Atom elektr energiyasini eng ko‘p ishlab chiqaradigan 10 ta davlat ma’lum bo‘ldi
Dunyoda atom energetikasi rivojlanishda davom etmoqda. 2025-yilda global ishlab chiqarish rekord darajaga yetdi, Xitoy esa yetakchi davlatlar orasida eng katta o‘sishni qayd etdi.

Atom elektr energiyasini eng ko‘p ishlab chiqaradigan 10 ta davlat aniqlandi
2025-yil yakunlariga ko‘ra, atom elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha AQSH dunyoda birinchi o‘rinni egallagan. Mamlakatdagi atom elektr stansiyalari (AES) yil davomida 784,78 teravatt soat elektr energiyasi ishlab chiqargan. Bu haqda Ember tadqiqot markazining Global Electricity Review 2026 hisobotida ma’lum qilingan.
Ro‘yxatda ikkinchi o‘rinni 488,18 teravatt soat bilan Xitoy, uchinchi o‘rinni esa 392,07 teravatt soat bilan Fransiya egallagan. Rossiya 218,65 teravatt soat bilan to‘rtinchi, Janubiy Koreya esa 184,67 teravatt soat bilan beshinchi o‘rinda qayd etilgan.
Atom elektr energiyasini eng ko‘p ishlab chiqargan 10 ta davlat:
AQSH — 784,78 teravatt soat;
Xitoy — 488,18;
Fransiya — 392,07;
Rossiya — 218,65;
Janubiy Koreya — 184,67;
Yaponiya — 94,09;
Kanada — 85,32;
Ispaniya — 54,07;
Hindiston — 53,83;
Ukraina — 52,88.
Ember ma’lumotlariga ko‘ra, yetakchi beshta davlat ichida eng katta o‘sish Xitoyda kuzatilgan. 2025-yilda mamlakatdagi AESlar oldingi yilga nisbatan 37,33 teravatt soat yoki 8,28 foiz ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqargan.
Fransiyada bu ko‘rsatkich 11,62 teravatt soatga, Rossiyada 2,94, AQSHda esa 2,92 teravatt soatga oshgan. Janubiy Koreyada esa aksincha, 4,08 teravatt soatga kamaygan.
Shunga qaramay, AESlarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining mamlakatdagi umumiy elektr ta’minotidagi ulushi turlicha. Masalan, Fransiyada 2025-yilda jami elektr energiyasining 69 foizi atom stansiyalarida ishlab chiqarilgan. Xitoy atom elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda bo‘lsa-da, mamlakatda ishlab chiqariladigan jami elektr energiyasining faqat kichik qismi AESlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Jahon yadro assotsiatsiyasi sentyabr oyida e’lon qilgan World Nuclear Outlook Report 2026 hisobotida ham dunyo bo‘yicha atom elektr energiyasi ishlab chiqarish rekord darajaga yetgani qayd etilgan. Yil davomida 11 ta yangi reaktor qurilishi boshlangan. Ularning to‘qqiztasi Xitoyda, ikkitasi Rossiyada joylashgan. Shuningdek, uchta yangi reaktor elektr tarmog‘iga ulangan, yettitasi esa butunlay faoliyatini to‘xtatgan.
Assotsiatsiya hisob-kitoblariga ko‘ra, davlatlarning hozirgi rejalari amalga oshsa, 2050-yilga borib dunyodagi AESlarning umumiy quvvati uch baravar oshishi mumkin. Biroq buning uchun yangi reaktorlarni ishga tushirish sur’atini hozirgiga nisbatan taxminan olti baravar oshirish talab etiladi.

