AQŞ va Isroil Eronga yangi zarbalar beriş rejasini tayyorlamoqda — OAV
OAV ma’lumotlariga köra, AQŞ va Isroil Eronga qarşi yangi harbiy operatsiyani körib çiqmoqda. Ayni paytda diplomatik muzokaralar ham davom etmoqda.

AQŞ va Isroil Eronga qarshi yangi zarbalar rejasini tayyorlamoqda — OAV
AQŞ va Isroil diplomatik sa’y-harakatlar samara bermasa, Eronga qarshi navbatdagi harbiy operatsiya rejasini ishlab chiqmoqda. Bu haqda Axios nashri Amerika va Isroil rasmiylariga tayanib xabar berdi. Portal ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar kelishuvga erisha olmasa, ehtimoliy harbiy kampaniya AQŞ Kongressiga oraliq saylovlardan keyin boshlanishi mumkin.
Axios manbalarining aytishicha, ittifoqchilar bir haftalik operatsiya o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Uning doirasida Eronning yadroviy obyektlari, energetika infratuzilmasi va mamlakat oliy rahbariyati vakillariga zarbalar berilishi mumkin. Harakatlarni muvofiqlashtirish maqsadida AQŞ Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) qo‘mondoni, admiral Bred Kuper Isroil mudofaa armiyasi Bosh shtabi boshlig‘i Eyal Zamir bilan uchrashdi.
Ayni paytda mintaqaviy vositachilar, jumladan, Qatar mojaroning yanada keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik yo‘llarini izlashda davom etmoqda. Axios ma’lumotiga ko‘ra, ular Tehronni sanksiyalarni qisman yumshatish evaziga Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) inspektorlarining yadroviy obyektlarga kirishiga ruxsat berishga ko‘ndirishga urinmoqda.
Shu jarayon fonida Vashington Eron bilan muzokaralarni qayta tiklash uchun diplomatik qadamlar tashlamoqda. The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, AQŞ vitse-prezidenti Jey Di Vens prezident Donald Tramp ko‘rsatmasiga binoan Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashi kotibi Muhsin Rizoiyga maktub yuborgan.
Gazeta manbalarining ta’kidlashicha, Vens tomonlar o‘rtasida muzokaralarni davom ettirish va Trampni yaqin haftalarda harbiy harakatlarni qayta boshlashdan voz kechishga ishontirish uchun yetarlicha umumiy nuqtalar mavjudligini aniqlashga harakat qilmoqda.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, maktubda tinchlikka erishish bo‘yicha aniq takliflar bayon etilmagan.
WSJ shuningdek, Vens omma oldida Eronga qarshi harbiy harakatlarni qo‘llab-quvvatlayotganiga qaramay, xususiy suhbatlarda operatsiyani davom ettirish zarurati yuzasidan shubhalar bildirganini qayd etadi.
Avvalroq Tramp AQŞ Kongressiga oraliq saylovlardan keyin Eronga yangi zarbalar berilishi mumkinligini istisno qilmagan edi. Shu tariqa, harbiy ssenariy tayyorlanayotgani haqidagi OAV xabarlari fonida diplomatik aloqalar ham davom etmoqda.
Iyun oyining o‘rtalarida AQŞ va Eron tinchlik jarayoni uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lishi kerak bo‘lgan memorandumni imzolagan edi.
Biroq keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, uch hafta o‘tgach, zarbalar qayta boshlangan. Keyingi mojaroni hal qilishga qaratilgan urinishlar esa hozirgacha kelishuvga olib kelmagan.

