Avtobusda chiptasiz yurgan yo‘lovchilar uchun jarimani 5 baravar oshirish taklifi ishlab chiqildi
Bir yilda Toshkent avtobuslarida chiptasiz yurgan 113 mingdan ziyod yo‘lovchidan 2,7 mlrd so‘m jarima undirildi. Transport vazirligi yo‘l haqini to‘lamasdan yurganlik uchun jarimani 5 baravarga oshirishni taklif etyapti. 'Bu jamoat transportidan foydalanish madaniyatini oshirishga qaratilgan', — dedi mas’ullar.

Avtobusda chiptasiz yurgan yo‘lovchilar uchun jarimani 5 baravar oshirish taklifi tayyorlandi
Bir yil ichida Toshkent avtobuslarida chiptasiz yurgan 113 ming nafardan ortiq yo‘lovchiga ma’muriy bayonnoma tuzilib, 2,7 mlrd so‘m jarima undirildi.
Mamanbiy Omarovning aytishicha, Toshkentda avtobuslar kuniga 24 mingta qatnovni amalga oshiradi. Rasmiylar aniqlagan holatlarning o‘zidayoq har kuni ming nafardan ortiq yo‘lovchi yo‘l haqini to‘lamasdan tushib ketmoqda. U bu raqamlar faqat aniqlangan holatlarni aks ettirishini, amalda esa ko‘rsatkich bundan yuqori bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.
Mirakbar Ikromovning so‘zlariga ko‘ra, chiptasiz yuradigan yo‘lovchilar umumiy yo‘lovchilar sonining 8−10 foizini tashkil etadi. Ayrim yo‘nalishlarda bu ko‘rsatkich 10 foizdan ham oshadi.
Uning ta’kidlashicha, 2026-yil 1-sentabrdan yo‘lovchilar avtobusga chiqish chog‘ida yo‘l haqini to‘lashi belgilangan. Vazirlar Mahkamasining joriy yil 3-iyundagi 276-sonli qarori bilan inspektorlarga avtobus salonida ham yo‘lovchilarning to‘lovni amalga oshirgan-oshirmaganini tekshirish vakolati berilgan. Avval ular asosan oraliq va oxirgi bekatlarda reyd o‘tkazgan bo‘lsa, yangi tartibga ko‘ra avtobus ichida ham nazorat olib borishi mumkin.
Ikromovning aytishicha, yangi tartib chiptasiz yo‘lovchilarni aniqlash imkoniyatini kengaytirgan. Inspektorlar muayyan yo‘nalishlarda muntazam ravishda to‘lov qilmaydigan yo‘lovchilarni aniqlash va ularga nisbatan chora ko‘rish bilan shug‘ullanadi.
“Inspektorlarimiz ham odam. Tig‘iz vaqtlarda avtobusning old eshigidan orqa eshigigacha borib, hammani tekshirish oson emas. Shuning uchun biz ularga bunday vaqtlarda avtobus ichida yurmaslik, odam kamroq bo‘lgan paytlarda tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berganmiz”, — deydi u.
Mirakbar Ikromovning ma’lum qilishicha, yo‘l haqini to‘lamaydigan yo‘lovchilarning 98 foizini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. Uning aytishicha, nazoratchilarning faoliyati ham kuzatib boriladi: barcha inspektorlar bodikamera va planshetlar bilan ta’minlangan. Bu qurilmalar ularning qaysi yo‘nalishdagi avtobusga chiqqanini, xatti-harakatlari va yo‘lovchilar bilan muomala madaniyatini nazorat qilish imkonini beradi.
“Inspektorlarga bir kunda shuncha qoidabuzarni ushlash kerak, degan majburiy topshiriq berilmaydi. Biz ularning ish sifatini ham nazorat qilamiz”, — deydi Ikromov.
Navro‘z Ashurmatovning ta’kidlashicha, yo‘l haqini to‘lash intizomi jamoat transporti sifatini oshirish bilan bevosita bog‘liq. Yo‘lovchilardan tushadigan mablag‘larni to‘liq yig‘ish transport xarajatlarining bir qismini qoplashda muhim ahamiyatga ega.
“Yo‘lovchilar yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lash majburiyatini his qilishi kerak. Biz 30 yoshgacha bo‘lganlar orasida chiptasiz yurish holatlari ko‘pligini ko‘ryapmiz. Vaholanki, o‘quvchilar va talabalar uchun imtiyozli transport kartalari joriy qilingan. Ular orqali yo‘l haqiga 50 foiz chegirma beriladi”, — deydi Ashurmatov.
Uning fikricha, yo‘l haqini to‘lamayotgan yo‘lovchilarga nisbatan jamoatchilik nazorati ham kuchayishi zarur. Jamiyatda to‘lov madaniyati shakllanib, yo‘lovchilarning asosiy qismi yo‘l haqini to‘liq to‘lasa, nazoratchilarga bo‘lgan ehtiyoj ham kamayadi.
Mirakbar Ikromovning aytishicha, 1-oktabrdan jamoat transportida yo‘l haqi oshirilganidan keyin chiptasiz yurgan yo‘lovchilar soni ko‘paygani kuzatilmagan. Aksincha, o‘tgan yilga nisbatan bir kunda tashilgan yo‘lovchilar soni bo‘yicha rekord qayd etilgan — avtobuslar 1 mln 520 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan.
