Avtobusda yo‘lkira to‘lamay yurganlarga jarima 10 baravargacha oshirilishi mumkin
2026-yilning 1 sentyabridan avtobusda yo‘l haqini to‘lamaganlik uchun jarimani oshirish masalasi ko‘rib chiqilyapti. Yangi tartib tasdiqlansa, birinchi marta yo‘lkira to‘lamagan yo‘lovchiga 220 ming so‘m, bu holat takrorlansa, 440 ming so‘m jarima solinadi. Ma’lumot uchun, hozirda avtobusda chiptasiz yurganlik uchun jarima BHMning o‘ndan bir qismi - 41 200 so‘mni tashkil etadi.

O‘zbekistonda avtobusda yo‘lkira to‘lamaganlik uchun jarima miqdori 10 baravargacha oshirilishi mumkin. Bu haqda Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi direktori Muhammadjon Qahhorov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Qahhorovning so‘zlariga ko‘ra, avtobusga chiqqanda yo‘l haqi to‘lamaganlar chiptasiz yo‘lovchi sifatida qayd etilib, ularga nisbatan jarima jazosi qo‘llanilishi belgilangan. Mazkur holatlarni aniqlash uchun nazoratchi xodimlarda planshetlar mavjud. 2026-yilning o‘tgan 7 oyi mobaynida 82 mingdan ortiq yo‘lovchi yo‘l haqini to‘lamagani aniqlangan va huquqbuzarlardan 2 mlrd so‘mdan ziyod jarima pullari undirilgan.
Qahhorovning qo‘shimcha qilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-iyundagi 276-sonli qarorida tegishli idoralarga chiptasiz yurganlik uchun jarima jazosini kuchaytirish bo‘yicha taklif berish vazifasi yuklatilgan. Bugungi kunda tegishli takliflar ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga kiritilgan.
«Takliflar shundan iboratki, birinchi marotaba yo‘l haqini to‘lamaganlar uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi, ya’ni bu 1 sentyabrdan 220 ming so‘m, takroran sodir etilsa bir baravari, ya’ni 440 ming so‘mgacha jarima jazosi belgilanmoqda. Bundan asosiy maqsad yo‘l haqi tushumining to‘liqligini ta’minlash, avtobuslar ishi shaffofligini oshirish va ishlarni aniq rejalashtirish», deydi Muhammadjon Qahhorov.
Ma’lumot uchun, ayni paytdagi tartib bo‘yicha chiptasiz yo‘lovchilardan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi 5-bandiga ko‘ra, BHMning o‘ndan bir qismi, ya’ni 41 ming 200 so‘m miqdorida jarima undiriladi.
Avvalroq 1 sentyabrdan boshlab yo‘lovchilar avtobusga chiqishi bilan yo‘lkira haqini to‘lashlari shartligi belgilangani xabar qilingandi.

