Apple sentabr oyida iPhone 18 taqdimotini oʻtkazadi
Apple 9-sentabr kuni boʻlib oʻtadigan “Surprise and Shine” taqdimotiga taklifnomalarni yuborishni boshladi. Tadbir Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadi hamda kompaniya sayti va YouTube’da jonli efirda uzatiladi.

Apple sentabr oyida iPhone 18 seriyasining taqdimot marosimini oʻtkazishga tayyorlanmoqda.
Ushbu tadbirda iPhone 18 Pro, iPhone 18 Pro Max va iPhone Ultra nomli buklama smartfonning namoyish etilishi kutilmoqda. Tarqalgan mish-mishlarga koʻra, bu yil bazaviy iPhone 18 modeli chiqarilmaydi; kompaniya arzonroq modellarni bahorga qoldirgan.
Barcha yangi iPhone qurilmalari yuqori unumdorlik va energiya samaradorligiga ega Apple A20 Pro chipida ishlaydi. Pro versiyalari oʻzgaruvchan diafragmali yangilangan kameraga ega boʻladi, ammo boshqa xususiyatlari avvalgi avlodga yaqin boʻlib qoladi. Shu bilan birga, xotira yetishmovchiligi tufayli smartfonlar narxining oshishi taxmin qilinmoqda.
Buklama iPhone kompaniyaning ushbu form-faktordagi birinchi qurilmasi boʻladi. Uning tashqi ekranining diagonali taxminan 5,5 dyuym, ichki ekrani esa 7,6 dyuymni tashkil etadi. Baʼzi murosalar qilishga toʻgʻri kelgan: Face ID oʻrniga Touch ID paydo boʻladi, kamera esa teleobyektivdan mahrum qilinadi.
Shuningdek, Apple Watch Series 12 va Apple Watch Ultra 4 ham taqdim etilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, aqlli uy uchun yangi Apple TV 4K va yangilangan HomePod mini kabi yangiliklar ham boʻlishi mumkin. Apparat taqdimotlari bilan bir qatorda, kompaniya iOS 27, iPadOS 27 va macOS Golden Gate operatsion tizimlarining chiqish sanasini ham eʼlon qiladi.

