toʻlaydigan, lekin kirishda ulgurmaganlar bilan emas», — dedi avtobuslardan muntazam foydalanuvchilardan biri.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.