Yevropadagi anomal issiq AES ishiga qanday ta’sir qilmoqda?
Yevropada davom etayotgan anomal issiqlik va daryolarda suv sathining pasayishi atom elektr stansiyalarini ishlab chiqarish quvvatini qisqartirishga majbur qilmoqda. Ayrim davrlarda Fransiya AESning mavjud quvvati 8–9 gigavattgacha cheklangan. Bu holat nafaqat atom energetikasiga, balki Yevropa elektr tarmoqlari barqarorligi, davlatlararo elektr savdosi va narxlarga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

Yevropadagi g‘ayritabiiy issiqlik atom elektr stansiyalari (AES) faoliyatiga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?
Yevropada kuzatilayotgan kuchli jazirama tufayli Dunay va boshqa yirik daryolarda suv sathi keskin pasayishi atom elektr stansiyalarining ob-havo sharoitlari va suv resurslariga bog‘liqligini yana bir bor yaqqol namoyish etdi.
Vengriyadagi yagona "Paksh" AES bunga misol bo‘la oladi. Odatda mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining qariyb 40 foizini qoplaydigan ushbu stansiyada hozirda to‘rtta energoblokdan faqat bittasi ishlamoqda. Dunayda suv sathining rekord darajada pasayishi bir paytlar stansiyaning butunlay to‘xtatilish xavfini ham keltirib chiqargan edi.
Biroq, Yevropa elektr energiyasi bozori uchun Fransiyadagi vaziyat yanada muhimroqdir. Chunki Yevropada hech bir davlat elektr ta’minotida atom energetikasiga Fransiya kabi yuqori darajada tayanmaydi.
Agar Fransiya AESlarida ishlab chiqarish kamaysa, mamlakat qo‘shni davlatlarga elektr energiyasi eksportini qisqartirishga yoki ayrim hollarda o‘zi import qilishga majbur bo‘lishi mumkin.
Fransiya Hisob palatasining 2023-yilgi hisobotiga ko‘ra, 2000-2022-yillar oralig‘ida suv haroratining ko‘tarilishi va daryolar sathining pasayishi sababli AESlardagi yillik elektr ishlab chiqarish yo‘qotishlari deyarli har yili atom energetikasi umumiy ishlab chiqarishining 1 foizidan kamini tashkil etgan.
Hatto 2003-yildagi g‘ayritabiiy issiq yozda ham yillik yo‘qotish taxminan 1,5 foizni tashkil etgan.
Biroq, yillik raqamlar muammoning qisqa muddatlarda qanchalik jiddiy tus olishini to‘liq aks ettirmaydi. Masalan, 2003-yil yozida Fransiya AESlari ayrim vaqtlarda quvvatni 6 gigavattdan ko‘proqqa qisqartirishga majbur bo‘lgan.
2026-yil iyun oyi oxiri va iyul o‘rtalaridagi kuchli jazirama davrida esa maksimal mavjud quvvat vaqtincha 8-9 gigavattga cheklangan. Ayrim paytlarda bu Fransiya atom energetikasining yozdagi odatiy quvvatining qariyb beshdan bir qismiga teng bo‘lgan.
Shu bilan birga, 8 gigavatt quvvatning cheklanishi aynan shuncha elektr energiyasi ishlab chiqarilmay qoldi degani emas. Ayrim reaktorlar yozda talabning pasayishi, quyosh energetikasi ishlab chiqarishining ko‘payishi, rejali ishlar yoki elektr tarmog‘idagi cheklovlar sabab baribir to‘liq quvvatda ishlamas edi.
Energetika tarmog‘i operatorlari ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilgi jazirama to‘lqinlari davrida ham Fransiyada yetarli zaxira quvvatlari saqlanib qolgan va mamlakat elektr energiyasining sof eksportchisi bo‘lib qolgan.
Atom elektr stansiyalarida reaktor ishlab chiqaradigan issiqlikning taxminan uchdan bir qismi elektr energiyasiga aylantiriladi. Qolgan katta qismi sovitish tizimi orqali tashqi muhitga – ko‘pincha daryo yoki dengizga chiqariladi.
Daryoda suv kamayganda ortiqcha issiqlik kichikroq hajmdagi suvga tarqaladi. Natijada suv harorati yanada tez ko‘tariladi.
Issiq suvda kislorod miqdori kamayadi. Bu baliqlar va boshqa suv jonzotlariga zarar yetkazishi mumkin. Shu sabab qonunchilikda suv harorati bo‘yicha cheklovlar belgilangan.
Demak, yozda AES reaktori quvvatining pasaytirilishi ko‘p hollarda reaktordagi avariya xavfi bilan emas, balki daryo ekotizimini himoya qilish zarurati bilan bog‘liq.
