Atstek hujjati xorijda 186 yil saqlanganidan keyin Meksikada namoyish etildi
Frantsiya milliy kutubxonasi atsteklar tarixini hikoya qiluvchi qoʻlyozmani Meksikaga vaqtinchalik foydalanishga bermoqda.

Atstek hujjati 186 yil xorijda boʻlganidan keyin Meksikada namoyish etilmoqda
Atskatitslan kodeksi atsteklar tarixini, jumladan, ularning Tenochtitlanni ispan konkistadorlaridan himoya qilish uchun olib borgan janglarini hikoya qiladi
Atstek tsivilizatsiyasi tarixi va uning ispan konkistadorlari kelganidan keyingi qulashini piktogrammalar orqali hikoya qiluvchi asrlik qoʻlyozma 186 yil ichida ilk bor Meksikada namoyish etilmoqda.
«Atskatitslan kodeksi» nomi bilan mashhur boʻlgan ushbu hujjat 1898 yildan beri Frantsiya Milliy kutubxonasida saqlanib kelayotgan edi, garchi u bungacha ham bir necha oʻn yillarni Meksikadan tashqarida oʻtkazgan boʻlsa-da.
U XVI asrda, konkistadorlar hozirgi Meksika hududiga kelganidan bir necha yil oʻtib yaratilgan deb ishoniladi va atsteklar tarixining eng qimmatli hamda koʻp narsani ochib beruvchi manbalaridan biri sifatida keng eʼtirof etiladi.
Frantsiya Franko-Meksika munosabatlarining 200 yilligini nishonlash maqsadida Atskatitslan kodeksini Meksikaga vaqtinchalik foydalanishga berdi.
Ispan konkistadori Ernan Kortesning hozirgi Meksika hududiga kelishi Atskatitslan kodeksida tasvirlangan sahnalar qatoridan joy olgan
Buning evaziga Meksika boshqa bir bebaho hujjat — «Boturini kodeksi»ni Frantsiyada namoyish etish uchun ushbu mamlakatga vaqtinchalik berishga rozi boʻldi.
Boturini kodeksidagi piktogrammalar atsteklar (meshikalar deb ham ataladi) oʻz ajdodlari vatanidan Teskoko koʻli qirgʻoqlariga koʻchib oʻtishi va u yerda Tenochtitlan shahriga asos solgani haqida hikoya qiladi.
Ikki kodeksni vaqtinchalik almashish boʻyicha kelishuvga Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaum va uning frantsiyalik hamkasbi Emmanuel Makron oʻrtasida, Makronning oʻtgan yili Meksikaga amalga oshirgan tashrifi chogʻida erishilgan edi.
Meksika oʻtgan asrlarda mamlakatdan olib chiqib ketilgan tarixiy artefaktlarni qaytarish uchun uzoq vaqtdan beri kurashib keladi.
Meksika Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yili 2000 dan ortiq ashyo muvaffaqiyatli ravishda vatanga qaytarilgan.
Atskatitslan kodeksi payshanba kunidan boshlab Mexiko shahridagi Milliy antropologiya muzeyida namoyish etiladi.

