Tokio aeroportida paypoq ichiga 200 ta kaltakesak yashirgan erkak qo‘lga olindi

Tokio aeroportida paypoqqa yashirilgan 200 ta kaltakesak bilan erkak qo‘lga olindi.
Tokioning Haneda aeroportida meksikalik erkak hibsga olindi. Bojxona xodimlari uning chamadonidagi 22 juft paypoq ichidan 200 ga yaqin kaltakesak topdi. Bu haqda The Independent xabar berdi.
23 yoshli Daniel Isaak Velasko Baltazar 8-avgust kuni sudralib yuruvchilarni Janubiy Koreyadan Yaponiyaga deklaratsiyasiz olib kirishga uringanlikda ayblanmoqda. Bu mamlakat bojxona qonunchiligini buzish hisoblanadi. Tokio shahar IIB u jonzotlarni ruxsatsiz olib kirganini tan olganini ma’lum qildi.
Chamadon ochilganda kaltakesaklardan biri o‘lik holda topilgan. Ularning 9 tasi Meksika alligator kaltakesagi bo‘lgan. Bu tur faqat Meksikaning tog‘li o‘rmonlarida uchraydi. U Yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlarning xalqaro savdosi to‘g‘risidagi konvensiyaga kiritilgan. Ushbu turdagi jonzotlarni chegaradan olib o‘tish uchun hukumat ruxsati talab qilinadi.
Gumondorning tergovchilarga aytishicha, u kaltakesaklarning har birini Meksikada 560 (3,5 dollar) dan 750 iyena (4,71 dollar)gacha bo‘lgan narxda sotib olgan. Bu hayvonlar Yaponiyada juda kamyob hisoblanadi. U yerda ularning bittasi taxminan 100 ming iyena (628 dollar)ga sotiladi.
Iyul oyining oxirida Tokio politsiyasiga anonim xabar kelib tushgan edi. Unda meksikalik fuqaro amfibiya va sudralib yuruvchilar ko‘rgazma-savdosi uchun kaltakesaklarni noqonuniy olib kirmoqchi ekani aytilgan.
Shundan so‘ng Haneda aeroporti bojxona xodimlari ogohlikni oshirgan. Erkak yetib kelganida uning chamadoni tekshirilgan. Jonzotlar paypoqlar ichida va futbolkalarga o‘ralgan holda topilgan. Chamadonda Meksika alligator kaltakesagidan tashqari boshqa turlar ham bo‘lgan. Hukumat vakillari ular qaysi turga tegishli ekanini aniqlamoqda.
Meksika alligator kaltakesaklari och-yashil rangda bo‘ladi va sekin harakatlanadi. Ular Markaziy Meksikaning Siyerra-Madre qarag‘ay va emon o‘rmonlarida yashaydi. U yerda daraxtlarning kesilishi va uy hayvoni sifatida ushlanishi sababli ularning soni kamayib ketgan. Bu tur yo‘qolib ketish xavfi ostida deb tasniflangan.
Yaponiya ekzotik sudralib yuruvchilar uchun dunyodagi eng yirik bozorlardan biridir. Aeroportlarda kontrabanda hayvonlarining ushlanishi bu yerda tez-tez uchrab turadi. Avvalroq, xususan, Keniyada har biri 200 dollar turadigan chumolilarni olib chiqib ketishga uringan xitoylik erkak bir yilga qamalgani haqida xabar berilgandi.