Elektr ta’minoti bilan bog‘liq keskin vaziyatlarda Fransiya hukumati ushbu ekologik me’yorlardan vaqtincha chetga chiqishga ruxsat berishi mumkin. Bunday holatlarda suv havzalari ustidan kuchaytirilgan nazorat o‘rnatiladi va EDF kompaniyasi qisqa muddatda qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqarishi mumkin.
Sovitish minoralari – gradirnyalar bilan jihozlangan AES daryodan ancha kam suv oladi va unga kamroq issiqlik chiqaradi. Biroq bu stansiyalarni ob-havo sharoitidan butunlay mustaqil qilmaydi.
Masalan, Fransiya janubida Garonna daryosi bo‘yidagi "Golfesh" AESda gradirnyalar mavjud. Shunga qaramay, yozda daryo suvining qattiq qizishi va sathining pasayishi sabab stansiya iqlim o‘zgarishlariga eng zaif ob’yektlardan biri hisoblanadi.
2020-yilda Maas daryosidagi "Sho" AES ham sovitish minoralariga ega bo‘lishiga qaramay, reaktorlar quvvatini pasaytirishga majbur bo‘lgan. Bundan maqsad Belgiyaning ichimlik suvi ta’minotiga xavf tug‘dirmaslik edi.
Fransiya Hisob palatasi ekspertlari 2050-yilga kelib iqlim omillari tufayli reaktorlarni majburan to‘xtatish holatlari hozirgiga nisbatan uch-to‘rt barobar ko‘payishi mumkinligini prognoz qilmoqda.
Hozir bunday to‘xtashlar umumiy ishlab chiqarishda katta ulushni tashkil etmaydi. Shu sabab hatto bir necha barobar o‘sish ham butun atom energetikasi tizimining ishdan chiqishiga olib kelishi kutilmayapti. Biroq ayrim AES uchun muammo jiddiy tus olishi mumkin.
Fransiya qo‘shimcha gradirnyalar qurish, suvni chuqurroq qatlamlardan olish tizimlarini joriy etish va texnik xizmat ko‘rsatish jadvallarini takomillashtirish orqali xavflarni kamaytirishni rejalashtirmoqda. Biroq bunday modernizatsiya katta mablag‘ va qo‘shimcha maydon talab qiladi.
Yangi AESni qurishda ham iqlim o‘zgarishi hisobga olinmoqda. Fransiya birinchi bosqichda rejalashtirgan oltita zamonaviy EPR2 reaktorining to‘rttasini dengiz sohilida – Penli va Gravlinda qurmoqchi. Yana ikki reaktor Rona daryosi bo‘yidagi Byuje hududida barpo etiladi va ularda daryoga issiqlik ta’sirini hamda suv sarfini kamaytirish uchun gradirnyalardan foydalanish ko‘zda tutilgan.
Fransiya AESlarida quvvat pasayishining ta’siri boshqa Yevropa mamlakatlarida ham sezilmoqda.
24-iyun kuni daryolarda suv harorati yuqori bo‘lgani sabab Fransiya AESlarida elektr ishlab chiqarish quvvati taxminan 4,1 gigavattga qisqargan.
Natijada Fransiyaning elektr energiyasi eksporti 3 gigavattgacha tushgan. Holbuki, bundan bir hafta avval mamlakat qo‘shnilariga 10-12 gigavatt elektr energiyasi yetkazib berayotgan edi.
Elektr energiyasiga talabning oshishi, shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqarishning pasayishi va gaz elektr stansiyalaridan ko‘proq foydalanish bilan birga bu holat Fransiya va Germaniyada elektr narxlarining qisqa muddatga 2025-yil yanvaridan beri eng yuqori darajaga ko‘tarilishiga olib kelgan.
Iyuldagi keyingi jazirama to‘lqinlarida AESga qo‘yilgan cheklovlar yanada kengaygan. 13-iyul kuni sakkizta reaktorda jami 6,3 gigavatt quvvat cheklangan, yana ikkita reaktor elektr tarmog‘idan butunlay uzilgan.
Shunga qaramay, Fransiya 10 gigavattdan ortiq elektr energiyasini eksport qilishda davom etgan. Ayrim vaqtlarda esa Ispaniyada quyosh va shamol stansiyalarida ishlab chiqarilgan arzon elektr energiyasini import qilgan.
Hozircha jazirama sabab AES quvvatining pasayishi Fransiya va Yevropa energetika tizimi boshqara oladigan muammo bo‘lib qolmoqda. Ammo kelajakda bu umumevropa miqyosida elektr energiyasi tanqisligiga aylanadimi-yo‘qmi – boshqa davlatlardagi talab, iqlim sharoiti hamda shamol va quyosh energetikasining ishlab chiqarish hajmiga ham bog‘liq bo‘ladi.

