Attestatsiyadan oʻta olmagan oʻqituvchining toifasi pasayadimi?
Malaka toifasini umrbod saqlab qolish huquqiga ega oʻqituvchi yuqoriroq toifa yoki 70 foizlik ustama olish maqsadida navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashib, yetarli ball toʻplay olmasa ham, amaldagi toifasi pasaytirilmaydi. Shu toifa boʻyicha ish haqi ham saqlanib qoladi.

Attestatsiyadan oʻta olmagan oʻqituvchining toifasi pasayadimi?
Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda belgilangan.
Nizomning 7-bandiga muvofiq, malaka toifasini umrbod saqlab qolish huquqiga ega pedagoglar navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi.
Shu bilan birga, ular yuqoriroq malaka toifasi yoki ustama olish maqsadida oʻz xohishiga koʻra navbatdan tashqari attestatsiyada ishtirok etishi mumkin.
Nizomning 44-bandiga koʻra, navbatdan tashqari attestatsiyada yetarli ball toʻplay olmagan pedagogning malaka toifasi pasaytirilmaydi. Uning amaldagi toifasi hamda shu toifa boʻyicha ish haqi saqlanib qoladi.
Yaʼni ixtiyoriy sinovda kutilgan natijaga erisha olmaslik oʻqituvchini avvalgi malaka toifasidan mahrum qilmaydi.