Uning ma’lum qilishicha, bir yil, ya’ni 2025-yilning oktabridan 2026-yil oktabriga qadar bo‘lgan davrda chiptasiz yurgan 113 ming nafardan ortiq yo‘lovchiga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, 2,7 mlrd so‘m jarima undirilgan.
Ikromovning aytishicha, Transport vazirligi yo‘l haqini to‘lamasdan yurganlik uchun jarima miqdorini oshirish bo‘yicha taklif ishlab chiqqan. Hozirda amaldagi 44 ming so‘mlik jarimani besh baravarga oshirish masalasi vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda.
“Bu budjetga tushumni ko‘paytirish uchun emas, balki jamoat transportidan foydalanish madaniyatiga ta’sir ko‘rsatish maqsadida taklif etilmoqda”, — deydi u.
Navro‘z Ashurmatovning ta’kidlashicha, jarima miqdori qoidabuzarlikning oldini olishga ta’sir qilishi kerak. Agar yo‘lovchi jarimani moliyaviy jihatdan sezmasa, qoidabuzarlikni takrorlashi va bunga odatlanib qolishi mumkin.
“Yo‘lovchi jarimaning ta’sirini o‘z cho‘ntagida sezadigan bo‘lsa, keyingi safar qoidabuzarlikni amalga oshirmaslikka harakat qiladi. Agar moliyaviy zararni his qilmasa, qoidabuzarlikni takrorlayveradi va oxir-oqibat bunga ko‘nikib qoladi. Xalqaro amaliyotda ham chiptasiz yurgan yo‘lovchilarga nisbatan qat’iy nazorat choralari qo‘llanadi, rivojlangan davlatlarda jarimalar miqdori ancha yuqori”, — deydi vazirlik matbuot kotibi.
Mamanbiy Omarovning aytishicha, jamoat transportida tashuvchilarga bosib o‘tilgan har bir kilometr uchun haq to‘lanadi. Yo‘lovchilardan tushgan mablag‘lar jamg‘armaga yo‘naltiriladi, xarajatlarni qoplash uchun pul yetmagan taqdirda esa qolgan qismi davlat budjeti hisobidan qoplanadi. Shu sababli yo‘l haqining oshirilishi davlat xarajatlari kamayishini anglatmaydi.
Uning ta’kidlashicha, davlat mablag‘lari nafaqat avtobuslar xarajatlarini qoplash, balki yangi avtobuslar xarid qilish va yo‘nalishlar sonini ko‘paytirish uchun ham sarflanadi.
Omarov O‘zbekistonda jamoat transporti tariflari xalqaro taqqoslashda eng arzon beshtalikdan joy olishini aytdi. Uning fikricha, bunda aholi jon boshiga daromad va yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichlarini ham hisobga olish lozim.
“Bu yerda prezidentimizning „Inson qadri uchun“ ijtimoiy siyosati yotibdi. Biz baribir ijtimoiy davlatmiz. Yo‘l haqi so‘nggi uch yilda oshirilmagan. Agar narxlar har yili 200−300 so‘mdan oshirib borilganda, bu unchalik sezilmasdi. Lekin ochig‘ini aytish kerak, davlat budjeti ham cheklangan. Shu sababli transport xarajatlari bilan birga maktablar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy obyektlar uchun ham mablag‘ ajratish zarur”, — deydi vazir o‘rinbosari.
Mirakbar Ikromovning ma’lum qilishicha, 2025-yilda Toshkent shahrida jamoat transporti uchun budjetdan 1,8 trln so‘m ajratilgan. Yo‘lovchilar amalga oshirgan to‘lovlar 600 mlrd so‘mni tashkil etgan. Shu tariqa o‘tgan yili transport xarajatlarining uchdan bir qismi yo‘lovchilar to‘lovlari hisobidan qoplangan.
Uning aytishicha, hozirda Toshkentda bir yo‘lovchini avtobusda tashish tannarxi 5580 so‘mni tashkil etadi. Kelgusi yilda yana 500 ta avtobus olib kelish, yo‘nalishlar sonini ko‘paytirish va qatnovlar oralig‘ini qisqartirish rejalashtirilgan. Bu esa jamoat transporti xarajatlarining oshishiga ta’sir qiladi.
“Hozirgi prognozlarga ko‘ra, kelgusi yilda jamoat transporti xarajatlari 2,7 trln so‘mni tashkil etishi kutilmoqda. Yo‘l haqi 2500 so‘m bo‘lgan taqdirda, yo‘lovchilardan tushadigan mablag‘ taxminan 1 trln so‘mga yetishi mumkin. Qolgan 1,7 trln so‘m davlat budjeti hisobidan qoplanadi. Bu umumiy xarajatlarning 60 foizdan ortig‘i davlat zimmasiga to‘g‘ri kelishini anglatadi”, — deydi u.
Navro‘z Ashurmatovning ta’kidlashicha, tarif oshirilgan bo‘lsa ham, jamoat transporti xarajatlarining yarmidan ko‘pi davlat tomonidan qoplanmoqda. Yo‘lovchilar esa bir nechta transport turidan foydalanganda almashish tariflari va safarlar soniga qarab tejash imkonini beradigan tarif paketlaridan foydalanishi mumkin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, pensionerlar, o‘quvchilar va talabalar uchun ATTO imtiyozli kartalari joriy qilingan bo‘lib, ular orqali yo‘l haqiga 50 foiz chegirma beriladi. Ayrim banklar ham transport to‘lovlarida ishtirok etib, har bir safar uchun keshbek taklif qilmoqda.

