B2 sertifikati yo‘q xorijiy til o‘qituvchilari ishini davom ettirishi mumkin – vazirlik
Amaldagi tartibga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yiliga qadar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida

B2 sertifikati bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari ishini davom ettirishi mumkin – vazirlik
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari hozircha maktablarda mehnat faoliyatini davom ettirishi mumkinligini ma’lum qildi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yiliga qadar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy til o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi lozim edi.
Biroq vazirlik ushbu talabga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlagan. Loyiha jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan ko‘rib chiqilgan hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.
Shu bois, tegishli qaror qabul qilinguniga qadar talab darajasidagi sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari maktablarda ishlashni davom ettirishi mumkin.
Masala yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilinganidan so‘ng berilishi bildirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan va unda talab etiladigan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan o‘qituvchilar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish rejalashtirilayotgani aytilgan edi.

