Avtobuslarda 1-sentyabrdan chiptasiz yo‘lovchilarni aniqlash bo‘yicha nazorat tadbirlari kuchaytiriladi

1-sentyabrdan boshlab avtobuslarda chiptasiz yo‘lovchilarni aniqlash bo‘yicha nazorat choralari kuchaytiriladi. Brutto-shartnoma asosida ishlayotgan barcha shahar avtobuslarida yo‘lovchilar transportga chiqqan zahoti yo‘l haqini to‘lashlari shart bo‘ladi.
Transport nazorati inspeksiyasi hamda shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi xodimlari endilikda nazorat tadbirlarini bevosita avtobus salonlarida ham o‘tkazadilar.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, avtobusda chiptasiz yurish bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) o‘ndan bir qismi, ya’ni hozirda 41 200 so‘m miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi. Transport vazirligi yo‘lovchilarni yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lashga chaqirdi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-iyundagi 276-sonli qarorida tegishli idoralarga chiptasiz yurganlik uchun jarima jazosini kuchaytirish bo‘yicha takliflar kiritish vazifasi yuklatilgan edi. Bugungi kunda bu takliflar ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga taqdim etilgan.
Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi direktori Muhammadjon Qahhorov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida shunday dedi: “Takliflar shundan iboratki, birinchi marotaba yo‘l haqini to‘lamaganlar uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi, ya’ni bu 1-sentyabrdan 220 ming so‘m, takroran sodir etilsa, bir baravari, ya’ni 440 ming so‘mgacha jarima jazosi belgilanmoqda”.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning o‘tgan yetti oyi davomida 82 mingdan ortiq yo‘lovchi yo‘l haqini to‘lamagani aniqlangan. Ushbu huquqbuzarlardan 2 milliard so‘mdan ortiq jarima pullari undirilgan.

