AQSH va Isroil Eronga yangi zarbalar berishga tayyorlanmoqda
Prezident Tramp Eronga qarshi “Barcha bombalarning onasi”ni ishlatishni oʻylayapti. New York Times'ning yozishicha, AQSH va Isroil samolyotlari Iroq osmonida zarba berish mashqlarini boshlagan. Eron esa hamon murosasiz: ular javob zarbalarini Yaqin Sharqdagi data-markazlar va suv osti internet kabellarigacha kengaytirmoqchi.

AQSH va Isroil Eronga yangi zarbalar berishga hozirlik ko‘rmoqda
AQSH va Isroilning Eron bilan qariyb sakkiz oylik mojarosi yangi bosqichga o‘tishi mumkin. Ikki davlat harbiylari Amerikadagi oraliq saylovlardan keyin Eronga yana zarba berish bo‘yicha aniq rejalar tuzgan.
Operatsiya qisqa, ammo shiddatli bo‘lishi kutilmoqda. Ayrim harbiy reja tuzuvchilar uch kunlik kampaniya Eron iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazib, Tehronni yon berishga majbur qilishiga ishonadi. Nashrga ko‘ra, tayyorgarlik doirasida AQSH va Isroil samolyotlari Iroq osmonida zarba berish manevrlarini mashq qilmoqda. AQSH mudofaa vaziri Pit Hegset esa shu hafta Isroilda bosh vazir Binyamin Netanyahu bilan uchrashib, yangi zarbalarni muhokama qilgandi.
Nishonlar orasida Eronning energetika infratuzilmasi, yadroviy obyektlari hamda raketa va dron arsenali bo‘lishi mumkin. Biroq ayrim rasmiylarning aytishicha, neftni qayta ishlash zavodlari va neft infratuzilmasi chetlab o‘tiladi. Chunki AQSH prezidenti Donald Tramp benzin narxi yanada oshishini istamaydi.
Rejalarda Eronning yadro dasturi ham bor. Xususan, “Kirka tog‘i” (Pickaxe Mountain) deb ataladigan, yer ostiga chuqur joylashtirilgan obyektga hujum qilinishi mumkin. Tramp o‘tgan hafta unga qarshi “Barcha bombalarning onasi” laqabli, qariyb 10 tonnalik MOAB bombasini qo‘llashni o‘ylayotganini aytdi. Biroq mutaxassislarning aytishicha, MOAB yer ustida portlaydi. Shu sababli u granit tog‘ ostidagi obyektni yo‘q qila olishi dargumon.
Zarba qachon berilishi, umuman berilish-berilmasligi esa Trampning qaroriga bog‘liq. U shu yil yirik janglarga qaytish rejalarini bir necha bor rad etgan. Oktabr boshida ham ikki davlat harbiy-havo kuchlari eng yuqori shaylik holatida turgandi. Ammo Tramp so‘nggi daqiqada hujumni kechiktirdi. Bir qo‘mondonning aytishicha, bunday qarorlar harbiy reja tuzuvchilar orasida “har kungi keskin silkinish”ga sabab bo‘lmoqda.
Rasmiylar Tramp oktabrning o‘zida hujum boshlashi ehtimolini kichik deb hisoblaydi. Buning sabablaridan biri prezidentning noyabrdagi saylovlargacha zarba bermaslik haqida bergan va’dasi. Qolaversa, AQSH harbiy kuchlari, jumladan, uchta avianosets, minglab dengiz piyodalari va maxsus operatsiyalar kuchlari noyabr boshidagina to‘liq joylashib bo‘ladi.

