AQSh va Izrail Eronga beriladigan zarbalarni qayta boshlashni rejalashtirmoqda
AQSh va Izrail Eronga yangi zarbalar berishni tayyorlamoqda. Operatsiya 3 noyabr kuni boʻlib oʻtadigan Amerika kongressiga saylovlardan soʻng boshlanishi mumkin. Ehtimoliy nishonlar orasida yadroviy obʼyektlar, energetika infratuzilmasi hamda raketa va dronlar arsenallari bor.

AQSh va Izrail Eronga zarba berishni qayta boshlashni tayyorlamoqda
AQSh va Izrail Eronga yangi zarbalar berish rejasini ishlab chiqmoqda, ular 3 noyabrda boʻlib oʻtadigan AQSh Kongressiga oraliq saylovlardan soʻng boshlanishi mumkin, deb xabar beradi The Times of Israel nashri New York Times’ga tayanib.
NYT maʼlumotlariga koʻra, gap qisqa muddatli, ammo juda shiddatli operatsiya haqida bormoqda. Tayyorgarlik doirasida AQSh va Izrail harbiylari mashgʻulotlarni kuchaytirgan.
Ehtimoliy nishonlar qatorida Eronning energetika infratuzilmasi, yadroviy obʼyektlari, shuningdek, raketalar va dronlar arsenallari tilga olinmoqda. NYT suhbatdoshlarining taʼkidlashicha, zarbalarning yangi toʻlqini Eron iqtisodiyotiga juda ogʻir zarar yetkazishi va Tehronni yon berishga majbur qilishi mumkin.
NYT manbalarining taʼkidlashicha, AQSh Eronning neft infratuzilmasiga zarba bermasligi ehtimoli yuqori, chunki AQSh prezidenti Donald Tramp yonilgʻi narxining yanada oshishiga yoʻl qoʻymaslikka harakat qilmoqda. Shu bilan birga, suhbatdoshlarning soʻzlariga koʻra, nishonlardan biri «Pikaks» yer osti yadroviy obʼyekti boʻlishi mumkin.
NYT Trampning Eronga qarshi harbiy harakatlardan voz kechishi mumkinligini istisno etmaydi, chunki u ilgari bir necha bor zarbalarni qayta boshlash haqidagi qarorlarni bekor qilgan.
Havo hujumlarini qayta boshlash tahdidi Eron bilan uning yadroviy dasturi boʻyicha, shuningdek, Hurmuz boʻgʻizini nazorat qilish masalasidagi muzokaralarda bosim oʻtkazish quroli sifatida ishlatilmoqda, deb yozadi NYT.
Eron, oʻz navbatida, zarbalarga javoban nishonlar roʻyxatini kengaytirish bilan tahdid qildi. Kemalar va energetika infratuzilmasidan tashqari, maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari va suv osti internet kabellari ham hujumga uchrashi mumkin.

