Eslatma: Ertadan Toshkent avtobuslarida yo‘lkirani chiqish bilanoq to‘lash kerak bo‘ladi. Chipta cheki avtobus ichida ham tekshiriladi
1-sentabrdan Toshkentdagi jamoat avtobuslarida yo‘lovchilar yo‘l haqini safar boshidayoq to‘lashi shart. Nazoratchilar endi avtobus ichida ham yo‘lkirani to‘lash bo‘yicha monitoring olib boradi, shu paytgacha ular bekatlarda tekshiruv o‘tkazgan. Avtobusda chiptasiz yurganlik uchun jarima miqdori ham oshishi kutilmoqda.

Ertadan boshlab Toshkent avtobuslarida yo‘lkira haqini avtobusga chiqqan zahoti to‘lash majburiy bo‘ladi. Shuningdek, chipta cheki avtobus ichida ham tekshiriladi.
1-sentabrdan boshlab Toshkent shahridagi brutto-shartnoma asosida ishlaydigan avtobuslardan foydalanuvchilar uchun yo‘lkira haqini avtobusga chiqishi bilanoq to‘lash majburiy qilib belgilandi.
Bu tartib bo‘yicha "Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish" davlat muassasasi "Gazeta"ga izoh berdi. Shu paytgacha elektron chipta pulini safar oxirigacha, ya’ni avtobusdan tushishdan oldin to‘lash mumkin edi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-iyundagi qaroriga asosan, yo‘lovchi yo‘lkira haqini validatorlar bilan jihozlangan avtobusga chiqish vaqtida transport kartasi, bank kartasi, smartfon va boshqa kontaktsiz elektron to‘lov turlari (NFC, QR, Biometric, BLE, UWB) yoki ijtimoiy/transport kartasini validatorga tekizgan holda to‘laydi.
Agar yo‘lkira haqi ushbu bandda nazarda tutilgan usullar orqali avtobusga chiqish vaqtida to‘lanmasa (tasdiqlanmasa), u avtobusda chiptasiz yurgan deb hisoblanadi.
Muassasa rahbariyati bu tartib avval ham mavjud bo‘lganini, Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-noyabrdagi 482-sonli qarorida yo‘l kartochkasi yoxud avtobusda yurish huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjati bo‘lgan yo‘lovchi uni avtobusga chiqish vaqtida ko‘rsatishi shartligi belgilanganini eslatdi.
Biroq shu vaqtgacha buni nazorat qilish imkoni cheklangan tartibda bajarilardi, endilikda nazoratchilarning monitoring harakati kengaymoqda, deyiladi tushuntirishda.
Ta’kidlanishicha, bu tizim orqali yo‘nalishlardagi yo‘lovchi oqimi har bir bekat va vaqt kesimida aniq tahlil qilinadi. Bu orqali yo‘nalishlar ishini rejalashtirish va rivojlantirish imkoni bo‘ladi. Shuningdek, yo‘l haqi to‘lovi bo‘yicha yo‘lovchi va nazoratchi o‘rtasidagi turli tushunmovchiliklar va bahsli holatlarning oldi olinadi, deya tushuntirish berdi muassasa rahbariyati.
Poytaxtda avtobuslar bekatga kelib to‘xtaganda, yo‘lovchilarni tushirish va qabul qilish uchun barcha eshiklar ochiladi.
Bu holatda yo‘lovchilar avtobusga chiqishi bilan kartasini validatorga tekizishni unutmasligi kerak. Sentabr oyidan boshlab yo‘l haqi to‘lovini monitoring qiluvchi nazoratchilar avtobus salonida ham yo‘lovchilardan yo‘lkira chekini ko‘rsatishni talab qilishi mumkin. Shu paytgacha ular faqat bekatlarda turib, avtobusdan tushgan yo‘lovchilarni tekshirish huquqiga ega edi.
Avtobusda nazoratchining tekshiruvi davomida yo‘lovchi to‘lovni amalga oshirganini tasdiqlay olmasa, bu holat unga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirishga asos bo‘ladi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 144-moddasi 5-qismiga asosan mazkur holatda jarima miqdori BHMning o‘ndan bir qismiga teng bo‘ladi (1-sentabrdan 44 ming so‘m).
Chiptasiz yurganlarga qarshi reydlar 2025-yil 14-martdan kuchaytirilgan.
2026-yilning o‘tgan 7 oyi mobaynida chiptasiz yurgan yo‘lovchilarga nisbatan jami 82 055 ta, umumiy hisobda esa 104 557 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima solish bo‘yicha qarorlar chiqarilgan. Ushbu qarorlar asosida huquqbuzarlardan jami 2,038 mlrd so‘mlik jarima pullari undirilgan.
Olib borilgan tahlillarga ko‘ra, ma’muriy bayonnomalarning 76 371 tasi yoki 93 foizi 16−30 yosh toifasiga mansub yo‘lovchilarga nisbatan tuzilgan. Bundan:
* 57 850 tasi yoki 70,5 foizi 18−30 yosh toifasiga mansub, huquqbuzarlarning aksariyati talabalar.
* 18 521 tasi yoki 22,6 foizi 16−17 yosh toifasiga mansub fuqarolarga nisbatan.
Shuningdek, avtobusda yo‘l haqini to‘lamaslik, chiptasiz yurganlik uchun jarima miqdorini oshirib, BHMning yarmiga teng — 220 ming so‘m etib belgilash taklifi kiritilgani ham qo‘shimcha qilindi.

